«O‘zbekiston hukumati kimyo va o‘g‘it ishlab chiqarish sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan islohotlarni boshladi. Islohotlarning maqsadi kimyoviy mahsulotlarni va o‘g‘itlarni ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi eskirgan tizimini modernizatsiya qilish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va raqobatbardosh sanoatni yaratish. Bu o‘z navbatida yangi yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratishga va O‘zbekiston sanoatining uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi», - dedi O‘zbekiston Moliya vaziri Timur Ishmetov.
O‘zbekistonning afzalligi shundaki, u o‘zining xom ashyosidan foydalanib, turli xil o‘g‘itlar, sanoat va iste'mol tovarlarini ishlab chiqara oladigan davlatdir. Ammo, davlat nazoratida bo‘lgan sohalar, asosan, sarmoyalar yetishmasligidan aziyat chekyapti, samarasiz bo‘lib qolyapti va ortiqcha resurslar iste’mol qilinyapti. Mazkur loyiha esa zarur bozor islohotlari orqali sohadagi samarasizliklarni bartaraf etish, davlat ishtirokini kamaytirish va xususiy investorlar uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan.
«O‘zining boy tabiiy resurslarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston kimyoviy mahsulotlar va o‘g‘itlarning asosiy eksportchisiga aylanishi mumkin. Progressiv islohotlar, zamonaviy ko‘nikmalar va texnologiyalarga sarmoya kiritish orqali, kimyo sanoati mamlakat iqtisodiy rivojlanishida katalizator rolini o‘ynashi mumkin», — dedi XMKning yevropa, Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib dengizi bo‘yicha vitse-prezidenti Jorjina Beyker. «Ushbu hamkorlik orqali biz O‘zbekiston hukumatini ushbu sohani modernizatsiya qilishda, xalqaro kompaniyalar investitsiyalarini jalb qilishda va mamlakatda barqaror kimyo sanoatini yaratish uchun zarur bo‘lgan eng yangi yechimlar va ilg‘or tajribalarni tatbiq etishda qo‘llab-quvvatlamoqchimiz».
Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘zgarishlar yuz beryapti. 2021-yil 1-may holatiga ko‘ra XMKning O‘zbekistondagi investitsiya portfeli 160 million dollarni tashkil etdi. XMKning maslahat dasturlari O‘zbekiston hukumatiga davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, moliya bozorini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, paxtachilik sektorini transformatsiya qilish, kimyo sanoatini rivojlantirish va energetika va sog‘liqni saqlash sohalarida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) aloqalarini sinovdan o‘tkazishda yordam berishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun: Jahon banki guruhining bir bo‘lagi bo‘lgan XMK rivojlanayotgan bozorlarda xususiy sektorga e’tiborni qaratgan eng yirik global rivojlanish agentligi. XMK rivojlanayotgan mamlakatlarda bozorlar va imkoniyatlar yaratish uchun o‘z kapitali, tajribasi va ta’siridan foydalangan holda 100 dan ortiq mamlakatda ishlaydi. Xususiy sektorni samarali jihatlarini inobatga olgan holda, kambag‘allikni qisqartirish va umumiy farovonlikni rivojlantirish maqsadida, 2020-yilda XMK rivojlanayotgan mamlakatlarning xususiy kompaniyalariga va moliya institutlariga 22 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritgan, deb xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.