Mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash barcha yetakchi tarmoqlarni, jumladan, agrar sohani modernizatsiyalash, yangi texnika va tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish bilan bir qatorda, qishloq xo'jaligida ishlab chiqarish tarkibini tubdan yangilash, uni o'zgartirish va diversifikatsiyalashni taqozo etmoqda.
Ma'lumki, har qanday qishloq xo'jaligi ekinlarining hosili sara va sifatli urug'likka bog'liq. Ayniqsa, boshoqli don ekinlari hosildorligining 50 foizi navning biologik xususiyatlariga, qolgan yarmi sifatli sara urug'likka va parvarishlash agrotexnika tadbirlariga bog'liq.
Prezidentimizning 2019-yilning iyun oyi boshida Toshkent viloyatiga tashrifi davomida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, g'alla ekinlari urug'chiligini tubdan isloh qilish, bu borada ilmiy tashkilotlar va agroklasterlar hamkorligini yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriq va ko'rsatmalar berdi.
Shunga asosan, g'allachilik va boshqa qishloq xo'jaligi ekinlari urug'chiligini yanada rivojlantirish maqsadida “Innovatsion texnologiyalarni joriy qilish markazi” MCHJ tashkil etildi. Uning zimmasiga urug'chilik sohasida ilmiy va amaliy ishlarni yshlga qo'yish, bu yo'nalishda mahalliy va xorijiy ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, agroklasterlar bilan hamkorlikda g'alla ekinlari urug'larini yetishtirish va tayyorlash, yem-xashak va moyli ekinlar samaradorligini yanada oshirish uchun bug'doy o'rimidan so'ng takroriy muddatda ekiladigan ultra ertapishar makkajo'xori va kungaboqarning boshlang'ich navlarini yaratish vazifasi yuklatildi.
Avvalgi urug'chilik tizimi o'tgan asrning 60–yillarida lalmi yerlar uchun ishlab chiqilgan bo'lib, u suvli yerlar uchun to'g'ri kelmasdi. Buning ustiga, elita urug'lari 6 yilda fermer xo'jaliklari dalasiga yetib borardi. Bunday ish uslubida, birinchidan, nav ma'nan eskirar, udan foydalanish muddati esa, qisqarib ketardi. Yuqori avlodli urug'larni tayyorlash xarajatlari asosan davlat byudjeti mablag'i hisobiga amalga oshirilardi.
Yangi tizimning yo'lga qo'yilishi tufayli ushbu xarajatlarni kamaytirish hisobiga boshlang'ich urug'lik yetishtirish tannarxi 3-4 barobarga kamaydi. Elita urug'lari 3 yilda tayyorlanib, bu jarayon eski tizimga nisbatan ikki barobarga qisqartirildi. Bu, o'z navbatida, eng asosiysi selektsiyachi olimlarning fundamental izlanishlar ko'lamini kengaytirish uchun imkon yaratadi.
Shu tariqa, Prezidentimiz ko'rsatmasiga muvofiq, respublikamizning sug'oriladigan maydonlari uchun birinchi marta g'alla ekinlarining yangi, tezkor urug'chilik tizimi vujudga keltirildi. Ya'ni, ayni kunda Toshkent viloyatidagi sinov-tajriba ishlari: boshlang'ich urug'lik (ko'paytirish pitomnigi) — O'siliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutida, superelita urug'lari — “Innovatsion texnologiyalarni joriy qilish markazi” MCHJ, elita urug'lari — “Agrover” urug'chilik klasterida, R-1 avlodli reproduktsiya urug'lari — agroklasterlarda olib borilmoqda. Xususan, joriy yilda viloyat uchun yetarli miqdorda (300-350 tonna) superelita, 4000 tonna elita, R-1 avlodli urug'lar esa 2022-yilda viloyatning 5 ta agroklasterlarida 25000 tonnaga yetkaziladi.
2020-2021-yillarda viloyatning sug'oriladigan g'alla maydonida 19 ta nav ekilgan bo'lsa, 2022-yildan boshlab ular soni 5 tani tashkil etadi. Huddi shunday urug'chilik tizimi Andijon viloyatida ham joriy etilib, hudud uchun yetarli bo'lgan (3000 tonna) elita urug'lari tayyorlanadi.
Bugungi kunda respublikamizda rayonlashtirilgan mosh navlarining 1000 dona urug' vazni 50-55 gramni tashkil etadi. Jahon bozorida esa yirik donli mosh navlarining narxi 30-34 foiz yuqori baholanadi. Institut olimlari tomonidan Butunjahon Sabzavotchilik markazi hamkorligida moshning eksportbop (1000 dona urug' vazni 90-100 gramm) intensiv tipidagi navlari (“Durdona”, “Barqaror”) yaratilib, ularning boshlang'ich urug'chilik tizimi shakllantirildi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 23-iyuldagi “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarorida 2020-2024-yillarda texnik navli uzumzorlar va vinochilik sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan kompleks maqsadli dasturlarini amalga oshirish, uzumning yangi navlarini yaratish va ularni ekishni tashkillashtirish bilan bog'liq vazifalar belgilab berilgan. Ayniqsa, vinobop uzumchilikni rivojlantirishda brend navlar asosiy o'rin tutadi. Masalan, Rossiya va Evropa davlatlarida brend hisoblangan vinobop uzum navlarining 1 dekalitri 80-100 AQSH dollariga, brend bo'lmagan navlarniki esa, atigi 10-20 dollarga xarid qilinadi.
Respublikamizda parvarishlanayotgan jami 18 ta uzum navining 15 tasi 11,5 ming gektar maydonni egallaydi. Atigi 3 ta nav brend hisoblanib, ular bo'lsa 2 ming gektar maydonda ekilgan.
Hozir kunda Bog'dorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda institutning jahon kollektsiyasidagi Evropa davlatlarida brend hisoblangan 14 ta navidan 8 tachi tanlab olinib, birinchi marta vinobop brend navlarning onalik bog'lari tashkil qilindi, ko'chat etishtirish boshlab yuborildi. Joriy yilda tanlab olingadan navlardan 1,5, 2022-yildan boshlab 2 million dona uzum ko'chatini etishtirish rejalashtirilgan.
Butun dunyoda global iqlim o'zgarishi mevali ekinlarga sa'lbiy ta'sir ko'rsatishi natijasida hosildorlik pasayib bormoqda. Bu jarayonni tahlil qilish va yaxshilash maqsadida O'simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Germaniyaning GIZ xalqaror tashkiloti bilan hamkorlikda Rossiya va Evropa davlatlarining asosiy maydonlarida (80 foiz) etishtirilib kelinayotgan 6 xil mevali ekinlar (olma, nok, gilos, olo'ri, shaftoli, behi) 195 ta navi introduktsiya qilinib, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari tuproq-iqlim sharoitlarida issiqlikka hamda qurg'oqchilikka chidamligini o'rganish bo'yicha tadqiqotlar olib borildi. Uning natijalari birgina olmaning 30 ta navidan atigi 2 tasi (“Jeromayn-1” va “Jonagold-1”) navi issiqlikka chidamli ekanini ko'rsatdi. Qolgan 28 ta navning 30-100 foiz hosili (+570 S) issiq ta'sirida to'kilib, hosildorlik gektar boshiga 12-14 tonnani tashkil qildi.
Tanlab olingan 2 ta navning hosildorligi 2020-yilda gektaridan 45-50 tonnadan kam bo'lmadi. Bu navlar payvandtaglari (M-26, MM-111) O'zbekiston uchun yangi bo'lib, bor-yo'g'i 1-2 foiz maydonni egallaydi. Asosiy maydonda esa, M-9, MM-106 payvandtagli navlar ekilgan bo'lib, Surxondaryo sharoitida ular hosildorligi 18 tonnadan oshmayapti. Ko'rinib turibdiki bugungi kunda payvandtaglar seleksiyasini ko'chaytirish olim va mutaxassislar oldidagi eng dolzarb masala hisoblanadi.
Shu bois nstitutda O'zbekistonda birinchi marta tizimli ravishda mevali ekinlarning issiqlikka chidamli navlarni yaratish bo'yicha selektsiya ishlari boshlandi. Ko'rinib turibdiki, boshqa belgilari bo'yicha ham stress holatlarga chidamli navlar yaratish ishlari mintaqalar kesimida olib borilishi maqsadga muvofiq bo'ladi.
Hozirgi kunda tanlab olingan navlardan 2021-yilda 1 million dona va 2022-yildan boshlab esa 1,5 million donadan ko'chatlarini yetishtirish rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, yuqorida qayd etilgan O'simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar Prezidentimizning 2021-yil 26-fevraldagi “O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo'ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga kiritilgan bo'lib, bu sohada ilmiy va amaliy izlanishlar davom ettirilyapti.
Yuqorida qayd etilgan qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning klaster — ilm-fan integratsiyasi, innovatsiya va iqtisodiy o'sish mezoni ekanligini amalda to'liq isbotlashi, muqarrar.
Amir OMONOV,
“Innovatsiya va texnologiyalarni joriy qilish markazi” MCHJning ilmiy raxbari,
qishloq xo'jaligi fanlari doktori, professor