Globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar ham keng ommalashmoqda.

Imkoniyat va sharoit yaratib berilgani tufayli bugungi kunda 6 millionga yaqin aholi oʻzini oʻzi band qilib, roʻzgʻor tebratmoqda.

Masalan, hozirgi vaqtda odamlarimiz dasturchi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi oʻnlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda. Koʻplab fuqarolarimiz, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni oʻrgandi. Mahallalarni “drayver” sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 million oila oʻz xonadonida ishlab, daromad olmoqda.

Bugun ushbu yoʻnalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda.

Endi kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yoʻlga qoʻyish taklif qilindi.

Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan birgalikda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash, ularning hayoti, xavfsizligini sugʻurtalash boʻyicha asoslangan takliflarni Hukumatga kiritish topshirildi.