Tarkibida umumiy qiymati 2,5 million dollarni tashkil etuvchi quyosh panellari, mexanik jihozlar, mato va boshqa yuklar bo‘lgan poyezd poytaxtimizga 15 kunda yetib kelishi belgilandi.

Yangi transport yo‘lagi ochilishi bilan Xitoy portlari va boshqa viloyatlaridagi yuklar temir yo‘l orqali Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi Qashg‘ar terminaligacha yetkazib beriladi. Bu yerda yuklar avtomobillarga yuklanib, Qirg‘iziston hududidan o‘tadigan yo‘llar orqali Andijongacha keltiriladi. Undan keyin ularni yana temir yo‘l yordamida O‘zbekistonning istalgan manziliga yetkazish mumkin bo‘ladi. Mazkur loyiha Sian shahrida bo‘lib o‘tgan Xitoy — Markaziy Osiyo sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yil 18 mayda Sian shahrida Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi, Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Transport vazirligi o‘rtasida Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha keyingi bosqichlarni nazarda tutuvchi uch tomonlama hujjat imzolangan edi.

— Xitoy temir yo‘l qurilish korporatsiyasining birinchi loyiha-tadqiqot instituti O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temir yo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni muddatidan qariyb bir yarim oy oldin yakunladi, — deydi O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov. — Imzolangan hujjat loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini belgilab, qurilish rejasini ishlab chiqish, investitsiya, moliyalashtirish modelini o‘rganish va aniqlashni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Xitoy tomoni yangi transport yo‘lagi qurilishini jadallashtirish, bu yo‘nalishda temir yo‘l konteyner tashuvlarini rivojlantirish, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston avtomobil yo‘lining uzluksiz ishlashini ta’minlash va yuk tashish hajmini oshirishga tayyorligini bildirdi.

Loyiha doirasida Jalolobod—Makmal—Arpa—Torugart—Qashg‘ar qo‘shma yo‘nalishi bo‘ylab avtomobil yo‘li qurish ham rejalashtirilgan. Qirg‘iziston orqali o‘tadigan bu yo‘l O‘zbekistonga qo‘shimcha 5 million tonna tranzit yuk tashish imkonini berishi kutilmoqda.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining umumiy uzunligi 454 kilometrni tashkil etadi. Shundan 280 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tishi rejalashtirilgan. Liniyada jami 18 ta stansiya, uzunligi 26,1 kilometr bo‘lgan 81 ta katta va o‘rta ko‘prik, 120,39 kilometrli 41 ta tunnel quriladi.

Qayd etish joiz, Xitoy G‘arbiy hududlarni rivojlantirish dasturi doirasida temir yo‘l barpo etish loyihalarini faol joriy etyapti va ayni kunda po‘lat izlar qariyb Qirg‘iziston chegarasigacha tortib kelingan.

O‘zbekistonda ham bu masalalar to‘la hal etilgan, ayni paytda barcha temir yo‘l yo‘nalishlarini elektrlashtirishni nihoyasiga yetkazish ustida ish olib borilyapti.

Tadqiqotchilar fikricha, yotqiziladigan temir yo‘l izlarining kengligi bo‘yicha masala ham hal qilingan. Gap shundaki, O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi temir yo‘l izlari kengligi xuddi sobiq ittifoq respublikalaridagi kabi 1520 millimetrni tashkil etgan bir paytda Xitoy 1435 millimetrli (Yevropadagi kabi) tor temir yo‘l izlaridan foydalanib keladi. Muhokamalar natijasida g‘ildiraklarning Qirg‘iziston chegarasiga kirishda emas, balki qirg‘iz-o‘zbek chegarasi hududida almashtirilishi ko‘zda tutilyapti. Bu jarayon ikki temir yo‘l izlari tutashadigan yuk tashish-tushirish stansiyasida amalga oshirilishi mumkin.

Loyiha Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga bo‘lgan yo‘lni taxminan 900 kilometrga, yuk yetkazib berish muddatini esa 7-8 sutkaga kamaytiradi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yuk tashish hajmi yiliga 12-15 million tonna atrofida bo‘ladi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi, Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov o‘tgan yil dekabr oyi boshida loyiha qiymati 6 milliard dollarga baholanganini ta’kidlagan edi. Endi esa uning  taxminiy qiymati 3−5 milliard dollar bo‘lishi aytilmoqda.

Siyosatshunos Nargiza Umarovaning qayd etishicha, Xitoy bilan bog‘lovchi temir yo‘lga ko‘p urg‘u berilayotganiga sabab shuki, buning ortidan O‘zbekistonning transport logistikasi borasidagi o‘rni keskin o‘zgaradi. Ya’ni, O‘zbekiston markaziy nuqtaga aylanadi. Qirg‘iziston yo‘lagi ishga tushsa, transkavkaz yo‘nalishi bilan bog‘lanadi va bunda O‘zbekiston bog‘lovchi bo‘ladi. Bundan tashqari, yo‘lakni Janubiy Osiyo (Pokiston) tomon burish ham mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston chorraha bo‘ladi bu borada.

TRANSPORT YO‘LAKLARINING IMKONIYATLARI

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya arafasida dunyo transport xizmatlarining yalpi ichki mahsulot tarkibidagi miqdori 4,3 trillion dollar (6,9 foiz) hajmida baholanib, yiliga 110 milliard tonna yuk va 1 trilliondan ortiq yo‘lovchi tashilgan, transport infratuzilmasida band bo‘lgan xodimlar soni 100 million kishini tashkil etgan. Koronavirus pandemiyasi va dunyoda davom etayotgan turli mojarolar tufayli bu ko‘rsatkich ancha pasayib ketdi. Xalqaro transport tuzilmasi keyingi paytga kelib o‘z qaddini asta-sekin tiklay boshladi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti doktoranti Abbos Boboxonov va qirg‘izistonlik tadqiqotchi, siyosiy fanlar nomzodi Nargiza Murataliyevaning tahlillariga ko‘ra, Yevroosiyo hududida uchta asosiy yo‘lak mavjud. Uning shimoliy va janubiy yo‘nalishlari keyingi yillarda mintaqada ro‘y bergan ziddiyatlar tufayli jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Markaziy Osiyo yo‘lagiga hozir eng maqbul, xavfsiz yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Shu bois, XXR ushbu loyihani amalga oshirishga katta e’tibor qaratib, uni istiqbolli va manfaatli deb hisoblaydi. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi asosida yuzaga kelayotgan yangi yo‘l juda ko‘p muammolarni hal etishda asqotadi. Bundan tashqari, uzunligi 5 ming 470 kilometrni tashkil etadigan yangi temir yo‘l magistrali boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ancha qisqaroq bo‘ladi: XXR — Mo‘g‘uliston — Rossiya — Belarus — Yevropa Ittifoqi (8 ming 650 kilometr), XXR — Qozog‘iston — Kaspiy dengizi — Ozarbayjon — Gruziya — Turkiya — YEI (9 ming 120 kilometr), XXR — Qozog‘iston — Turkmaniston —Eron —Turkiya — YEI (10 ming 170 kilometr), XXR — YEI dengiz yo‘li (10 ming kilometrdan ortiq).

Mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston nainki qo‘shni, balki Sharqiy Osiyoni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharqni Kavkaz va undan keyin Yevropa bilan transport tarmog‘i orqali birlashtirish salohiyatiga ega. Qolaversa, O‘zbekiston o‘zining ichki va tashqi transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda.

Mustaqillik yillarida 2 ming 400 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l qurildi, mavjudlarining 3 ming kilometridan ziyodi elektrlashtirildi, 1 ming 100 kilometr qismi qayta tiklandi. Oxirgi uch yilda avtomobilda xalqaro yuk tashishda mahalliy korxonalar ulushi 60 foizdan ortdi, 1 ming 500 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘li qurildi.

Mamlakatimizda sanoat, tadbirkorlik tobora rivojlanib, eksportyorlar soni ortib boryapti. Xususan, Statistika agentligining 2023 yil yanvar-may oylaridagi tashqi savdo bo‘yicha dastlabki ma’lumotlariga asosan, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 25,8 milliard dollarga yetdi va 2022 yilning shu davriga nisbatan 5,2 milliard dollarga yoki 25,4 foiz oshdi.

Iqtisodiyotda ishlab chiqarish qanchalik muhim bo‘lsa, mahsulotni yetkazib berish ham shunchalik ahamiyatli. Ayniqsa, hozir dunyoda logistika muammolari avjiga chiqqan vaziyatda bu o‘ta dolzarb hisoblanadi.

Dunyoda yuk tashish xarajatlari oshganini inobatga olib, Yevropaga tayyor mahsulotlar eksport qiluvchi korxonalarga transport xarajatlari uchun subsidiya miqdori 50 foizdan 70 foizga oshirildi. Chunki transportda yuk tashish tannarxi past bo‘lsa, ham eksport, ham investitsiya ko‘payadi.

Buni o‘tgan yil dekabr oyida Sergeli logistika markazidan Yevropaga yo‘l olgan O‘zbekistonning ilk poyezdi misolida kuzatish mumkin. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mis konsentrati ortilgan, 46 ta yuk vagoni va 91 ta konteynerdan iborat bo‘lgan poyezd avvaliga Turkmanistonning Kaspiy dengizi sohiliga yetib bordi. Parom yukni dengiz orqali Ozarbayjonga olib o‘tdi. Bu yerdan Gruziya orqali Qora dengiz sohiliga va undan Bolgariyaning Burgas dengiz portiga yetib bordi. Yo‘nalishning uzunligi 4000 kilometrdan oshdi.

BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) mutaxassislari ma’lumotiga e’tibor qaratsak, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari ko‘pincha import qilinadigan tovarlar qiymatining 70-80 foizigacha yetadi. Bu esa so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlariga xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan transport imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishga turtki bermoqda. Qolaversa, bojxona tartib-taomillarining mukammal emasligi oqibatida yuk tashuvchilar tovarlarni yetkazib berishga ketadigan vaqtning 40 foizgacha bo‘lgan qismini behuda yo‘qotmoqda.

Jahon bankining logistika sohasidagi samaradorlik indeksiga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari 167 ta davlat orasida quyi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

— Mamlakatimiz uchun transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, jahon bozorlariga tez va erkin chiqish juda muhim, — deydi Ilhom Mahkamov. — Shu bois, O‘zbekiston xalqaro anjumanlarda bu masalani doim ko‘tarib, amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qo‘shni va manfaatdor mamlakatlar bilan hamkorlikdagi loyihalar jadallashtirilmoqda.

E’tiborga molik jihati, keyingi davrda barcha darajadagi muloqotlar faollashdi, amaliy, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muhim qadamlar tashlandi. 2018 yil 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilingani esa mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taruvchi tarixiy voqea bo‘ldi.

Bundan olti yil muqaddam mamlakatimizning 2018 — 2022 yillarda transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha kompleks dasturi qabul qilingan edi. Unda O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — O‘mon, O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy xalqaro transport yo‘laklari, shuningdek, Eron (Bandar Abbos, Chobahor) va Pokiston (Gvadar, Karachi) dengiz portlariga chiqish uchun transafg‘on transport yo‘lagini qurish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq qilishga alohida ahamiyat qaratildi. Bu borada dastlabki ishlar ham boshlab yuborilgan. Ushbu yo‘nalishning uzunligi 765 kilometrni tashkil etadi. Bu trassani aniqlash jarayonida topografik kosmik tasvirlardan foydalanib, birinchi yondashuvdagi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar chiqarilgan.

Transafg‘on temir yo‘l yo‘lagi Rossiya — Qozog‘iston — O‘zbekiston — Afg‘onistonni Pokiston — Hindiston portlariga olib chiqishda muqobil temir yo‘lga aylanib, ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan Shimol — Janub yo‘lagiga nisbatan 500-600 kilometr qisqaroq hisoblanadi.

Pokiston O‘zbekiston uchun juda ulkan bozor. Shuningdek, bu mamlakat yurtimizga Karachi, Qosim va Gvadar dengiz portlari orqali Yaqin Sharq, Afrika davlatlari, Hindiston bozorlariga chiqish imkoniyatini beradi.

Ekspertlar tahlilicha, Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘li qurilish birinchi bosqichda O‘zbekistondan Pokistonga yuk tashish vaqtini 30-35 kundan 10-15 kungacha qisqartiradi. Shuningdek, transport xarajatlarini Rossiya va Pokiston o‘rtasida 15-20 foizga, Markaziy Osiyo davlatlari va Pokiston o‘rtasida esa 30-35 foizgacha kamaytirishi mumkin.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 kun emas, 3-5 kun davom etishi, bitta standart yuk konteynerini tashish narxi qariyb uch barobar arzonlashishi, ushbu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetishi mumkin.

Mazkur yo‘nalishning imkoniyatlari faqat shu bilan cheklanmaydi. Shu yilning 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan “Global Janub ovozi” onlayn sammitida e’tirof etilganidek, mamlakatimiz Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini faol ilgari surmoqda. Bu borada Eronning Chobahor porti orqali o‘tadigan yo‘nalish katta istiqbollar ochadi. Bu port orqali yuklarni tranzit qilishni Toshkent — Mari — Mashhad — Bafq — Chobahor yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirish va keyin dengiz transporti orqali Janubi-sharqiy Osiyo va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga yetkazib berish mumkin. Uning yillik yuk tashish salohiyati 10 million tonnaga yetadi, deb baholanmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Chobahor porti orqali o‘tadigan savdo yo‘li tovarlarni eksport qilish xarajatini 60 foiz hamda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish muddatini 50 foiz qisqartirish imkonini beradi. Natijada tovarlarning raqobatbardoshligi oshadi.

Mavzuga doir yana bir tadbir 2022 yilning 3 dekabr kuni Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida ro‘y bergan edi. U Turkiya — Eron —Turkmaniston — O‘zbekiston yangi temir yo‘l yo‘nalishi ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Tadbirda dastlab Turkiyadan O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqqan birinchi yuk poyezdini  kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Gumruh stansiyasidan Toshkent shahriga yuklarni tashish yo‘nalishini ishlab chiqdi. 40 ta vagondan iborat poyezd Turkiya, Eron, Turkmaniston bo‘ylab harakatlanib, O‘zbekistonga yetib keldi.

Joriy yilning 26 iyun kuni yana bir xabar e’tiborni tortdi. Xitoyning Syamin portidan O‘zbekistonga birinchi konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi. “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan ma’lum qilinishicha, tarkibida maishiy texnika yuki (muzlatkich, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi) bo‘lgan konteynerlar Xitoydan dengiz orqali Eronning Bandar Abbos portiga keltiriladi. So‘ngra yuklar temir yo‘l orqali Turkmanistonga, u yerdan Toshkentning Sergeli stansiyasiga yetkaziladi.

ShHT doirasida ham o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar tashkilotning keng hududida ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilmoqda. Transport loyihalari orqali O‘zbekiston o‘z hamkorlari bilan birgalikda O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy, Mozori Sharif — Kobul — Peshovar, Lanchjou — Qashg‘ar — Irkeshtom — O‘sh — Andijon — Toshkent — Mari va hozirgi geoiqtisodiy vaziyatda o‘ziga xos strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirmoqda.

Joriy yil 4 iyun kuni Hindistonda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisida ham O‘zbekiston tomonidan  hozirgi vaqtda Shimol–Janub va Sharq–G‘arb magistral yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator strategik loyihalarning faol ilgari surilayotgani alohida ta’kidlandi.  Bu borada Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani, O‘zbekiston ushbu yo‘nalish bo‘ylab, shuningdek, Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqadigan Eron va Pokiston portlari tomon multimodal tashuvlarni rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.

Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyihalarni amalga oshirish yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirishi barobarida transport xarajatlarini uchdan bir qismga kamaytiradi. Shuning uchun O‘zbekiston tomoni SHHT davlatlarining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligiga doir yagona xaritani ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Bu mavjud “to‘siqlar” va “bo‘shliqlar”ni aniqlash, umumiy, o‘zaro integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilab olish imkonini beradi.

Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi