Ota-onasidan erta yetim qolgan Kamoliddin Behzodni Mirak Naqqosh nomi bilan mashhur Amir Ruhullo Mirak Xeraviy tarbiya qilgan. U mashhur xattot, naqqosh va miniatyura sanʼati ustasi boʻlib, oʻzi rassom Mavlono Valiulloh qoʻlida tahsil olgan.

Mirakning asarlari kam saqlanib qolgan. Ehtimol Rossiya milliy kutubxonasidagi ikki jang qilayotgan ajdar tasviri yoki ommaviy uslubda chizilgan xomaki qalamtasvir namunalar unga tegishli boʻlishi mumkin. Uning yana boshqa bir necha asarlari Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Bu dastxat qoʻyilgan ikki sahifali “Qoʻlyozma Samarqand hukmdori Sulton Ali Barlosga tortiq qilingan” frontispisi boʻlib, uning 2 ta varagʻida “Mirak Xurosoniy ishi” degan yozuv bor. 

 Mavlono Valiullohni Behzod yana bir bilvosita ustozi sifatida tilga oladi. Behzod u bilan bir muddat Sulton Husaynning saroy kitobxonasida ishlagan.