Bundan tashqari, korxonalarining qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish yuzasidan koʻrilgan choralar ularni moliyaviy sogʻlomlashtirishga va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirishga imkon berdi.

Shunga qaramay, kimyo tarmogʻini yanada rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini kengaytirishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib kelinayotgan edi. Xususan, investitsiyaviy jozibadorlikning pastligi va tarmoqni rivojlantirish uchun oʻz mablagʻlarining yetarli emasligi xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish imkonini bermasdi. Buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotda mineral oʻgʻitlar ulushining yuqoriligi saqlanib qolayotgan, mahsulot tannarxi ham talabga javob bermas edi.

Prezidentimizning 2018-yil 25-oktyabrdagi ”Oʻzbekiston respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu kabi muammo va toʻsiqlarni barham toptirishda katta ahamiyat kasb etdi. Hujjatda, eng avvalo, uglevodorod xomashyosini va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlarida va jahon bozorida talab katta boʻlgan, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyo mahsulotlari turlarini kengaytirishga, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilishga alohida qaratildi. Shu asosda Qoʻngʻirot soda zavodining kalsiylangan soda ishlab chiqarishi quvvati 200 ming tonnaga yetkazilgan boʻlsa, Toshkent viloyatida Xitoyning “Poly Technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi texnikalari va avtomobillar uchun shinalar, konveyr lentalari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi.

Prezidentimiz tashabbusi va bevosita ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillligi arafasida ish boshlagan azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalari soha rivojiga qoʻshimcha surʼat beryaptii. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar boʻlgan ushbu loyihalar jamiyatda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, uning qiymatini yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi.

Tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifati har qanday xalqaro talabga toʻla mos keladi. Bu, oʻz navbatida, ularning jahon bozorida xaridorgir va raqobatbardoshligiga ishonch yorligʻi boʻlib xizmat qiladi.

Prezidentimiz qarori ijrosining taʼminlanishi natijasida tarmoq diversifikatsiya qilinib, yangi mahsulotlar oʻzlashtirish asosida oxirgi 3 yilda ishlab chiqarish 1,5 baravar, eksport esa 2 baravaga oshdi. Asosiysi, ilgari surunkali zarar bilan ishlagan boʻlsa, 2021-yilni 1,6 trillion soʻm sof foyda bilan yakunladik.

Joriy yilning olti oyida jamiyatimiz korxonalari tomonidan qariyb 7 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlanib, ishlab chiqarish 11 foiz oʻsdi. 218 million dollarlik tovarlar eksport qilindi.

Yil yakunigacha ishlab chiqarishni 14 trillion soʻm, eksportni 425 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun ikkinchi yarim yillikda 650 ming tonna azotli, 70 ming tonna fosforli va 120 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar hamda 80 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqarish moʻljallangan.

Prezidentimiz kimyo sanoatida erishilgan asosiy koʻrsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishishi chogʻida amalga oshirilgan ishlarning asosiy jihatlarini tahlil etar ekan, tarmoq korxonalari samaradorligini oshirish va ularni transformatsiya qilish boʻyicha tizimli ishlash kerakligini taʼkidladi. Energiyani tejash va mahalliylashtirish orqali tannarxni 6 foizgacha kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Mahsulot tannarxini pasaytirishga oʻta jiddiy eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki, unda xomashyo, energiya sarfi, ish haki, ijtimoiy sugʻurta, amortizatsiya ajratmalari kabi sarf-xarajatlardan tortib, mahsulotni oʻrash, joylash, yetkazib berish, sotish bilan bogʻliq boshqa chiqimlar oʻz ifodasini topadi. Tannarx qancha past, sifat yuqori boʻlsa, mahsulot shuncha xaridorgir boʻladi.

Kimyo sanoatida bundan besh-olti yil oldin mahsulot chiqarish narxida xarajatlar ulushi 99,7—100 foizni tashkil etgan. Ularning 64 foizi energetika resurslariga sarflangan. Vaholonki, oʻsha kezda xorijiy korxonalarda bu koʻrsatkich 25 — 30 foiz atrofida boʻlgan. Agar Oʻzbekistonda bir tonna ammiak ishlab chiqarishga 1450 kub metr tabiiy gaz yoqilsa. zamonaviy uskunalardan foydalaniladigan chet el kompaniyalarida mazkur miqdor 902 kub metrdan oshmagan. Azot ishlab chiqarish tannarxida energiya resurslarining ulushi 70 foizdan ham oshib ketgan va uning sarfi zamonaviy kompaniyalardagiga nisbatan 1,6-marta ortiq boʻlgan.

Hisob-kitoblar tejamkor quvvatlarning ishga tushirilishi energiya sarfini 2-2,5 baravar, ammiakning tannarxini esa 1,8 baravar pasaytirish mumkinligini koʻrsatdi. Umuman, kimyo sanoatida energiya isteʼmoli bir foiz kamayishi mahsulot tannarxini 0,6-0,8 foiz pasaytirish imkonini beradi.

“Navoiazot” AJda yangi ishga tushirilgan azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalari soha rivojiga qanot baxsh etishi barobarida energiya tejamkorligi bilan ham ajralib turadi. Masalan, yiliga 500 ming tonna azot kislotasi tayyorlanadigan zavodda elektr energiyasi sarfi 18-marta qisqargan. 660 ming tonna ammiak va 578 ming tonna karbamid ishlab chiqariladigan ikkinchi korxonada bir tonna ammiak uchun energiya sarfi 2,5-marta kamaydi. Faqatgina ana shu ikkita loyiha evaziga ishlab chiqarilayotgan azotli oʻgʻit tannarxi 30 foizga pasaymoqda. Yiliga umumiy qiymati 400 milliard soʻmlik oʻrtacha 736 millon kVt-soat elektr energiyasi tejaladi.

Prezidentimizga taqdimotda istiqbolli loyihalar ham har tomonlama tahlil etildi. Yil yakuniga qadar 400 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 9 ta loyiha ishga tushiriladi. Jumladan, “Navoiyazot”da metilsellyuloza, texnik gaz, suyuq mineral oʻgʻitlar, Chirchiq kimyo texnoparkida koʻpikli polipropilen, organik oʻgʻitlar va polimer mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimiz yangi loyihalarni faqat xususiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. Kimyo klasterlarida kamida 1 milliard dollarlik loyihalar portfelini shakllantirish vazifasini qoʻydi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari oʻtgan yil 27-avgust kuni “Navoiazot” AJda polivinilxlorid korxonasining ikkinchi bosqichi qurilishiga taʼmal toshi qoʻygan edi. 400 million dollar qiymatga ega boʻlgan ushbu loyiha polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 220 ming tonnaga, kaustik sodani esa 165 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Shu tariqa elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari sanoati, maishiy kimyo va boshqa sohalarda yiliga talab yuqori boʻlgan 210 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Uni 2023-yilda ishga tushirish moʻljallangan.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan hozirda qiymati 7,7 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan 49 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, kelgusida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Fargʻona viloyatlarida yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan 4 ta texnologik kimyo va gaz-kimyo klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Ulardan birinchisi “Navoiyazot” AJda umumiy qiymati 5,3 milliard dollar boʻlgan 30 ta loyiha amalga oshiriladi. Klaster doirasida 36 turdagi yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xususan, kimyo, charm, mebelsozlik va qurilish materiallari sanoati uchun gidroksipropil-metil sellyuloza, polipropilen, vinilatsetat, akrilonitril tola, metil xlorid, kaliy gidroksid, polioksimetilen va kalsiy nitrat kabi mahsulotlarini ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.

“Fargʻonaazot” AJ negizida ishga tushiriladigan ikkinchi klasterda lak-boʻyoqlar, mebel uchun melamin, toʻqimachilik sanoati uchun sunʼiy tolalar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Uchinchi klaster Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Ustyurt hududida joylashtiriladi. Unda kalsiylangan soda, polivinilxlorid, polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.

Toʻrtinchi klaster Toshkent viloyatida tashkil etiladi. Unda monoammoniyfosfat, oltingugurtli karbamid, boshqa fosforli va azotli mineral oʻgʻitlar, protein hamda yuvish vositalari tayyorlanadi.

2022-yilning oʻtgan 6 oyi davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan investitsiya dasturiga muvofiq, jami 88,9 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilingan boʻlib, shundan 70,8 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalardir. Yil yakuniga qadar esa 402,7 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilishi va qiymati 46,3 million dollariga teng boʻlgan yana 10 ta loyiha ishga tushirilib, 397 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Kimyo sohasini rivojlantirish va jahon bozorlarida raqobatbardoshlikni taʼminlash, tarmoqni tubdan diversifikatsiyalash koʻp jihatdan ilmiy-tadqiqot, loyihalash, injiniring, diagnostika markazlari va, asosiysi, malakali kadrlar salohiyati bilan bevosita bogʻliq. Shu jihatlar nazarda tutilgan holda, Toshkentdagi Ulugʻbek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va taʼlim klasteri tashkil etiladi. U 4 ta oliy taʼlim muassasasi va kimyo boʻyicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazini qamrab oladi.

Avvallari “Oʻzkimyosanoat” faqat mineral oʻgʻit ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelgan. Hozirgi kunda tayyorlanayotgan boshqa turdagi (organik, noorganik, kimyo reagentlari va boshqa) kimyo mahsulotlarining turi 110 tadan oshdi hamda jami ishlab chiqarish hajmining toʻrtdan birini tashkil qilmoqda. Kimyo sanoatini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan strategiyani amalga oshirilishi natijasida, 2030-yilda boshqa turdagi kimyo mahsulotlarining ulushi 55 foizga yetadi. Har bir yoʻnalishdagi loyihalarda mahsulotlar sifati va tannarxining zamonaviy texnologiyalar orqali taʼminlanishi esa, eksport hajmini 5−6 barobar oshiradi, unda asosiy oʻrinni yuqori qoʻshilgan qiymat mahsulotlari egallaydi.

Joʻrabek MIRZAMAHMUDOV,

“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi