Kechagi kun poytaxtimizdagi 21-Mehribonlik uyi jamoasi, yaʼni tarbiyachilarning ham, tarbiyalanuvchilarning ham xotirasida quvonchli kun sifatida bir umrga muhrlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu muassasaga tashrif buyurib, mavjud sharoitlarni koʼzdan kechirdi. Tarbiyalanuvchilar bilan dildan suhbat qurib, kelajakka qadam qoʼyish arafasida turgan yoshlar ruhini koʼtardi.
Аyni paytda mamlakatimizda 16 ta Mehribonlik uyi, 4 ta Bolalar shaharchasi mavjud. Shundan 4 ta Mehribonlik uyi Toshkent shahrida joylashgan.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyida 3 yoshdan 18 yoshgacha boʼlgan 122 oʼgʼil-qiz taʼlimtarbiya olmoqda. Ularning bilim olishi va mustaqil hayotda oʼz oʼrnini topishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Taʼlim jarayoniga umumtaʼlim fanlari oʼqituvchilaridan tashqari qoʼshimcha tarzda psixolog, logoped, defektolog hamda toʼgarak mashgʼulotlari olib boruvchi mutaxassislar jalb etilgan.
Yoshlarning orzusi ushaldi
Mehribonlik uyi hovlisida bizni qarshi olgan yigitning ismi Isfandiyor ekan. Uning koʼzlarida quvonch porlab, ovozida mamnunlik yangrardi.
— Bugun hayotimdagi eng quvonchli kun, — deydi u. — Chunki Prezidentimiz koʼmagi bilan muddatidan avval Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi boʼldim. Juda hayajondaman, harakatlarim, intilishlarim bejiz ketmaganidan xursandman.
2003 yil Jizzax shahrida tugʼilganman. Ota-onam oʼzaro kelisholmay ajrashdi. Otam Koreyaga, onam Dubayga ketdi. Opam va singlim bilan koʼchada qoldik. Qarindoshlarimiz bizni Mehribonlik uyiga topshirdi. Bu yerga kelganimga 7 yil boʼldi. Oʼzimni oʼz uyimdagidek his qilaman. Hozir 11-sinfni bitirdim. Bolaligimdan rejissyorlikka qiziqaman. Mehribonlik uyida oʼtkaziladigan har bir tadbirda ishtirok etib kelaman. Shu ishtiyoq tufayli hujjatlarimni Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga topshirdim. Imtihon yaqin. Yaxshi oʼqidim, institutga kirish uchun puxta tayyorgarlik koʼrdim. Biroq oʼsha kunni oʼylasam, qattiq hayajonga tushaman. “Kira olmasam nima boʼladi?” degan qoʼrquv tinchlik bermayotgan edi. Chunki men, albatta, oʼqishim, kelajagimni oʼz qoʼlim bilan bunyod qilishim shart. Davlatimiz rahbari biz bilan suhbatda orzularimiz, kelajakdagi maqsadlarimiz haqida ham soʼradi. Men orzularim haqida soʼzlab berdim.
Prezidentimiz davlat byudjeti asosida institutga qabul qilinishim haqida aytdi. Nima qilishni, nima deyishni bilmay qoldim. Bu tushga oʼxshardi. Biz kabi bolalarning hayoti Prezidentimiz uchun ahamiyatli ekani men uchun juda katta quvonch, juda katta hodisa. Buni soʼz bilan taʼriflab berolmayman. Faqat aytishim mumkinki, men mamlakatimga sadoqatim, millatimga nafim orqali Prezidentim bildirgan ishonchni, albatta, oqlayman.
Mehribonlik uyining yana bir tarbiyalanuvchisi Milena Novosenova ham muddatidan avval Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi boʼldi. Milenaning aytishicha, u bolaligidan psixolog boʼlishni orzu qilgan. Orzu maqsadga doʼnib, Milena hujjatlarini ayni shu yoʼnalish boʼyicha topshirgan edi. Soʼzga chechan Milenaning quvonch toʼla koʼz yoshlarini koʼrib, uning yetuk psixolog boʼlishiga, oʼzi kabi koʼngli kemtik bolajonlarning dardiga malham boʼla olishiga ishongimiz keldi.
Zaynabning sheʼri olqish oldi
Zaynab 8 yoshda. 1-sinfni bitirdi. U “Mehr-2” operatsiyasi doirasida Suriyadan Oʼzbekistonga keltirilgan. Oiladagi 5 nafar farzandning barchasi mana shu muassasa tarbiyalanuvchisi. Qizaloq mitti yuragida katta-katta hayratlarni koʼtarib yuribdi.
Oʼzbek elim – bek elim,
Senga nasib erk, elim.
Peshonangga nur tegib,
Kamol topgin baxt emib.
Oʼzingning oʼz tugʼing bor,
Mustaqillik chogʼing bor.
Bobom Temur suygan xalq,
Dunyo uzra yayra, balq.
U Prezidentga mana shu sheʼrini oʼqib berdi. Eʼtirof va olqish oldi. Prezident sovgʼasidan esa koʼngli togʼdek koʼtarildi.
Zaynabning sevimli mashgʼuloti – kitob oʼqish. Boʼsh vaqtlarida tarbiyachi Dilnoza Xoliqulova yordamida sheʼrlar yod oladi.
Dilnoza opa 5 yildan buyon Mehribonlik uyida tarbiyachi sifatida faoliyat yuritmoqda.
— Davlatimiz rahbari bizdan ish faoliyatimizda qanday muammolar borligini soʼradi, takliflarimiz bilan qiziqdi, — deydi D.Xoliqulova. — Muassasamizda astoydil ishlashimiz uchun sharoitlar yaratilgan, biroq metodik qoʼllanmalar kam. Shundan qiynalamiz. Prezidentimiz taklifimizni inobatga olib, bu muammo bartaraf etilishini aytdi.
Har bir bola — bir olam
Bir boʼstonda turfa gulu chechaklar boʼy koʼrsatadi. Ularning rangi farqlangani kabi boʼyi ham bir-biriga oʼxshamaydi. Bolalar ham gulu chechaklarga oʼxshaydi. Ularning tabiati turlicha. Qiziqishlari, fikrlari bir-biridan farqli. Аyniqsa, Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan oʼgʼil-qizlarning koʼnglidagi kemtikni toʼldirish, qalbiga yoʼl topish tarbiyachilarning zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.
— Bu yerga kelguncha Mirobod tumanidagi 218-maktabda ona tili va adabiyoti fanidan dars berganman, — deydi tarbiyachi Toʼxtaxon Sultonova. — 2016 yil Mehribonlik uyiga keldim. Tarbiyamda 20 nafar bola bor. Ularga onalik qilishga harakat qilyapman. Аdabiyot fanini yaxshi koʼrganim uchun bolalardagi ijodkorlik qobiliyatiga eʼtibor qarataman. 13 yoshli Xadicha qizimdagi isteʼdod meni hayratlantiradi. Muntazam kitob oʼqiydi, darslarni oʼz vaqtida bajaradi. Yaqinda “Tinchlik – bebaho neʼmat” mavzusida insho yozibdi. U Suriyadagi notinchliklarni oʼz koʼzi bilan koʼrgani bois, tinchlikning nima ekanini murgʼak qalbi bilan juda yaxshi ilgʼaydi. Inshoni koʼzimda yosh bilan oʼqidim. Xadicha Prezident maktabiga imtihon topshirdi. Kirib olsa, bu bizga katta quvonch keltiradi.
Bolalar “Roʼzgʼor akademiyasi”da kasb oʼrganadi
Yurtimizda har bir insonning taqdiri hukumat eʼtiborida. Buni ayni paytdagi islohotlar orqali koʼrib, his qilib turibmiz. Shu maʼnoda, 21-Mehribonlik uyida kelajakda jamiyatga moslashib ketishida ularning hunar oʼrganishlari, uy yumushlarini bilishlari uchun “Roʼzgʼor akademiyasi” tashkil etilgan. Kichik “akademiya”da oʼgʼil-qizlar taomlar tayyorlashni oʼrganadi, sartaroshlik, tikuvchilik sirlari bilan tanishadi.
— Nafaqat qizlar, balki oʼgʼil bolalar ham tikuvchilikka qiziqadi, — deydi “Roʼzgʼor akademiyasi” qoshidagi tikuvchilik toʼgaragi rahbari Shohida Bobonazarova. — Dastlab toʼgʼri chok tikishni oʼrgataman. Roʼmol va dastroʼmol, fartuk choklarini qayirib tikish bolalarga qiyinchilik tugʼdirmaydi. Boshlangʼich maktab yoshidagi bolalar biser tikish va oʼyinchoqlar yasashga jalb etiladi. Chunki ularning xavfsizligi — eng muhim jihat. Yuqori sinf qizlari tikkan liboslardan turli tadbirlarimizda foydalanamiz.
Аslida, bolaning begonasi boʼlmaydi. Ular bola boʼlgani uchun ham baxtli boʼlishga haqli. Mitti yuraklari dunyoni boricha koʼradi, uning yuzidagi dogʼlarni ilgʼamaydi. Biroq Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining aksari ana shu iztirobni koʼrgan, his qilgan. Bugun mamlakatimiz rahbari boshchiligida koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrlik va mehribonliklar ularning hayotini yaxshilashga, qalbidagi kemtikni butlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Zero, Prezidentimizning oʼzi taʼkidlaganidek, birorta bola “men yetim yoki nogironman” deb oʼksimasligi, hech bir bola davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va mehridan chetda qolmasligi kerak. Buning uchun ularni eng zamonaviy kasb-hunarga oʼqitish, bilim olishiga barcha sharoitlarni yaratib berish barchamiz uchun nafaqat vazifa, balki muqaddas burchdir.












