Xalqaro tajriba, mamlakatimizning hamda xorijning etuk olim va mutaxassislarining tavsiyalarini inobatga olib, shuningdek, mamlakatimizda koronavirus infektsiyasidan zararlanish zanjirini uzish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan mamlakatda joriy etilgan karantin cheklovlari joriy yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi.

Shuningdek, quyidagi faoliyat turlarini to'xtatish bo'yicha cheklov joriy yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi:

parklar va istirohat bog'laridagi attraktsionlar; 

buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug'ullanuvchi yirik do'konlar; 

sport zallari, fitnes klub, trenajer, basseynlar;

umumiy ovqatlanish ob'ektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona);

maktabgacha ta'lim tashkilotlari, o'quv kurslari va har qanday to'garaklar; 

sanatoriylar (koronovirus infektsiyasidan davolangan va reabilitatsiya o'tayotgan bemorlarga tibbiy yordam tashkil etiladigan sanatoriylardan tashqari), pansionatlar, bolalar oromgohlari, xostellar, mehmon uylari, plyajlar va boshqa dam olish maskanlari;

sartaroshxona va go'zallik salonlari;

Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalari, shu jumladan, yo'nalishsiz taksilarning kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno).

Shuningdek, joriy yil 31-iyul (juma), 1-2-avgust hamda 8-9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo'nalishsiz taksilarning harakati to'liq to'xtatiladi.