“Oʻzbekistonda yetishtirilgan” oziq-ovqat eksportida milliy brend yaratilmoqda

    Fikr 13 Sentabr 2025 601

    Jahon bozorida doim yurtimiz qishloq xoʻjalik mahsulotlarining oʻz oʻrni va bahosi boʻlgan. Ayniqsa, unumdor yer, quyoshli iqlim sharoitida pishib yetilgan meva-sabzavotlarimiz borasida xorijliklar hamisha iliq fikrda.

    Ular tabiiy va shirin boʻlgani uchun chet ellarda juda qadrlanadi. Xorijga safar qiladigan yurtdoshlarimiz ham oʻzimizdagi taʼmni boshqa joylardan topa olmasligini koʻp gapiradi. Keyingi yillarda bu eʼtirofni chet elliklar ham taʼkidlamoqda. Tashqi bozorlarda “Oʻzbekistonda yetishtirilgan” degan brend shakllanib, ommalashayotgani boisi shunda.

    Yaqin yillargacha talab katta, ammo shunga yarasha taklif boʻlmagan. Gap shundaki, yur­timizda qishloq xoʻjaligi asosan mavsumiy yetishtirishga moslashgani, yillar davomida sohaga bir tomonlama eʼtibor qaratilib, za­monaviy va ilmiy yondashuv boʻlmagani, mah­sulotlarni uzluksiz yetkazib berish mexaniz­mi yoʻlga qoʻyilmagani bois, chet davlatlardan doimiy importyorlarni topishda muammolar boʻlgan. Faqat qoʻshni davlatlarga eksport qi­lish bilan cheklanib kelganmiz.

    2017-yildan keyin sohadagi ana shu ma­salalarning tizimli yechib borilishi mam­lakatimiz qishloq xoʻjaligi qanchalik katta salohiyatga ega ekanini amalda koʻrsata boshladi. Zamonaviy texnologiyalar va ilmga aso­slangan qishloq xoʻjaligi shakllandi. Bugun sohadagi har bir loyiha ana shu mexanizm asosida olib borilyapti. Mahsulot yetishti­rish jarayonlarida hech boʻlmaganda, suv te­jovchi texnologiyalardan foydalanish hiso­biga hosildorlikni karrasiga oshirayotgan mirishkorlar bor.

    Nafaqat mahsulot yetishtirish, balki uni qayta ishlab, eksport qilishda katta tajriba toʻplay boshladik. Ayrim raqam­larni koʻrib baʼzan oʻzimizning ham ishon­gimiz kelmaydi. Boshqa tomondan, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishda yetak­chilardan boʻlib kelgan mamlakatimiz, endi, eksportda ham yuqori oʻrinlarni egallayot­gani kishini quvontiradi. Masalan, joriy yilning olti oyida yurtimiz oziq-ovqat eksporti 44 foiz oʻsib, 1 milliard 326 mil­lion dollar boʻldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga koʻpaydi.

    Ayniqsa, quritilgan olxoʻri va oʻrik, shaftoli, mayiz, gilos, dukkakli mahsulot­lar eksporti boʻyicha yurtimiz dunyoda yuqori oʻrinlarda turadi. Sarxil meva-sabzavotlar­ning bozori ham chaqqon. Birgina uzum eks­portini olaylik. Maʼlumotlarga koʻra, Oʻz­bekiston jahonning 67 ta mamlakatiga ayni shu mahsulotni yetkazib bermoqda. Joriy yilning yetti oyida qiymati 98,3 million dollarga teng boʻlgan 84,1 ming tonna uzum eksport qilindi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobar koʻp.

    Yangi tuzilma — yangi yoʻnalish

    Eksport boʻlayotgan mahsulotlarning aksa­ri xorij navi boʻlib, ilmiy yondashuvlar aso­sida oʻzimizga moslashtirilgan, qolaversa, zamonaviy usulda, yangicha texnologiyalar aso­sida yetishtirilmoqda. Gap shundaki, hozir agrodehqon, tadbirkorlarimiz, eksportyor korxonalar ancha yangicha ish uslubiga oʻtgan. Biz biladigan mahalliy gilos, olma, uzum va boshqa mevalar oʻrnini jahon bozorida tala­bgir yangi navlar egallayapti.

    Shu yilning iyun oyida Parkent tumanida­gi “Meridian Tempo” korxonasiga qarashli kat­tagina intensiv bogʻda shunga amin boʻlgandim. Har donasi hovuchni toʻldiradigan gilos me­valarini koʻrib, hayratda qoldim. Oldimizga qoʻyilgan gilosni koʻrishim bilan, “Bu qanday nav, buncha katta boʻlmasa bu gilos?”, degan sa­volni bergandim. Mevaning mazasini-ku, aytmasa ham boʻladi. Bir ogʻizga solsangiz, qayta-qayta yegingiz keladi. Shirasi juda baland, ammo taʼbingiz tortaveradi.

    Intensiv bogʻning naq 54 gektar maydoni­da gilos, olma, nok va malinaning eksportbop navlari ekilgan. Koʻchatlar Fransiya va Ispa­niyadan keltirilgan. Bogʻdagi barcha ishlar zamonaviy texnologiyalar asosida olib bo­riladi. Toʻliq tomchilatib sugʻorish joriy etilgan, daraxtlar oʻzini oʻzi changlatish xu­susiyatiga ega, bogʻda hatto quyosh panellari ham oʻrnatilgan. Tadbirkorlarimiz xorij bozoriga ana shunday xalqaro talablarga mos, oliy navdagi meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib beryapti. Ularning narxi ham sifa­tiga yarasha. Bundan keladigan daromad boshqa anʼanaviy oʻsimliklarga nisbatan bir necha barobar yuqori boʻladi.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda zamona­viy texnologiyalar va ilm-fan asosida yetishti­rilayotgan mahsulotlar sifati ham, hosildor­ligi ham oshib, yil oʻn ikki oy hosil olishga erishilyapti. Endilikda ana shu jarayonni ti­zimlashtirish, hududlarni maʼlum mahsulotga ixtisoslashtirish, importyorlarga mahsulotni uzluksiz yetkazib berish, jahon bozorida mil­liy brendni yaratish eksport yoʻnalishidagi asosiy masalaga aylangan.

    Buning yechimi sifatida davlatimiz rah­barining tegishli farmoni hamda qarori bilan joriy yil fevral oyida mamlakati­mizda ilk bor “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ish boshladi. Tuzilma muassisligida 16 ta ixtisoslashgan korxona tashkil etildi. Xol­ding tarkibida Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqa­rishni kengaytirish boʻyicha Kengash tuzildi.

    — Joriy yil 14-fevralda qabul qilin­gan “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori, eng avvalo, yurtimizda tomorqachi­lik va dehqonchilikni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi, — deydi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi direktori Fazliddin Muhiddinov. — Kompaniyaning asosiy vazifasi qishloq xoʻjalik mahsulot­larining milliy brendini yaratish va ekspor­tini rivojlantirishga qaratilgan. Toʻgʻri, Oʻzbekistonda jarayonni muvofiqlashtira­digan vazirlik, bir qancha tuzilma va tash­kilotlar bor. Kerak boʻlsa, har bir hududda ularning boʻlimlari ish olib boryapti. Ammo davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Uzagrostar xolding” kompaniyasiga ularni takrorlamaydigan ayrim muhim va­zifalar belgilab berilganki, bunda asosiy eʼtibor tomorqa yer egalari, dehqon va fer­merlar bilan hamkorlikda tizimli ravishda ish olib borishga yoʻnaltirilgan.

    Gap shundaki, bugungi kunda yurtimizda 22 million tonnadan oshiqroq meva-sabza­vot va poliz mahsulotlari yetishtirilsa, shu­ning 70 foizi aholi tomorqalari va qishloq xoʻjaliklari yerlariga toʻgʻri keladi. Ammo ularning sifati har doim ham eksport talablariga mos kelmaydi. Endilikda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ular bilan hamkorlikda mahsulotlarni tizimli ravishda yetishtirib, yagona brend ostida eksport qiladi. Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklariga tuproq tahlilidan tortib, eksportgacha boʻlgan barcha jarayonlarda yaqindan koʻmak beradi. Shu ta­riqa jahon bozorida milliy brend yaratiladi.

    Tanlab olingan yoʻnalishlar boʻyicha mahallalardagi xonadonlargacha kirib bori­ladi. Dastlab 100 ta mahalla tanlab olin­gan boʻlib, ularda maʼlum turdagi sifatli, eksportbop mahsulotlar yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda. Keyingi yillarda mahallalar soni koʻpaytirib boriladi, jumladan, 2026-yilda ularning sonini 500 taga yetkazish re­jalashtirilgan.

    Ixtisoslashuv nima beradi?

    Xolding tarkibidagi 16 ta korxonaning har biri alohida turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Ular 16 ta bazaviy hamda 54 ta qamrab olingan tumanlarda faoliyat olib bormoqda. Har bir agrostar korxona oʻzi masʼul boʻlgan hududda to­morqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari bilan hamkorlik asosida maʼlum turdagi mahsulotni yetishtirishni yoʻlga qoʻyadi.

    Aytaylik, bir mahallada 15 ta tomorqa yer egasi pomidor yetishtiradi, ammo ularning turi va sifati har xil boʻlgani bois, jamlab, eksportga yoʻnaltirib boʻlmaydi. Qolaversa, hosil ham yuqori qiymatli emas, yer egalari oʻz tajribasiga koʻra yetishtiravergan. Ana shu tizimni birlashtirib, umumiy mahsuldor­likni oshirishni agrokorxonalar oʻz zimma­siga olyapti. Aholi tomorqalarida bir xil turdagi va sifatli mahsulot yetishtirishga qaratilgan ishlarni olib bormoqda. Olin­gan hosilni esa yagona milliy brend ostida eksport qilyapti.

    Masalan, “Yangiyoʻl — agrostar” MCHJ pomidor va bulgʻor qalampiri yetishtirish bilan shugʻullansa, “Asaka — agrostar” MCHJ sabzavot koʻchatlari, “Oltiariq — agrostar” korxonasi esa uzumchilikka ixtisoslashgan. Maʼlumotlarga koʻra, bugunga qadar jami filiallarga biriktirilgan tumanlarda 101 ming gektar yer maydonida ixtisoslashgan mahsulotlar ekilgan.

    Agrostar korxonalar faqat maʼlum tur­dagi sifatli mahsulot yetishtirib, uni eksport qilish bilangina shugʻullanmaydi. Birin-ketin mahsulotlarni qayta ishlash ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu borada yuzdan oshiq loyihalar belgilangan. Shundan qiy­mati 608 milliard soʻmlik 20 ta innovatsion loyiha uchun 693 gektar yer maydoni ajratil­gan. Ayni paytda zamonaviy loyihalarning 8 tasini amalga oshirish ishlari boshlangan. Umuman, agrostar korxonalarning har biri­da mahsulot yetishtirish ishlari zamonaviy usullar yordamida olib boriladi.

    Olma va nok mevalarini yetishtirishga ixtisoslashgan “Bazanbar — agrostar” MCHJ oʻziga xos yangilik qildi. Baxmal tumanida 15 gektar yer maydoniga Fransiya kompaniyasida in-vitro usulida tayyorlangan olma koʻchatla­ri olib kelinib, ekildi. Buning oʻziga xos­ligi shundaki, koʻchatlar ilmiy oʻrganishlar asosida shu yilning ayni yoz chillasida yerga qadaldi. Mutaxassislarning aytishicha, ayni paytda hosil gullagan.

    “Bulungʻur — agrostar” MCHJ kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan. Tumanlar­dagi katta yer maydonlarida 10 ming dona kasalliklarga chidamli, sifatli kartoshka urugʻlari navlari stakan usulida ekildi. Gollandiya kompaniyasi bilan 6 ming ton­na elita kartoshka urugʻlarini olib kelish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Kartoshkalar­ni saqlash va eksport qilish choralari ham koʻrilmoqda. Bulungʻur tumanidagi 2 gektar maydonda tashkil etilayotgan agrokompleksda 10 ming tonna kartoshka saqlash, kalibrovka qilish, qadoqlash va logistika quvvatlari ishga tushiriladi. Qolaversa, kartoshka­ning xorij navlarini mahalliylashtirish maqsadida Xalqaro kartoshka markazi bilan hamkorlikda in-vitro laboratoriyasida yangi urugʻ navlarini yaratish ishlari boshlangan.

    Mahsulotlar, albatta, aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklari yerlarida yetishtiri­ladi. Masalan, “Sherobod — agrostar” kor­xonasi tomonidan belgilangan hududlarda qiymati 508 milliard soʻm boʻlgan 150 ming dona xurmo va anjir koʻchatlari aholi to­morqalariga yetkazib berildi. Turkiyadan sifatli, danaksiz xurmo koʻchatlari olib ke­linib, 25 gektar maydonga ekildi. Ayni shu meva turlarini yetishtirishga ixtisoslashgan kompaniya namunaviy loyiha asosida Uzun tumanidagi 100 gektar yer maydonida xurmo va anjir agroplantatsiyasini tashkil qilish ishlarini boshlab yuborgan. Zamonaviy kom­pleksda mahsulot yetishtirishdan eksportgacha boʻlgan barcha bosqichlar qamrab olinadi.

    “Yangiyoʻl — agrostar” MCHJ ham ixti­soslashuvni yanada kengaytirish maqsadida 61 mahalladagi tomorqa va dehqon xoʻjaliklariga arzon narxlarda sifatli pomidor koʻ­chati, bulgʻor qalampiri urugʻlari hamda mi­neral oʻgʻitlarni yetkazib bermoqda. Kompaniya tomonidan tashkil etilgan “Tomorqa makta­bi”da sohaga oid 5 mingdan ortiq kitoblar joylashtirilib, 2 ta mahalliy professor va 1 ta xorijlik mutaxassis ishtirokida bir oy davomida 200 gektarga yaqin tomorqa yer va dehqon xoʻjaliklari egalari oʻqitildi. Ita­liyalik mutaxassislar tomonidan pomidorni quyoshda quritib, qoqi tayyorlash texnologiyasi oʻrgatildi. Italiyada yetishtiriladigan pomidor navi qoqi uchun qulay sort sifatida tanlab olinib, Yangiyoʻl tumanidagi 500 gek­tar, Samarqand viloyati Bulungʻur tumanidagi 100 gektar maydonda yetishtirilib, qoqi tay­yorlandi. Bugungi kunda 150 tonna pomidor qoqisi Italiyaga eksport qilinyapti.

    Yangi bozorlar qanday topilyapti?

    Zamonaviy usulda mahsulot yetishtirib, eksport qilishdan agrostar korxona ham, to­morqa va dehqon xoʻjalik yerlari egalari ham birdek manfaatdor. Shu bois, har bir jara­yon ilmiy mutaxassislar ishtirokida, aniq tartib asosida olib boriladi. Hududlarda 7 ta ixtisoslashgan korxona va loyiha ofislarida “Tomorqa maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgani boisi shunda. Ularda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tomonidan jalb etilgan 20 ga yaqin xorijiy mutaxassislar, malakali mahalliy agronom, texnolog, usta-dehqonlar bilan shartnomalar imzolanib, agrokonsul­tant sifatida ish olib boryapti.

    Demak, agrostar kompaniyalar tanlab olingan hududlarda aholini oʻz tomorqasida belgilangan turdagi mahsulotni yetishtirish­ga jalb qilishning oʻzi bilan cheklanmaydi. Aholini oʻqitib, yerga urugʻ qadashdan to ho­silni eksport qilishgacha boʻlgan jarayon­da bevosita ishtirok etadi. Talabgorlarga moliyaviy koʻmak “Uzagrostar xolding” kompa­niyasiga biriktirilgan 9 ta tijorat banki va ularning filiallari tomonidan amalga oshiriladi.

    Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Hozir dunyo bozorida vaziyat qaltis, har kuni talab va narx-navo tebranishi kuzatilmoqda. Qolaversa, isteʼmolchilarning qishloq xoʻ­jalik mahsulotlariga boʻlgan talabi oʻzgarib boryapti, ular oʻzlarining standartlarini ochiq eʼlon qilyapti. Bunday sharoitda agro­star korxonalar yetishtirayotgan mahsulotlar­ga doimiy va qimmatroq bozor topish masala­si ham asosiy jihatga aylanadi.

    — Albatta, mahsulotga bozor topish eng muhim masalalardan biri. Bu boʻyicha qator ishlar amalga oshirilib, xalqaro kompaniyalar bilan kelishuvlar oʻrnatilyapti, — deydi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi boʻlim boshligʻi Sulaymon Murodov. — Avvalo, agrostar korxonalar tomonidan topilgan bozorlarga eksport amalga oshirib kelinyapti. Masalan, “Quva — agrostar” MCHJ tomonidan Norvegi­yaga 4 xil navdagi 1 tonna uzum eksport qilin­di. “Qoʻshrabot — agrostar” MCHJ esa Latviyaga 5 million dollarlik mayiz yetishtirib be­rish boʻyicha kelishuv imzolagan va mahsulot­ning birinchi partiyasi joʻnatildi. “Yangiyoʻl — agrostar” korxonasi shartnomasiga koʻra, yaqinda Italiya davlatiga 200 tonna quritilgan pomidor eksport qilinadi. Yevropaning boshqa davlatlaridan ham quritilgan mahsulotlar­ga talab oshib boryapti. Sababi, Yevropa mam­lakatlarida ayni quritilgan mahsulotlarga talab kattaligini kuzatdik va quyoshli yurti­mizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning ma­zali taʼmi sabab ularning qoqisi ham alohida eʼtirof etilyapti.

    Yaqinda Londonda boʻlib oʻtgan yirik yar­markada ishtirokimiz davomida 3 million dollarlik quritilgan mahsulotlarga shart­noma imzolandi. Shu yilning oktyabr oyida esa Ispaniyada boʻlib oʻtadigan meva-sabzavot koʻrgazmasida ishtirok etamiz. Xolding tar­kibidagi barcha ixtisoslashgan kompaniya­lar mahsulotlarini yangi dizayn va qadoqda, yagona brend ostida namoyish etishni reja­lashtirganmiz. Maʼlumki, Ispaniya dunyo boʻyicha eksportda birinchi oʻrinda turadi va yillik qiymati 20 milliard dollarni tashkil etadi. Koʻrgazmagacha boʻlgan jarayon­da mahsulotlarimizni Ispaniyadagi yirik importyorlarga tanishtirdik, ular allaqachon qiziqish bildirgan. Koʻrgazma doirasida bir qancha shartnomalar imzolanishi kutilyapti.

    Mubolagʻasiz aytganda, yurtimizda yetishtiriladigan qishloq xoʻjalik mahsulotlari taʼmini uncha-buncha davlatdan topolmaymiz. Oʻzimizniki boʻlgani uchun emas, xolis is­teʼmolchi, mamlakatimiz savdo doʻkonlarini toʻldirib turgan chet el brendidagi mahsu­lotlarni tatib yurgan insonlar sifatidagi bahoimiz shunday.

    Ana endi mana shu mahsulotlarimizni bir necha qoʻshni davlatga emas, dunyoning eng ri­vojlangan mamlakatlari bozorlariga olib kirishni maqsad qilganmiz. Bu yoʻnalishda xalqaro standartlarga moslashib, sohaga ilmni, eng ilgʻor texnologiyalarni joriy etayotganimiz boisi shunda. Endi mahsulot­larimiz xorij bozorlari rastalarining bir chetidan emas, eng qimmat mahsulotlar joy­lanadigan qatordan oʻrin olyapti. Bu borada oʻzimizning milliy brendni yaratib, xalqaro maydonda ommalashtirish harakatidamiz.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri