Buning uchun xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab chiqilgan “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasini tez fursatda qabul qilish lozimligi taʼkidlandi.

Kurs tebranishi boʻyicha xatarlarni kamaytirish uchun mahalliy kompaniyalarga ichki bozorda ham xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat beriladi.

Kelgusi yili korxonalarimiz ilk bor xalqaro bozorlarda ham aksiyalarini joylashtirishi mumkin boʻladi.

Umuman, kapital bozorni rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qoʻshimcha 1 milliard dollar jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirishga erishildi. Lekin bu hali dastlabki qadamlar ekani taʼkidlandi.

Bu boradagi ishlarni kuchaytirish uchun 2026-yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal toʻlovlar, yoqilgʻi, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va koʻchmas mulk savdolari naqdsiz toʻlov shakliga oʻtkaziladi.

Soliq, bojxona, sanepidemnazorat, standart, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yongʻin xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvlarda yonkameradan foydalanish majburiy boʻladi.

“Soya”dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi boʻlgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish boʻyicha bepul oʻqitiladi.

«Ayrim yurtdoshlarimizda topgan daromadini iqtisodiyotga yoʻnaltirish, bank depozitiga joylashtirish, aktivlarini oʻz nomiga rasmiylashtirish bilan bogʻliq xavotirlar bor.
Shu bois, deputatlarimiz va Markaziy bank xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda, fuqarolarimiz yurtimizda yoki chet elda shu paytgacha olgan daromad va aktivlaridan emin-erkin foydalanishiga sharoit yaratish boʻyicha takliflar tayyorlasa, oʻylaymanki, toʻgʻri boʻladi», – dedi Prezidentimiz.