Olmalik shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarga hafta davomida 8 ta davlat xizmatlari sayyor tartibda koʻrsatildi. Keksalarimiz issiq va sovuq suv hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazish, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kadastr hujjatini shakllantirish kabi davlat xizmatlaridan sayyor tarzda foydalandi.

— Yoshim 84 da, koʻp yillar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida xizmat qildim, — deydi “Doʻstlik” MFYda yashovchi Tamara Protsik. — Avvallari davlat idoralariga ish bilan borib, muammolarni hal etishda hujjatlarni qoʻltigʻlab, ancha-muncha idora eshiklarini ochib yopishimizga toʻgʻri kelardi. Qayerdadir ishimiz oson bitsa, yana qayerdadir erta kel, indin kel bilan vaqtimiz oʻtardi. Soʻraladigan hujjatlarning koʻpligidan yugur-yugurlar sillamizni quritardi. Bugun esa bularning aksi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan gʻoyaning ilgari surilishi fuqarolarni ortiqcha sansolarlikdan xalos qilib, ularni qiynayotgan muammolariga chek qoʻydi. Joylarda Davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi barcha mammolarimizni oson va tez bartaraf etishga yordam bermoqda. Soha xodimlarining yashash joyimizga kelib beminnat xizmat koʻrsatayotgani quvonarli. Ilgari hech ham bunday boʻlmagan. Bularning bari fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Biz kabi keksalar doimo eʼtiborda ekanligimizdan mamnunman.

Maʼlumot oʻrnida: Toshkent viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan oʻtgan hafta davomida 50 dan ortiq keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga sayyor tartibda davlat xizmati koʻrsatildi.

Erkin DORIPOV,

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati rahbari