Mazkur Farmonga muvofiq, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etiladi deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Kompaniya tomonidan 2024-yil 1-martdan tadbirkorlarga quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:

- oʻrta tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish loyihalariga:

- loyiha qiymatining 15 foizi, biroq ustav kapitalining 20 foizi yoki 3 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga koʻchmas mulk obyektlari, asbob-uskunalar va boshqa koʻrinishdagi aktivlar shaklida ulush kiritish;

- koʻchmas mulk va asbob-uskunalarning 70 foizi, biroq 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda mulk sotib olish va yetti yilgacha muddatga qarzdorlik qoldigʻiga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan xizmatlar ipotekasi asosida tashabbuskorga berish;

- kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining loyihalariga:

- kredit (lizing) ajratish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va xorijiy valyutada moliyaviy resurslarni joylashtirish;

- tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etish;

- Kompaniya mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tijorat banklari bilan tuziladigan vositachilik shartnomalariga asosan belgilangan limit hamda umumiy miqdor va shartlar doirasida kreditlar boʻyicha kafillik (portfel kafilligi) taqdim etish;

- 2024-2026-yillarda kichik tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 milliard soʻmgacha ajratiladigan kreditlar boʻyicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga kompensatsiya taqdim etish.