Aytish kerakki, 2019-yil xalqaro standartlarga mos Saylov kodeksining amaliyotga joriy etilishi milliy saylov tizimida yangi davrni boshlab berdi.

Bu yilgi Prezident saylovi aynan yangi Saylov kodeksi asosida oʻtkazilayotganini uni avvalgilaridan farqlab turuvchi asosiy jihatlardan biri ekanini alohida taʼkidlash joiz.

Mazkur siyosiy jarayonni yuqori saviyada tashkil etish, saylov qonunchiligi talablari soʻzsiz, aniq va bir xilda ijro etilishini taʼminlashda uchastka saylov komissiyasi aʼzolari zimmasiga ham yuksak masʼuliyat yuklangan.

Shu oʻrinda uchastka saylov komissiyalariga qoʻyiladigan talablar barchani qiziqtirishi tabiiy. Birinchi navbatda, komissiya aʼzoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga toʻlgan boʻlishi, oʻrta yoki oliy maʼlumotga egaligi, qoida tariqasida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga egaligi, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar boʻlishi muhim hisoblanadi.

Saylov kodeksida uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari bundan mustasno. Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasi aʼzolarini shakllantirishda komissiya aʼzoligiga nomzodlar tarkibiga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, huquqiy bilim va malakaga ega shaxslar, yaʼni yuriskonsultlar, advokatlar hamda xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarni ham kiritish tavsiya etiladi.

Yana bir eʼtiborli jihat, saylov kampaniyasida ishtirok etayotgan saylov komissiyalari aʼzolari oʻz-oʻzidan boshqa saylov komissiyasiga aʼzo etib tasdiqlanishi mumkin emas. Shuningdek, siyosiy partiyalar aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlari, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi taqiqlanadi.

Uchastka saylov komissiyalarini tashkil etishda davlat va nodavlat tashkilotlar faol ishtirok etadi. Bunda ushbu komissiya aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilishini alohida eʼtirof etish joiz. Keyinchalik bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Saylov qonunchiligida uchastka saylov komissiyalarini tuzishning aniq mezonlari belgilangan.

Birinchidan, uchastka saylov komissiyalari okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida tuziladi.

Ikkinchidan, uchastka saylov komissiyalari besh-oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan, rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda boʻladi.

Uchinchidan, xorijdagi uchastka saylov komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida tuziladi.

Uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga qanday tartibda haq toʻlanishi ham yurtdoshlarimizni qiziqtirishi tabiiy. Milliy saylov qonunchiligining muhim jihatlaridan biri barcha darajadagi saylov komissiyalarini saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, shu jumladan, uchastka saylov komissiyalari aʼzolari faoliyati boʻyicha moliyalashtirish davlat byudjetidan amalga oshirilishidir. Boshqacha aytganda, uchastka saylov komissiyalari aʼzolari mehnatiga saylovni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan haq toʻlanadi.

Qonunchiligimizda uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga transport, ovqatlanish va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida kompensatsiya toʻlanishi alohida belgilangan. Bu, oʻz oʻrnida, ushbu shaxslarning saylov jarayonida oʻziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishiga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, qonunchilikda doimiy ish joyiga ega boʻlmagan uchastka saylov komissiyalari aʼzolari, shu jumladan, komissiya aʼzoligiga jalb qilingan pensionerlarning mehnatiga haq toʻlash masalasi ham eʼtibordan chetda qolmagan. Ushbu shaxslarga mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi toʻlanishi belgilandi.

Saylov zamonaviy demokratiyaning muhim instituti, xalq oʻz xohish-irodasini bildirish vositasi sifatida mamlakatimizda jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish jarayonini jadallashtirishning asosiy omilidir. Uchastka saylov komissiyalari va ularning aʼzolari bu gʻoyat muhim jarayonni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik tarzda, ochiq-oshkora oʻtkazilishida oʻz munosib hissalarini qoʻshadi.

Bekzod NARIMONOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

dotsenti v.b., yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori