Unda taʼlim taraqqiyotini taʼminlash yuzasidan muhim va dolzarb masalalar qamrab olindi. Yurt istiqboli, mamlakat kelajagi, barcha sohalar rivoji maktab taʼlimi bilan chambarchas bogʻliq. Ertangi odimlarni bugun oʻsib-ulgʻayayotgan yoshlarning ilm-maʼrifatli, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, intellektual salohiyatli avlod boʻlib kamol topishi hal qiladi. Prezidentimiz najot taʼlimda, tarbiyada, bilimda ekanligini taʼkidlab, “Taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi”, deya qayd etdi.
Davlatimiz rahbari maktab taʼlimini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berar ekan, kelgusi besh yilda 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratilishini, taʼlim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha katta islohotlar amalga oshirilishiga alohida toʻxtaldi. Oʻqitish metodikasi, darsliklar, partadan tortib, maktablarning binosigacha qaytadan koʻrib chiqilishi, muallimlarga munosib sharoitlarni yaratish barobarida ularning bilim va malakasi, dars oʻtishiga talab ham tubdan kuchaytirilishi barcha sohalar istiqboli va islohotlar avvalida taʼlim-tarbiyaga eʼtibor qaratilayotganida oʻz ifodasini topgan. Darhaqiqat, zamonaviy shart-sharoitlar, qulaylik va imkoniyatlar hamma jabhada muvaffaqiyatlarga asos boʻlib, faoliyat samardorligiga xizmat qiladi.
Shu maʼnoda Yurtboshimiz tashabbusi bilan taʼlim-tarbiya masalasiga yuksak ahamiyat berilayotgani hamda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu daʼvat ostida yosh avlod kamoli yoʻlidagi izchil islohotlar koʻlami kun sayin ortayotgani Namangan viloyati xalq taʼlimi tizimi hayotida ham yaqqol namoyon. Bu borada bunyodkorliklar yanada keng qamrovga kirib, yaqin yillarda viloyatda 40 ta yangi maktab barpo etish, 474 ta (264 tasini kapital rekonstruksiya, 210 tasini mukammal taʼmirlash) ilm maskanini kapital rekonstruksiya va kapital taʼmirlash koʻzda tutilgan. Natijada viloyatda 104 mingdan ziyod qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratilib, jami oʻquvchilar oʻrni 512 mingtaga yetadi. 132 ta maktabda zamonaviy sport zali qurish rejalashtirilgan.
Bu aniq maqsad va rejalar videoselektor majlisida koʻtarilgan masalalardan kelib chiqib tayyorlangan “Yoʻl xaritasi”dan oʻrin oldi. Vatan ertasini ilm-maʼrifatli, har jihatdan yetuk, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan intellektual salohiyatli mutaxassislar belgilar ekan, buning zarur omili sifatida oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, joriy oʻquv yilidanoq bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasini 35 foizga yetkazish, farzandlarimiz hayotda oʻz oʻrnini topib, jamiyatning faol vakiliga aylanishi uchun umumtaʼlim jarayonlaridayoq ularni kasb-hunarga yoʻnaltirishga doir tashabbuslarni yuqori darajaga koʻtarishni oʻz oldimizga muhim vazifalar sifatida belgiladik.
Taʼlimda barcha mezonlar sifat, samaradorlik va natija bilan baholanadi. Demak, oʻqituvchilarning oʻz ustida mustaqil ishlashi, tashabbuslarga intilib faoliyat yuritishi, oʻquvchilarga umumtaʼlim fanlarini chuqur oʻrgatish bilan bir qatorda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samardorligini oshirish doimiy diqqat markazimizda turadi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yangi Taraqqiyot strategiyasi ijrosini bajarishda malakali pedagog kadrlar, boshqaruvchilik va liderlik qobiliyatiga ega rahbarlar, muallimlar vatanparvarlik ruhi bilan birinchi oʻringa chiqishini davr taqozo etmoqda. Biz, Namangan viloyatidagi jamiki maorifchilar, xalq taʼlimi tizimi xodimlari buning uchun bor bilim-salohiyatimiz, malaka va mahoratimizni safarbar qilamiz.
Rustamjon ISROILOV,
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi