Turkiyaning sayyohlik poytaxti, deb eʼtirof etiluvchi Antaliya shahri “Katta dubulgʻa” musobaqasiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda. Birinchi turnir 2021-yil oʻtkazilgan.

Xalqaro dyudo federatsiyasi (IJF) taqvim rejasidan joy olgan nufuzli musobaqada dunyoning oltmishdan ortiq mamlakatidan kelgan eng kuchli sportchilar gʻoliblik uchun kurashmoqda.

Harbiylar oʻrtasida jahon chempioni Dilshodbek Baratov (60 kg.) terma jamoamizga dastlabki medalni tuhfa etdi.

Bronza medali uchun gruziyalik Jaba Papinashviliga qarshi tatamiga chiqqan Dilshodbek chiroyli kurashi va irodasi bilan nomdor raqibini magʻlub etdi. Shu tariqa Dilshodbek Baratov faoliyatida ilk bor IJF tasnifidagi musobaqa shohsupaga koʻtarildi. Bundan tashqari dzyudochimiz 500 reyting ochkosiga ega boʻldi.

Diyora Keldiyorova -52 kilogramm vazn toifasida kumush medal sohibasiga aylandi. Finalgacha boʻlgan yoʻlni muvaffaqiyatli bosib oʻtgan samarqandlik vakilamiz hal qiluvchi bellashuvda vengriyalik Reka Puppga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Ushbu muvaffaqiyat sportchimizga jahon reytingi uchun 700 ochko taqdim qiladi.

Yana bir vakilimiz Sardor Nurillayev (-66 kg) ham bronza medali uchun bahsda gʻalaba qozondi. Moʻgʻulistonlik tajribali Basxu Yondonperenleiga qarshi tatamiga chiqqan Sardor ogʻritish usuli bilan raqibini muddatidan avval magʻlubiyatga uchratdi. Shu tariqa u oʻz hisobiga 500 reyting ochkosini qoʻshib qoʻyish barobarida delegatsiyamiz hisobiga musobaqadagi uchinchi medalni taqdim qildi.

“Katta dubulgʻa” musobaqasi 3-aprel kuni yakunlanadi.