Tadbirda tuman hokimi oʻrinbosarlari, respublika maʼnaviyat va maʼrifat Qoraqalpogʻiston boʻlimi mutasaddilari, tumandagi faxriy nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida 21-sonli umumtaʼlim maktabida “Bobomning aytishicha” insholar tanlovi oʻtkazildi. Shuningdek, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda 65 yoshdan oshgan keksa avlod vakillarining xonadonlariga borib, ularning holidan xabar oldi. Tajribali, malakali shifokorlar otaxonu onaxonlarga tashxisga asosan oʻz maslahat va tavsiyalarini berdi.
Tumandagi “Sarabiy” ovul fuqarolar yigʻinida oʻtkazilgan maʼdaniy tadbir hududdagi yoshi ulugʻ nuroniylarga xush kayfiyat bagʻishladi. Madaniyat boʻlimining “Jayxun” shamollari ansambli jamoasining kuy- qoʻshiqlari yigʻilganlarga manzur boʻldi.
Xuddi shunday tadbir Moʻynoq tumanida ham tashkil etildi. “Keksalar haftaligi” tadbiri doirasida markazdan olisda joylashgan “Uchsoy” ovul fuqarolar yigʻinidagi keksa otaxonlardan xabar olindi. Shifokorlar koʻrigidan oʻtkazilgan nuroniylarga bayram sovgʻalari topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida 2-sonli umumtaʼlim maktabida “Moʻynoq” va “Orol” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi keksalar uchun konsert dasturi namoyish etildi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri