Keytering usulida yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka koʻrinishida dori vositalari chiqqani rostmi?

    Ijtimoiy tarmoqlarida keytering usulida yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka koʻrinishida dori vositalari chiqqani haqida tarqalgan maʼlumotlarga nisbatan Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

    Davlat rahbarimizning saʼy-harakatlari bilan ekologiyaning salbiy oqibatlari xurujida yashayotgan Qoraqalpogʻistonlik 143 mingdan ortiq oʻquvchilarimizni yanada sogʻlom yanada barkamol qilib ulgʻayishlari yoʻlida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

    Ammo keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda raqobatchini hamda keytering tizimini joriy qilish boʻyicha islohotlarni obroʻsizlantirishga qaratilgan harakatlar sodir etilmoqda.

    Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida aniqlanishicha, bir guruh shaxslar keytering usulida oziq-ovqat taʼminotini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga nisbatan tuhmat uyushtirish orqali ularni obroʻsizlantirish maqsadida, 3 ta holatda ichiga dori vositalari joylashtirilgan bulka va pryanik mahsuloti goʻyoki Ellikqalʼa va Beruniy tumanlaridagi taʼminotchilar tomonidan tarqatilgani haqidagi iddaolar bilan “ANTIKORRUPSIYA” telegramm kanaliga roʻyi-rost asossiz va noxolis maʼlumotlar joylashtirilishiga erishib, tadbirkorlik subyektlarining ishbilarmonlik nufuziga putur yetkazishgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi 3-qismi “g” bandi (Tuhmat) va 192-moddasi (Raqobatchini obroʻsizlantirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Jinoyat ishi tergovi yakuniga koʻra, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etiladi.

    Tergovga taalluqli boshqa ish tafsilotlari jinoyat holatlarini aniqlash va fosh etishga salbiy taʼsir qilishi mumkinligi inobatga olinib, oshkor etilmaydi.

    Bundan tashqari, keytering usulida oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barcha masʼul idoralar eʼtiborida va ushbu sohada qonuniylikni taʼminlashning barcha choralari koʻrib boriladi.