Viloyatni har tomonlama rivojlantirish, ayniqsa, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, sanoat tarmogʻini kengaytirish, toʻqimachilik sohasini yana-da rivojlantirish va bu orqali aholi daromadlarini oshirishga erishish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Qayd etilganidek, 2020-yilda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifa etib belgilandi. Shuningdek, iqtisodiyotni yuqori surʼatlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, hududda 2020-yilning toʻqqiz oyi davomida ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 18 trillion 554,6 milliard soʻmni tashkil etdi. Yil yakuni bilan bu koʻrsatkich 25 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.
Joriy yil viloyat mahalliy byudjet daromadlari rejasi 1 trillion 396 milliard soʻmni tashkil etib, amalda 1 trillion 549 milliard soʻmni yoki 153,2 milliard soʻmga ortigʻi bilan bajarilishi kutilmoqda.
Viloyat mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari koronavirus tarqalishining oldini olish, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, ichki yoʻllarni taʼmirlash va tartibga keltirish, ijtimoiy soha muassasalarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahallalardagi mavjud muammolarni bartaraf qilishga sarflandi.
Taʼkidlanganidek, inqirozga qarshi kurashish boʻyicha oʻz vaqtida qabul qilingan farmon va qarorlar pandemiya davrida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, soliqchi-koʻmakchi modelini amalga oshirishda kelib tushgan 875 ta murojaatlar ijobiy hal etilib, 252 ta korxonaning 5,6 milliard soʻm soliq qarzdorliklari muddatlari uzaytirildi.
Davlat mulkini ijaraga olgan 760 ta tadbirkorlik subyektlari uchun 1,6 milliard soʻm ijara toʻlovlarini hisoblash toʻxtatildi. Tadbirkorlik subyektlarining 172,5 mingta kredit shartnomalari boʻyicha jami 1 trilion 176 milliard soʻmlik toʻlovlarning muddati uzaytirildi.
Bu esa tadbirkorlarga juda katta koʻmak boʻlib, pandemiya davrida viloyatdagi yirik korxonalar faoliyati uzluksiz davom etdi. Vaqtincha oʻz faoliyatini toʻxtatgan 8 ming 559 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyati qayta tiklashga erishildi.
Viloyatda tadbirkorlik subyektlarini faoliyatini yaxshilash yuzasidan koʻrilayotgan choralar natijasida joriy yilning oʻzida 5 ming 799 ta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi hamda roʻyxatdan oʻtgan kichik biznes subyektlari soni 26 ming 740 taga yetkazildi.
Joriy yil davomida jami 99 ming 101 nafar aholi va tadbirkorlik subyektlariga 4,4 trillion soʻm kredit mablagʻlari ajratildi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 36 ming 706 nafar mijozlarga 811,8 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratilib, buning hisobiga 37 ming 803 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Viloyat boʻyicha 34 ming 761 ta ehtiyojmand oila 47 ming 858 nafar nafar mehnatga layoqatli ishsizlari “Temir daftar” roʻyxatiga olingan.
Hozirda ehtiyojmand oilalarning 27 ming 58 tasi yoki 78 foizi hududlardagi tuman va shahar Xalq deputatlari kengashlari qarorlari asosida ehtiyojmand oilalar roʻyxatidan chiqarildi. Bugungi kungacha 34 ming 761 ta oiladagi 47 ming 797 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.
Shuningdek, “Temir daftar”dagi oilalarni koronavirus pandemiyasi davrida turmush darajasiga salbiy taʼsirini yumshatish, moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 91,9 milliard soʻmlik moddiy yordam pullari va zarur mahsulotlar tarqatildi. Jumladan, “Sahovat va koʻmak” harakati doirasida 49,4 milliard soʻmlik moddiy yordamlar koʻrsatilib, bu ishlarni davomiyligi taʼminlanib kelinmoqda.
Kelgusi yilda mahalliy byudjetning daromadlar rejasini orttirib bajarilishi hisobidan viloyatdagi 13 ta shahar va tuman, 208 ta mahalladagi aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun sektor rahbarlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida zarur mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, viloyat, shahar va tuman deputatlarini xalq oldida obroʻ-eʼtiborini koʻtarish, aholi muammolarini oʻrganish va joyida hal etishlarida amaliy yordam berish maqsadida mahalliy byudjet hisobidanham mablagʻlar ajratiladi.
Yangidan faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarga faoliyatini tashkil qilish hamda ularga gʻoyalarni shakllantirish, biznes-rejalarni tayyorlash va ularni tijoratlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yana-da oshirishni oʻrgatish uchun beminnat xizmat qiluvchi “Biznes-inkubator” markazini dastlab Namangan, Toʻraqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarda tashkil etish rejalashtirilgan
Yuqorida belgilangan vazifalarni amalga oshirilishi hisobiga 2021-yilda 6,5 mingta tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, ular soni 33,5 mingtaga yetkaziladi. Banklar tomonidan bu sohaga ajratilayotgan kreditlarni 2 barobar oshirib, 6 trillion soʻmga yetkazish taʼminlanadi
Viloyatdagi kichik sanoat zonalari 75 taga yetkaziladi. Misol uchun, Chortoq tumanida samarasiz foydalanilmayotgan 37,5 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etib, umumiy qiymati 230 mlilliard soʻmlik 110 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning hisobiga 5 ming 500 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish koʻzda tutilmoqda
Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikka qiziqishi va ularni istaklarini amalga oshirish maqsadida viloyatning har bir hududida “Yoshlar” kichik sanoat zonalarini tashkil etish boshlab yuborildi. Namangan shahridagi Yuksalish dahasida yosh tadbirkorlar uchun “Yoshlar” maxsus kichik sanoat zonasini tashkil etildi. Ushbu 30 gektarli hududda 65 ta loyiha amalga oshirilishi va kelgusida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻgʻil-qizlar uchun 3,5 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi
Sessiya doirasida Namangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Abdurazzaqov ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda viloyatda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar borasida joʻrnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.