Kimyo va biologiya boʻyicha milliy sertifikatga ega oʻquvchilar OTMga kirishda testdan ozod boʻladi

    Ta'lim 13 Avgust 2020 8406

    “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

    Shuningdek, respublika tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablar tashkil etiladi.

    Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish uchun ularga OTMlarning 55 ta kafedralari biriktiriladi.

    Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilari hamda rahbar kadrlarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021-yil 1-yanvardan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.

    Davlat test markazi 2021-yil 1-fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qiladi.

    Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega maktab, litsey va kasb-hunar maktabi oʻquvchilari davlat OTMga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga maksimal ball beriladi.