Ayniqsa, shu yilning may-iyun oylarida Osiyo olimpiya kengashi va Kibersport assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻtkazilgan bir necha uchrashuvlar, onlayn muloqotlar natijasida ushbu sport turlari jamlanmasi Osiyo sport turlari qatorida eʼtirof etildi.

Osiyo olimpiya kengashi saytining maʼlum qilishicha, kibersport 2021-yili Vetnamda oʻtkaziladigan Janubiy-sharqiy Osiyo oʻyinlari taqvimidan rasmiy sport turi sifatida oʻrin egallaydi.

Xabarda keltirilishicha, mintaqaning bir necha mamlakat sport tashkilotlari ushbu sport yoʻnalishlarini oʻyinlardan joy olishi boʻyicha Osiyo olimpiya kengashiga ariza bilan murojaat etgan. Jumladan, Filippin kibersport federatsiyasi rahbari Ramon Suzaraning OOKga yoʻllagan xatida “kibersportning mintaqa oʻyinlari tarkibiga kirishi musobaqalar nufuziga ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, deyilgan.

36 ta sport turini qamrab olgan janubiy-sharqiy Osiyo oʻyinlaridan kibersportning joy egallashi kelajakda qaysidir sport turining oʻyinlarning “devori” ortida qolishiga olib kelishi mumkin. Boisi, 2019-yili Filippindagi musobaqalar oldidan janubiy-sharqiy Osiyo oʻyinlari 36 talik sport turlari “chizigʻidan” chiqib ketmaslik belgilangandi.

Oʻzbek sporti kurashning ushbu oʻyinlar tarkibida ekanligini inobatga oladigan boʻlsak va kibersportning Vetnam bahslariga qaysidir sport turi oʻrniga qoʻshilishga “jon-jahdi” bilan harakat qilayotganligini nazarda tutsak, xavotirlarimiz oʻrinlidek boʻlishi mumkin. Ammo, janubiy-sharqiy Osiyo oʻyinlaridagi yakkakurash sport turlari orasida Oʻzbek sporti jozibali sport turlaridan biri sifatida qayd etilganligi kibersport – kurash “almashinuvi”ga yoʻl qoʻymasligiga ishonishimizni taʼminlamoqda.

Toʻlqin ROʻZIYEV.