Katta miqdorda qarzdorlikni toʻlamasdan kelgan — “Oʻzbektelekom“ Humans ishi boʻyicha munosabat bildirdi

    Unda aytilishicha,“Humans” MCHJ virtual operatori “Oʻzbektelekom” AK mobil tarmogʻidan foydalanib, daromad topsada, uni xarajatlarini toʻlashni ortga surib kelmoqda.

    Qayd etilishicha, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda, oʻz tarmogʻini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. Shuning uchun u mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatishga 2020-yildan buyon shartnoma asosida “Oʻzbektelekom” AK mobil tarmogʻidan foydalanib kelgan.

    “Oʻzbektelekom” Humans operatoriga nisbatan “bozordagi ustun (monopol) mavqesidan foydalanib bosim oʻtkazayotgani” toʻgʻrisidagi axborotlar noxolis ekanligini qayd etib oʻtdi.

    Aslida Humans oʻz infrastrukturasiga ega “Oʻzbektelekom” AKdan tashqari Ucell, Beeline, Mobiuz kabi boshqa mobil operatorlari bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini koʻrsatishi mumkin, qonunchilikda faqat “Oʻzbektelekom” AK bilan mobil infrastrukturadan foydalanish kerak, deb hech joyda belgilanmagan, — deyiladi munosabatda.

    Xizmatlarga “monopol yuqori narx” haqidagi davoga nisbatan esa “Oʻzbektelekom” Oʻzbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish boʻyicha muhim ishlarni amalga oshirib kelayotganini bildirdi. Xalqaro internet kanallarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017—2024-yillarda 40 barobarga arzonlashtirilgan.

    Maʼlum qilinishicha, Humans virtual operatori “Oʻzbektelekom” mobil tarmogʻidan foydalanib, daromad topsa-da, uni xarajatlarini toʻlashni ortga surib kelmoqda.

    Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, yaʼni koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha katta miqdorda qarzdorlikni toʻlamasdan kelgan. “Oʻzbektelekom” faqat isteʼmolchilar huquqi buzilmasin, ular Humans boʻladimi, boshqa operatormi, istemolchi toʻlagan puliga yarasha xizmat olsin, deb oʻz xizmatini davom ettirgan, — deyiladi munosabatida.

    Taʼkidlanishicha, shu munosabat bilan “Oʻzbektelekom” AK mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga daʼvo arizasi kiritishga majbur boʻlgan. “Oʻzbektelekom” AK tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yuzasidan 8-may kuni Humans kompaniyasiga nisbatan Toshkent shahar iqtisodiy sudi qarori chiqarilgan.

    Kompaniya agar kelgusida jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalgʻituvchi, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilsa, oʻz ishbilarmonlik obroʻsini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishi haqida ogohlantirdi.

    “Oʻzbektelekom” ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan, Humans kompaniyasi bilan, ular oʻz majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga ochiq, — deya yakunlangan “Oʻzbektelekom” munosabati.

    Eslatib oʻtamiz avvalroq, Markaziy bank “Humans” Oʻzbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga daʼvo kiritgani yuzasidan munosabat bildirgandi.