Yoshlar repetitorga qatnayapti. Maktabda nimani o'qitishgan?

    Ta'lim 25 Sentabr 2023 1625

    “Farzandim 10 yil maktabda chet tili o'qidi. Nega biz yana pul sarflab, repititorga qatnashimiz kerak?” Bu – ota-onalar qo'yadigan haqli bir savol. 

    Bugun chet tili o'qituvchilari mamlakatimizdagi umumiy o'rta maktablarda eng ko'p etishmayotgan mutaxassislardan biridir.

    Hozir O'zbekistonning istalgan shahri yoki tumani markaziga borib qarasangiz, o'nlab, ba'zan yuzlab yoshlar to'planib allanimalarni qizg'in muhokama qilayotganiga ko'zingiz tushadi. Ko'pincha ular chet tilida gaplashayotgan bo'ladi. Bu – so'nggi yillarda butun mamlakat bo'ylab keng yoyilgan tendentsiya, ya'ni yoshlar o'rtasida ommalashgan xorijiy tillar va IT-sohasini o'rganish harakati natijasidir.

    Avval biz bilgan do'konlar, fast-fud oshxonalari o'rnini turli-tuman o'quv markazlari egalladi. Albatta, jarayonning bunday keng ko'lamga chiqishi o'z-o'zidan bo'lmaydi va unga muhim omillar turtki berdi:

    - davlat yoshlarning xorijiy til o'rganish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi orqali moliyaviy motivatsiya bermoqda;

    - IELTS yoki CEFR sertifikatiga ega bo'lganlar oliy ta'limga qabulda katta ustunlikka ega bo'ladi;

    - xuddi shunday “qog'oz”ni qo'lga kiritgan maktab o'qituvchilarining oyligi Prezident aytganidek ming dollargacha etmoqda. Davlat tashkilotlaridagi til biladigan xodimlar maoshiga ustama qo'shib berilishini ham aytish kerak.

    Yaxshi chet tili o'qituvchisi, sifatli o'quv materiallari etishmasligi sharoitida davlat aynan shu yo'lni tanladi. YA'ni o'quv kurslari faoliyatini rag'batlantirish, onlayn usullarni ommalashtirish kabi echimlar samara berishni boshladi.

    Biz bu erda faqat hukumat tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan qo'llab-quvvatlash choralarini tilga oldik. Xorijiy tilni mukammal bilgan mutaxassisning internet orqali katta daromad olishi mumkinligi, xizmat pog'onalari bo'ylab ko'tarilish, keng dunyoqarash va bilimlar sari imkoniyatlarning ochilishi singari boshqa “plyus”larni sanamadik.

    O'zbekistonda bunday mexanizm Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi 209-son qaroriga muvofiq “Xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish” bo'yicha davlat xizmati shaklida ishga tushirilgan.

    Hammasi oddiy: siz bor bilimingizni sarflaysiz, mehnat qilasiz va IELTS (yoki unga teng CEFR) tizimi bo'yicha kamida 6,5 ballni qo'lga kiritasiz. Davlat imtihon uchun sarflagan xarajatingizni qoplab beradi. (British Councilning ayni paytdagi tariflari bo'yicha 2 mln so'm atrofida). Qo'shimchasiga, agar abiturient bo'lsangiz, ana shu sertifikat sizga OTM imtihonlarida katta ustunlik ham beradi.

    Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunga qadar (2023 yil 15 sentyabr holatiga) 19 220 nafar yoshlarga 33,3 mlrd. so'm miqdoridagi mablag' kompensatsiya qilib berildi. (2023 yilning o'zida 14,7 mlrd. so'm).

    Statistikaga ko'ra, 15 tadan ortiq xorijiy tillar bo'yicha “Youtube” platformasiga joylashtirilgan videodarslarning ko'rilishlar soni 14 mlndan oshib ketdi. “Ibrat academy” mobil ilovasi orqali 220 mingdan ortiq yoshlar ro'yxatdan o'tgan.