Ayollar oʻrtasida -52 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Diyora Keldiyorova final uchrashuvini yakunladi. Kadetlar oʻrtasida jahon chempioni hisoblangan Diyora oltin medal uchun kechgan bellashuvda soʻnggi Yevropa chempionatining bronza medali sohibasi boʻlmish ispaniyalik nomdor sportchi Estrella Sheriff Lopesga qarshi tatamiga chiqdi. Yosh sportchimiz tajriba bobida biroz ustun boʻlgan Estrellani magʻlubiyatga uchratdi va Antaliya “Katta Dubulgʻa” turniri gʻolibasiga aylandi.

Shu tariqa Diyora Keldiyorova oʻzbek ayollar dzyudosida yangi tarix yaratdi. Bungacha hamyurtimiz Gulnoza Matniyazova Toshkent va Tbilisi “Katta Dubulgʻa” turnirlarida bronza medalini qoʻlga kiritgan edi. Diyora esa oʻzbekistonlik dzyudochi qizlar orasida ilk bor “Katta Dubulgʻa” turnirining finalida tatamiga chiqish barobarida yurtimizga oltin medal taqdim etdi. Ushbu gʻalabasi evaziga sportchimiz Tokio-2020 reytingida qimmatli 1000 reyting ochkosiga ham ega boʻldi.