Har qanday jamiyatning yoshi ulugʻ odamlarga boʻlgan eʼtibori va gʻamxoʻrligi uning madaniy darajasini belgilaydi, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Soddagina, oʻzbekona qilib aytganda, keksalarga hurmat-ehtirom, mehr-oqibat koʻrsatish maʼnaviy hayotimizning tom maʼnoda ajralmas qismiga aylangan. Shu munosabat bilan Bojxona institutida “Keksalar eʼzozi — asriy qadriyat” mavzusida maʼnaviy maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston bojxona xizmati Faxriylar Uyushmasi Raisi Dehqonboy Kudriddinov, Oʻzbekiston bojxona xizmati Faxriylar Uyushmasi aʼzosi isteʼfodagi bojxona xizmati general mayori Saidazim Aripov ishtirok etdilar.
Bojxona xizmatining turli yoʻnalishlarida, shuningdek, rahbar lavozimlarda sidqidildan xizmat qilgan D.Kudriddinov soʻzga chiqib, sohaning rivojlanish bosqichlariga alohida toʻxtalib oʻtdi. Bosib oʻtilgan mashaqqatli mehnat yoʻli, xodimlarning ogʻir sharoitlarda olib borgan ish faoliyati, bugungi kunda sohani yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar, yaratilayotgan sharoitlar, yangi qurilayotgan xizmat uylari, vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilaman degan yoshlar uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini tushuntirib, ushbu imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish, yoshlarning kasbga mehr qoʻyishi, zimmasiga yuklangan vazifalarni vijdonan bajarishi, xalqqa halol xizmat qilishi, oʻz ustida ishlab yuqori pogʻonalarga koʻtarilishi boʻyicha tegishli tavsiyalarini berdi.
Oʻzbekiston bojxona xizmati Faxriylar Uyushmasi aʼzosi isteʼfodagi bojxona xizmati general mayori Saidazim Aripov ham soʻzga chiqib, bojxona ishning tarixi haqida maʼlumot berdilar.
Tadbirda Bojxona institutida 2020/2021 oʻquv yilidagi namunali natijalari uchun Ziyovuddin Obakirov, Muxlisa Tursunova, Amirbek Joʻrayev, Sobitxon Usmonov, Pokiza Qurbonova, Oʻgʻilbegi Otaqulova Oʻzbekiston bojxona xizmati Faxriylari uyushmasi boshqaruvining “Namunali bojxona kursanti” koʻkrak nishoni hamda koʻchma vimpeli bilan taqdirlandi.
Aziza SHAROFIDDINOVA,
Toshkent shahar Shayxontoxur tumanidagi 40-maktab oʻquvchisi