Samarasi esa shunga monand — xuddi olis choʻqqilarga qish boʻyi yoqqan qor fursati yetgach erib, bogʻu dalalarga obi rahmat boʻlib ariqlarni toʻldirganidek, uzoq vaqt elu xalq kamoliga xizmat qiladi. Kitobxonlik masalasi ham shunday jarayonlar sirasiga kiradi.
Tarixiy tajriba koʻrsatadiki, har qanday yuksalish davri bilimga munosabat bilan bevosita bogʻliq boʻlgan. Ilmga, mutolaaga, fikr almashuviga eʼtibor susaygan jamiyatlarda taraqqiyot uzluksiz davom etmagan. Oʻqish madaniyati shakllangan muhitda esa fikr masʼuliyati, shaxsiy javobgarlik va umumiy manfaat tushunchalari mustahkam oʻrin olgan. Shu sababli kitobxonlik jamiyatning umumiy holati bilan chambarchas bogʻliq masaladir. Bugun iqtisodiy oʻsish, infratuzilma yangilanishi, boshqaruv tizimlari takomillashuvi bilan bir qatorda fikr sifati masalasi kun tartibiga chiqayotganining boisi ham shu. Jamiyatning ertangi kuni faqat moddiy koʻrsatkichlar bilan oʻlchanmasligini tobora teranroq anglab yetar ekanmiz, bu holat, oʻz navbatida, bilimga, mutolaaga, maʼnaviy muhitga nisbatan yondashuvni qayta koʻrib chiqish zaruratini yuzaga keltirdi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aynan shu ehtiyoj bilan bogʻliq holda qabul qilingan muhim hujjatdir. Qarorda kitobxonlik alohida kampaniya yoki qisqa muddatli tashabbus sifatida talqin etilmay, aksincha, mutolaaga jamiyat hayotining turli boʻgʻinlariga bevosita aloqador strategik vazifa oʻlaroq qaralayotganini kuzatish mumkin. Bu yondashuv kitobni madaniy atribut emas, balki ijtimoiy taraqqiyot omili sifatida anglashga asoslanadi. Yaʼni kitobxonlikka doir vazifalar maʼmuriy talab shaklida qoʻyilmagan. Asosiy eʼtibor sharoit yaratishga, imkoniyatlarni kengaytirish va ragʻbatlantirish mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan. Shu nuqtayi nazardan, kitobxonlik masalasini milliy xavfsizlik, intellektual barqarorlik va ijtimoiy masʼuliyat tushunchalari bilan bogʻliq holda tushunar ekanmiz, ayni vaqtda qaror ortida turgan fikrlar tizimini anglash hamda ularning jamiyat rivojiga taʼsir doirasini oʻrganish, atroflicha tahlilga tortish, munosabat bildirish ehtiyoji paydo boʻlishi tabiiy.
Moliyaviy va institutsional yechimlar
Jamiyatda muayyan odatlarning keng tarqalishi ularning shaxsiy tanlov doirasidan chiqib, umumiy qabul qilingan meʼyor darajasiga koʻtarilganidan dalolat beradi. Bunday jarayon odatda uzoq muddatli ijtimoiy munosabatlar orqali shakllanadi. Kitobxonlik masalasi ham aynan shu yoʻsinda baholanishi lozim. Xususan, qarorga muvofiq, “Kitob — maʼrifat manbai” loyihasi doirasida aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish va yiliga oʻrtacha 10 ta kitob oʻqish maqsadi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Ushbu koʻrsatkich orqali jamiyatga aniq yoʻnalish beriladi, bunday yondashuv esa mutolaani alohida tashabbus darajasidan kundalik hayot tarkibiga olib kirishga xizmat qiladi.
Psixologlarning taʼkidlashicha, ijtimoiy meʼyor darajasiga yetgan har qanday odat tashqi nazoratga muhtoj boʻlmaydi. Shu maʼnoda, oʻqish madaniyati keng yoyilgan muhitda insonning mutolaa bilan shugʻullanishi alohida eʼtirof talab qilmaydi. Aksincha, undan chetda qolish savol tugʻdirishi mumkin. Muayyan muddatda oʻqilishi belgilangan kitoblar soni esa vaqt tushunchasini qayta tartiblaydi. Oʻqish jarayoni boʻsh paytga qoldiriladigan mashgʻulot emas, rejalashtiriladigan faoliyat sifatida idrok etilishi insonning shaxsiy rivojlanishga boʻlgan munosabatini oʻzgartiradi. Qisqasi, mutolaa bilan vaqtni mazmunan toʻldirish odatini shakllantirish orqali oʻqish jarayoni uzluksiz va barqaror tus oladi.
Shu bilan birga, har qanday ijtimoiy tashabbus singari kitobxonlik masalasiga doir moliyaviy va institutsional yechimlarning alohida belgilanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki maqsad aniq ifodalangan taqdirda ham moliyaviy va tashkiliy asoslar yetarli darajada mustahkam boʻlmasa, natija kutilgan darajaga yetishi amrimahol. Demak, Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilishidan koʻzlangan maqsadni tushunish qiyin emas. Jamgʻarma kitob bilan bogʻliq jarayonlarni markazlashgan holda qoʻllab-quvvatlash imkonini yaratadi. Nashr, tarjima, mualliflik huquqi, targʻibot kabi yoʻnalishlar yagona moliyaviy mexanizm orqali muvofiqlashtiriladi.
Avvalgi davrlarda kitob nashri va tarjima masalalari koʻpincha alohida tashabbuslar doirasida hal etilib kelindi. Bunday yondashuv uzoq muddatli rejalashtirish imkonini cheklashi ayon. Jamgʻarma faoliyati esa bu jarayonni tizimli yoʻlga qoʻyadi. Moliyaviy resurslarning maqsadli yoʻnaltirilishi natijasida nashrlar sifati, tarjimalarning puxtaligi va mualliflik huquqiga munosabatda barqarorlik yuzaga keladi. Tarjima, nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻ miqdori oshirilishi alohida mavzu. Bu orqali jahon tajribasi, ilmiy va badiiy meros bilan tanishish imkoniyatlari kengayadi. Shu bilan birga, milliy adabiyotning ichki rivoji uchun zarur sharoit yaratiladi.
Moliyaviy mexanizmlarning aniqligi sohada masʼuliyatni oshiradi. Mablagʻ ajratilishi bilan birga natija uchun javobgarlik masalasi ham kun tartibiga chiqadi. Qaysi loyihalar ustuvor hisoblanishi, qaysi yoʻnalishlar jamiyat ehtiyojlariga mos kelishi ochiq muhokama etilishi bu borada muhim. Shuningdek, jamgʻarma orqali tarjima va nashr xarajatlarining muayyan qismini qoplash mexanizmi ham alohida eʼtiborga loyiq. Bu, oʻz navbatida, sohaga xususiy tashabbuslarni jalb etish imkonini kengaytiradi. Nashriyotlar, tarjimonlar, mualliflar uchun xavf darajasi kamayadi. Shu tariqa moliyaviy va institutsional asoslar kitobxonlik siyosatining tayanch nuqtasiga aylanadi. Bu asoslar tashabbuslarning uzluksizligini, rejalarning izchilligini, natijalarning barqarorligini taʼminlaydi.
“Jadidlar izidan”
Yosh avlod qanday bilim egallaydi, oʻz hayot konsepsiyasini tanlashda qaysi manbalarga tayanadi, nimalardan ulgi oladi, fikrni qay tarzda shakllantiradi, bayon qiladi — ana shu omillar jamiyat ertangi kunining sifatini belgilaydi. Shu sababli kitobxonlik masalasida yoshlar bilan ishlash alohida yoʻnalish sifatida koʻrilishi tabiiy hol. Yosh avlod bilan bogʻliq siyosatda asosiy masala bilimga, kitobxonlikka munosabatni shakllantirishdir. Oʻqish majburiyat sifatida qabul qilingan muhitda mutolaa xoʻjakoʻrsindan nariga oʻtmaydi, u ehtiyojga aylanganda esa tafakkur tabiiy ravishda rivojlanadi. Qarorda yoshlar uchun belgilangan tashabbuslar aynan shu farqni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Chunonchi, maktab yoshida mutolaa odatini shakllantirish masalasiga toʻxtalsak. Aynan shu davrda insonning dunyoni idrok etish usuli, savol berish qobiliyati, oʻz fikriga munosabati tarkib topadi. Kitob bilan erta tanishgan yosh voqelikni tayyor sxemalar emas, mulohaza orqali anglashga moyil boʻladi. Bu jarayon shaxsiy intizomni, eʼtiborni jamlash, fikrni izchil bayon etish koʻnikmalarini mustahkamlaydi.
“Jadidlar izidan” nomi bilan yoʻlga qoʻyilayotgan kitobxonlik klubi loyihasi mazmunan tarixiy xotiraga suyanadi. Jadidlar faoliyati, avvalo, yosh avlodni oʻqishga, anglashga, dunyo bilan fikr orqali muloqot qilishga chorlagan. Ularning asosiy gʻoyasi tayyor haqiqatlarni takrorlash emas, bilʼaks, savol qoʻyish madaniyatini shakllantirishdan iborat boʻlgan. Bugungi sharoitda bu yondashuv zamonaviy ehtiyojlarga mos holda qayta talqin qilinyapti.
Mazkur klub doirasida yoshlar uchun mutolaa individual mashgʻulotdan jamoaviy tajribaga aylantiriladi. Oʻqilgan asarlar yuzasidan fikr almashish, bahs yuritish, mulohaza bildirish yoshlarni tayyor xulosani qabul qilish oʻrniga oʻz qarashini shakllantirishga yoʻnaltiradi. Fikrni asoslash, dalil keltirish, boshqacha qarashlarga munosabat bildirish madaniyati asta-sekin qaror topadi.
Kitobxonlik klubi yoshlarning yiliga kamida 20 ta kitob oʻqishini taʼminlashni nazarda tutmoqda. Mazkur tashabbus mutolaani vaqt bilan bogʻlash, oʻqishni rejalashtirilgan faoliyatga aylantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni ragʻbatlantirish masalasi ustuvor. Negaki ragʻbat mehnat va natija oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatadi. Oʻqish orqali erishilgan bilim va tafakkur jamiyat tomonidan eʼtirof etilishi yoshlar ongida ijobiy munosabat uygʻotib, mutolaani ijtimoiy nufuz omiliga aylantiradi.
Mutolaa orqali shakllanayotgan fikrlash madaniyati yoshlarning hayotiy tanlovlariga ham taʼsir koʻrsatadi. Oʻqigan, solishtirgan, xulosa chiqargan yosh voqelikka bir yoqlama yondashmaydi. U sabab va oqibatni ajratishga odatlanadi. Shaxsiy masʼuliyat, ijtimoiy pozitsiya, ongli qaror qabul qilish kabi sifatlar aynan shu jarayonda oʻz samarasini namoyon etadi.
Muallif va ijod masʼuliyati: adabiy mehnat bahosi
Har bir davrning oʻz savol-soʻroqlari boʻladi, bu savollarga javob topish jarayoni esa muayyan fikr egalari orqali kechadi. Ana shu jarayonda muallif shunchaki matn yaratuvchi shaxs emas, balki jamiyat ongiga taʼsir koʻrsatuvchi masʼul subyekt sifatida maydonga chiqadi. Shu bois, adabiy ijodga munosabat jamiyatning qay bir maʼnoda oʻz fikriga boʻlgan munosabati hamdir. Shunga qaramay, uzoq vaqt davomida ijodkor faoliyatiga koʻproq ichki ehtiyoj mahsuli sifatida qaralib kelindi. Bunday yondashuv esa adabiyotning ijtimoiy vazifasini tan olmaslik, uni aylanib oʻtishga behuda urinishdan boshqa narsa emas. Ijodkorlar aslida jamiyat hayotida muhim rol oʻynasa-da, ularning mehnati koʻpincha tizimli qoʻllab-quvvatlashdan chetda qolib kelganini ham hech bir vaj bilan oqlab boʻlmaydi, nazarimizda.
Oʻzbekiston Prezidenti qarorida mualliflarni aniqlash va ularning ijodiy faoliyatini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasining kun tartibiga chiqishi ushbu muammo oʻz vaqtida anglanib, unga samarali yechim taqdim etilayotganidan darak. Afsuski, ijodkorni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasi koʻpincha notoʻgʻri talqin qilinadi. Mohiyatan gap faqat ragʻbat haqida ketayotgani yoʻq. Asosiy masala ijod uchun zarur boʻlgan sharoit yaratishdan iborat.
Qarorda nazarda tutilgan “Isteʼdodli mualliflar” loyihasi doirasida yosh yozuvchi va tarjimonlarni ragʻbatlantirish mexanizmi orqali tanlov asosida aniqlanadigan mualliflarga bir yilgacha haq toʻlanishi ijodiy mehnatni rejalashtirilgan faoliyatga aylantiradi. Muallif oʻz vaqtini izchil ravishda ijodga bagʻishlash imkoniga ega boʻladi. Bu holat puxta ishlangan asarlar yaratilishi uchun sharoit hozirlaydi. Ayni paytda ijod erkinligi bilan ijtimoiy masʼuliyat oʻrtasida muvozanat qaror topadi.
Mazkur yondashuv adabiy muhitda tanlov mezonlarini ham aniqlashtiradi. Ijodkorning fikr kengligi, mavzuga yondashuvi, jamiyat hayotiga munosabati eʼtibor markaziga chiqadi. Bu esa adabiyotning ichki sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi turgan gap. Muallifga yaratilayotgan sharoitlar adabiyotning jamiyat bilan aloqasini mustahkamlaydi. Ijodkor fikr bildirish, bahsga kirishish, masʼul savollar qoʻyish imkoniga ega boʻladi. Shu orqali adabiyot jamiyat hayotining faol ishtirokchisiga aylanadi. Shu jihatdan ham mualliflarni aniqlash va ularning ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar kitobxonlik siyosatining muhim boʻgʻinidir. Bu boʻgʻin adabiy soʻzning ijtimoiy vaznini oshiradi, fikrning jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlaydi.
Milliy adabiyot faqat ichki imkoniyat va resurslar bilan cheklanib yetarlicha ravnaq topa bilmasligini ham unutmaslik lozim. Uning tabiiy ehtiyoji tashqi makon bilan muloqot qilish, boshqa tajribalar bilan yuzlashish, oʻz ovozini kengroq maydonda eshittirishdan iborat. Ayni holda tarjima masalasi alohida ahamiyat kasb etadi, aniqrogʻi, u fikrlar almashinuvi, madaniy tajribalar uchrashuvi, intellektual ufqlarning kengayish jarayonidir. Qaror bilan eng sara jahon adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga, milliy adabiyot namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish masalasining alohida belgilanishi ana shu ehtiyoj bilan bogʻliq. Ayni maqsadda 2026-2030-yillar mobaynida “Jahon adabiyoti oʻzbek tilida” loyihasi doirasida xorijiy adabiyotlarni tarjima qilish xarajatlarining 80 foizigacha qismi qoplab berilib, har bir loyiha uchun BHMning 600 baravarigacha, shuningdek, “Milliy kitob tarjimasi va nashri” loyihasi uchun joriy yildan boshlab har yili BHMning 60 ming baravarigacha mablagʻ ajratilishi belgilangan.
Xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish orqali jamiyatning intellektual doirasi kengayadi. Turli davrlar, maktablar, qarashlar bilan tanishish imkoni paydo boʻladi. Milliy adabiyotning xorijiy tillarga tarjima qilinishi esa butunlay boshqa masʼuliyatni yuklaydi. Tarjima orqali milliy ruh, tarixiy xotira, madaniy qarashlar tashqi oʻquvchiga yetkaziladi. Shu sababli qaysi asarlar tanlanayotgani, qanday talqin berilayotgani alohida eʼtibor talab qiladi.
Qarorda tarjima va nashr xarajatlarining muayyan qismini qoplash mexanizmi belgilanishi ushbu jarayonga tizimli yondashuv mavjudligini koʻrsatadi. Tarjima sohasi koʻp hollarda katta mehnat talab qiladigan, moliyaviy jihatdan murakkab yoʻnalish hisoblanadi. Davlat tomonidan yaratilayotgan sharoit ushbu yoʻnalishda sifatli ish olib borish imkonini kengaytiradi. Tarjimon, muharrir, nashriyot faoliyati oʻzaro uygʻunlashadi. Xalqaro maydonda esa bilvosita mamlakat va ijodkor mansub millat imijini ilgari suradi, yaʼni oʻquvchi biror asar orqali jamiyatning qadriyatlari, muammolari, orzu-intilishlari haqida tasavvur hosil qiladi. Shu nuqtada adabiyot yumshoq taʼsir vositasi — “yumshoq kuch” vazifasini bajaradi. U bevosita targʻibot bilan shugʻullanmasa-da, oʻquvchini fikr ortidan ergashtirishi mumkin.
Mutolaaning ijtimoiy makoni
Kitobxonlik tom maʼnoda madaniyat darajasiga yetishi uchun birinchi galda qulay muhit, doimiy mavjudlik va kundalik hayot bilan uygʻunlashgan makon zarur. Shu bois, kitobxonlik siyosatida infratuzilma masalasi naqadar muhim ekani xususida yuqorida ham soʻz yuritdik. Bu borada kutubxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlar kesimida yangilarini bunyod etish dolzarb vazifalardan. Jumladan, “330 ta mahalla kutubxonasi” loyihasi asosida mahalla kutubxonalari zamonaviy formatga oʻtkazilib, har bir kutubxona uchun BHMning 180 baravarigacha mablagʻ ajratilishini nazarda tutuvchi tashabbus ilgari surilmoqda. Zero, mahalla jamiyatning eng quyi va eng tirik boʻgʻini hisoblanar, kundalik hayot, muloqot, tarbiya va munosabatlar ana shu makonda shakllanar ekan, kitob va kitobxonlikning aynan shu muhitga kirib borishi mutolaa geografiyasi va qamrovini ham kengaytirishi shubhasiz.
Infratuzilma masalasida yana bir muhim yoʻnalish — raqamli imkoniyatlar. “Mutolaa” loyihasi orqali jamoat transporti va infratuzilma obyektlarida elektron va audiokitoblardan foydalanish imkoniyati yaratilishi oʻqish jarayonini makon va vaqt bilan bogʻliq cheklovlardan xalos qiladi. Bu, ayniqsa, yoshlar va ish bilan band qatlam uchun qulaylik yaratadi.
Jamiyatda muayyan faoliyat koʻpincha unga berilgan baho hamda ragʻbatlantiruvchi omillar orqali barqarorlashadi. Biz soʻz yuritayotgan masalada ham aynan shu qonuniyat amal qiladi. Qaror bilan “Top 100 kitobxon” loyihasi doirasida oʻquvchi va talabalar orasida eng koʻp kitob oʻqiganlar taqdirlanishi, kitobxonlik reytingini shakllantirish borasidagi tashabbus ana shu ehtiyojdan kelib chiqdi deyish mumkin.
Reyting mexanizmi orqali kitobxonlik ijtimoiy raqobat maydoniga kiradi. Bu raqobat moddiy manfaat uchun emas, balki intellektual faollikni oshirishni koʻzda tutadi. Insonlar oʻz ustida ishlashga, koʻproq oʻqishga, fikr doirasini kengaytirishga intiladi. Shu tarzda mutolaa shaxsiy rivojlanish bilan birga ijtimoiy nufuz omiliga aylanadi. “Top 100 kitobxon” dasturi doirasida belgilangan ragʻbat mexanizmi ayni maqsadga xizmat qiladi. Xususan, intellektual raqobat muhiti shakllanishi jamiyatda fikrlar xilma-xilligini kuchaytiradi, fikr almashish madaniyatini mustahkamlaydi.
Shu oʻrinda qarorning jamiyat oldida masʼul shaxs sifatida muayyan maʼnoda fikr tashuvchi subyekt hisoblanmish davlat xizmatchilarining fikrlash darajasi, dunyoqarashi va qaror qabul qilish madaniyatiga daxldor jihatlariga toʻxtalish joiz. Zero, ularning intellektual tayyorgarligi davlat boshqaruvining ichki sifati bilan bevosita bogʻliq. Vazirlik va idoralarda kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar roʻyxatini shakllantirish tashabbusi davlat xizmatida bilim bilan ishlashga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishga qaratilgan. Bu yondashuv xodimdan faqat amaldagi tartib-qoidalarni bilishnigina emas, oʻz sohasining mazmunini chuqur anglashni ham talab etadi. Kasbiy adabiyotlar orqali davlat xizmatchisi oʻz faoliyatini kengroq kontekstda koʻra boshlaydi. Qarorlar tor doiradagi koʻrsatmalar bilan cheklanib qolmay, umumiy jarayonlar bilan bogʻlanadi.
Idoralarda “Kitob burchagi” tashkil etilishi esa davlat xizmatchisining kundalik ish muhiti bilan mutolaa oʻrtasida bevosita bogʻlanish hosil qiladi. Xodim kerakli maʼlumotni izlash, oʻrganish, solishtirish orqali ish yuritishga koʻnikadi. Har oyda yoʻlga qoʻyiladigan “Kitob oʻqish soati” xususida ham shunday fikr bildirish mumkin. Bundan tashqari, davlat idoralarida eng koʻp kitob oʻqigan xodimni moddiy jihatdan ragʻbatlantirish tashabbusi oʻqishga berilayotgan eʼtibor darajasini aniq koʻrsatadi. U bilim va mehnat oʻrtasidagi bogʻliqlikni ifodalovchi vosita vazifasini bajaradi. Oʻqish orqali oʻz ustida ishlagan xodimning mehnati eʼtirof etiladi.
Mutolaa madaniyati davlat xizmatchisining axloqiy pozitsiyasini ham mustahkamlaydi. Kitob orqali shakllanadigan fikrlash insonni faqat hujjat bilan emas, jamiyat manfaatlari bilan ishlashga undaydi. Xodim oʻz faoliyatining ijtimoiy oqibatlari haqida mulohaza yuritadi. Davlat xizmatida bilimga tayangan muhit shakllanganida tashqi nazoratga boʻlgan ehtiyoj kamayadi. Shu jihatdan qaralganda, vazirlik va idoralarda mutolaa madaniyatini rivojlantirish tashabbuslari davlat xizmatining ichki sifatini oshiradi, maʼnan yetuk rahbar-xodimlar safini kengaytiradi.
Mazkur hujjatda ilgari surilgan tashabbuslar bir-biri bilan uzviy bogʻlangan holda umumiy maqsadga xizmat qiladi. Kitobxonlikni ijtimoiy meʼyor sifatida qaror toptirish, moliyaviy va institutsional tayanch yaratish, yoshlar bilan tizimli ishlash, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, tarjima siyosatini yoʻlga qoʻyish, infratuzilmani kengaytirish, ragʻbat va reyting mexanizmlarini joriy etish, davlat xizmatida mutolaa madaniyatini shakllantirish — bularning barchasi yagona mantiqiy zanjirni hosil qiladi. Ana shu jarayon orqali barqaror taraqqiyot uchun zarur boʻlgan ongli muhit shakllanadi. Bu muhitda soʻzning qadri ortadi, fikrning masʼuliyati kuchayadi, kelajak haqida qarorlar aniqlik va vazminlik bilan qabul qilinadi.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri