“Kelajak” markazlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari belgilandi

    Vazirlar Mahkamasining “Kelajak” markazlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.

    Unga koʻra:

    • Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida tashkil etilgan “Kelajak” markazlari toʻgʻrisidagi nizom;
    • “Kelajak” markazlarida oʻqiganlik uchun ota-onalar badali toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
    • “Kelajak” markazlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom;
    • “Kelajak” markazlarining boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlari va mehnatga haq toʻlash shartlari tasdiqlandi.

    Qarorga asosan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

    • “Kelajak” markazlarida oʻqiganlik uchun ota-onalar badali toʻlovi oyiga bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan:
    • Toshkent shahrida — 30 foiz;
    • viloyatlar markazlarida — 25 foiz;
    • respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus va Xorazm viloyatining Urganch shaharlarida — 15 foiz;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tuman (shahar)larida — 10 foiz;

    2026-yil 1-sentabrdan boshlab:

    • Toshkent shahrida — 60 foiz;
    • viloyatlar markazlarida — 50 foiz;
    • respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus va Xorazm viloyatining Urganch shaharlarida — 30 foiz;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tuman (shahar)larida — 20 foiz etib belgilandi.

    Shuningdek, qaror bilan Respublika “Kelajak” markazi huzurida Bolalar sayyohlik bazasi tashkil etiladi.

    Kelajak» markazlari toʻgʻrisidagi nizomga koʻra:

    Markaz 6-18 yoshdagi bolalarga qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini koʻrsatadi hamda hududning oʻziga xos xususiyati, oʻquvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlarini inobatgan olga holda turli yoʻnalishlarda toʻgaraklar tashkil etadi.

    Toʻgarak mashgʻulotlari oʻquv yilining 15-sentabridan boshlanib, 25-mayida yakunlanadi.