Musobaqa ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi o'rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig'i Azamat Avazov, Kasbi tumani hokimi To'xtamurod Meyliev, O'zbekiston bel olish va uch kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Nosir Azizov va boshqalar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar haqida gapirib, ishtirokchilarga omad tiladi.
Turizm va sport vazirligi hamda O'zbekiston Bel olish va Uch kurash assotsiatsiyasining yillik-taqvim rejasidagi mamlakat chempionatida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 400 dan ortiq yosh polvonlar g'oliblik uchun kurash tushmoqda.
Chempionatning birinchi kunida yosh polvonlar bel olishning chalish, halqa – chalish, halqa – chalishsiz hamda uch kurashning yaktakli yo'nalishlarida kuch sinashdi.
Mazkur bellashuvlarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Sirdaryo, Qashqadaryo, Farg'ona viloyatlari sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. G'olib va sovrindorlar diplom, medal` va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Ta'kidlash joiz, 6 avgustdan uch kurashning yaktaksiz va yaktaksiz – halqa yo'nalishiga start beriladi. Bellashuvlar 9 avgustga qadar davom etadi.