“Kelasi yildan avtobuslarda yoʻl haqi uchun naqd pul qabul qilinmaydi” — transport vaziri

    Oʻzbekistonda avtobuslarda yoʻl haqi uchun naqd puldan voz kechilib, toʻliq elektron toʻlov tizimiga oʻtiladi.

    Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” davom etmoqda. Tadbirlarning 18-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan sessiyasida Ilhom Mahkamov chiqish qilib, transport sohasida bajarilayotgan ishlar haqida gapirdi.

    Muloqot yakunida vazir jurnalistlarga intervyu berdi. Ilhom Mahkamovning aytishicha, Oʻzbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yoʻl haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.

    “Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar oʻrnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan oʻtkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni oʻqiy oladigan devayslar oʻrnatiladi. Ular oʻrnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yigʻish ehtiyoji qolmaydi”, dedi vazir.

    Shu bilan birga, vazirlik rahbari yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham qisqacha gapirdi.

    “Bu tizimda jamoat transporti xizmatini koʻrsatadigan operatorlarga pul toʻlovi yoʻlovchilarni oʻz vaqtida manziliga yetkazib qoʻygani uchun amalga oshiriladi”, dedi Ilhom Mahkamov.

    Transport vazirligining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, yaqin istiqbolda 1 294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan boʻlib, asosiy eʼtibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030-yilgacha avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlash koʻzda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, jamoat transporti tizimlarini avtomatlashtirish, hududlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorati va monitoringini joriy etish hamda yirik shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yoʻl boʻlaklarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.