Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov ham ishtirok etgan uchrashuvda “KfW” banki tomonidan Qoʻqonda shahar infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek suv taʼminoti, chiqindilarni qayta ishlash, koʻkalamzorlashtirish, sanitariya sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Andreas Shnayder, bank tomonidan ushbu loyihalarni grant yoki imtiyozli kreditlar asosida moliyalashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, bu borada viloyat hokimligining qoʻshimcha takliflari muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Viloyat rahbari, yuqoridagi loyihalarga qoʻshimcha tarzda “KfW” banki tomonidan Qoʻqon shahridagi bozorlarni zamonaviy tarzda qayta qurish, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash kabi loyihalarni moliyalashtirishni koʻrib chiqishni taklif etdi.

Shnayder loyihalarni moliyalashtirish mexanizmi, amalga oshirish tartibi xususida maʼlumot berdi.

Yaqin kunlar ichida yakuniy qaror boʻyicha aniq taklif va loyihalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

KFW banki Fargʻona viloyati bir necha yildan beri uzviy hamkorlik qilib keladi. Bank bilan birgalikda amalga oshirilgan dasturga asosan viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi eng soʻnggi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan boʻlsa, viloyat silga qarshi kurash dispanseriga homiylik asosida tibbiyot asbob-anjomlari yetkazib berilgan.