Global iqtisodiyot beqarorlik davrini boshdan kechirayotgan bir paytda O‘zbekiston o‘z barqarorligini eksport va investitsiyalar orqali ta’minlash yo‘lini tanlamoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida aynan shu masala ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Unda iqtisodiy o‘sish faqat raqamlar bilan cheklanib qolmay, balki mazmunli, barqaror va uzoq muddatli rivojlanish bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi. 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 145 milliard dollardan oshgani bu yondashuvning dastlabki natijalarini ko‘rsatmoqda.
Mazkur o‘sishda eksport muhim omillardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat eksporti 24 foizga oshib, 33,8 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich savdo hajmining oshganini emas, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorda o‘z o‘rnini topa boshlaganini ham anglatadi. Eksport geografiyasining kengayishi va mahsulot turlarining ko‘payishi iqtisodiyotning tashqi zarbalarga nisbatan barqarorligini oshirdi.
Biroq eksportning barqaror va uzluksiz o‘sishi investitsiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki eksport ortida doimo ishlab chiqarish quvvatlari, texnologiyalar va kapital turadi. Prezidentimizning ta'kidlaganlaridek, 2025-yilda mamlakatga 43,1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani, investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etgani O‘zbekiston iqtisodiyotida investitsiya muhim o‘sish dvigateliga aylanganini ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkichlar investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, huquqiy kafolatlarning mustahkamlanayotgani va ochiq iqtisodiy siyosat izchil amalga oshirilayotganining amaliy natijasidir.
Xorijiy investitsiyalar iqtisodiyotda faqat moliyaviy oqim sifatida emas, balki tarkibiy o‘zgarishlarni boshlab beruvchi omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ular hisobiga yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda, boshqaruv madaniyati va ishlab chiqarish standartlari yangilanmoqda. Natijada mehnat unumdorligi oshib, mahsulot tannarxi pasaymoqda va raqobatbardoshlik kuchaymoqda. Eng muhimi, investitsiyalar orqali yaratilgan yangi mahsulot va xizmatlar keyinchalik eksport bozorlariga yo‘naltirilmoqda. Shu tariqa investitsiya va eksport bir-birini to‘ldiruvchi, uzviy bog‘langan yagona iqtisodiy mexanizmga aylanmoqda.
Davlat tomonidan belgilangan uzoq muddatli maqsadlar mavjud iqtisodiy yo‘nalishlarning mantiqiy davomidir. 2030-yilgacha mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 milliard dollargacha oshirish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar tasodifiy raqamlar emas. Ular bugungi iqtisodiy o‘sish sur’atlari, mavjud ishlab chiqarish va investitsiya salohiyati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom etishi hisobga olingan holda belgilangan real natijalar sifatida baholanmoqda.
Eksport va investitsiyalar o‘sishining yana bir muhim natijasi — makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishidir. Oltin-valyuta zaxiralarining 60 milliard dollardan oshgani milliy iqtisodiyotning tashqi zarbalarga nisbatan chidamliligini sezilarli darajada kuchaytirdi. Bu holat valyuta bozorida barqarorlikni ta’minlash, inflyatsion bosimlarni yumshatish va iqtisodiy xavflarni boshqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Natijada iqtisodiy barqarorlik ijtimoiy barqarorlik bilan uzviy bog‘lanmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvozanatli rivojlanish kuzatilmoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar sohasi va raqamli iqtisodiyot parallel rivojlanib, iqtisodiy o‘sishni faqat bitta sektor hisobiga ta’minlash xavfini kamaytirmoqda. Bunday diversifikatsiya iqtisodiyotning tashqi va ichki xatarlariga nisbatan barqarorligini yanada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi O‘zbekiston iqtisodiy barqarorlikka erishishni aniq belgilangan maqsadlar va samarali faoliyat yuritayotgan mexanizmlar asosida ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Eksport hajmining kengayishi mamlakatning tashqi bozorlarga integratsiyasini chuqurlashtirib, xalqaro iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Investitsiyalar esa ichki iqtisodiy salohiyatni oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirmoqda. Prezidentimiz Murojaatnomasida keltirilgan aniq raqamlar va strategik maqsadlar tanlangan rivojlanish yo‘li tasodifiy emasligini ko‘rsatadi. Mazkur yondashuv mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan izchil hamda puxta asoslangan strategiyaga tayangan holda amalga oshirilmoqda.
Nozima O‘ktamova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Davlat boshqaruvi” sho‘basi dotsenti v.b., PhD.