2023-yil 1-yanvarga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasi koʻp tarmoqli klinika sifatida transformatsiya qilinadi va zarur boʻlgan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

2023-yil 1-yanvarga qadar Markazda yurak-qon tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari tashkil qilinadi.

2022-yil 1-fevralga qadar Markazning yurak qon-tomir kasalliklari ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlash uchun xalqaro moliya tashkilotlari hamda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 5 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

Preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika va boshqa yoʻnalishlarda yangi ilmiy tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi hamda Markazda 15 dan ziyod yuqori texnologik amaliyotlar yoʻlga qoʻyiladi.

2022-yil 1-fevralga qadar Markazning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mavjud shtatlar doirasida hududiy filiallar bilan ishlash boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.

2022-yil yakuniga qadar, keyinchalik esa har yili Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning nufuzli tibbiyot muassasalarida 30 nafardan kardiolog mutaxassislarning malaka oshirishi tashkil etiladi.

2023-yil yakuniga qadar Markazning barcha hududiy filiallarida telemeditsina va telemetriya markazlari tashkil qilinadi.