Qarorga koʻra, 2021-yil 10-yanvardan karshering tashkilotlari notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazmasdan yoʻlovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini 30 kungacha muddatga qisqa muddatli ijaraga berish huquqiga ega boʻladi.
Karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari maxsus taniqlik belgiga ega boʻlishi shart.
Avtomototransportlarni qisqa muddatli ijaraga berish boʻyicha faoliyat Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga kiritiladi.
Shuningdek, avtomototransport vositalarini karshering tashkilotlaridan ijaraga olgan shaxslar tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida mazkur tashkilotlarga “Maʼmuriy amaliyot” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, butun mamlakat boʻylab oʻrnatilgan mototransport va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yoʻl belgilari tanqidiy tahlil qilinib, tegishli harakat yoʻnalishlarida ularni olib tashlash choralari koʻriladi.
Transport vazirligi mamlakatda velosiped transporti, veloinfratuzilma, veloshering (baykshering) faoliyatini (ijaraga berish) rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, karshering jismoniy shaxslarga, shu jumladan chet el fuqarolariga avtomotransport vositalarini ijaraga va prokatga berish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish faoliyati hisoblanadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.