Klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 15 ta kichik sanoat zonasi tashkil qilinadi

    Sanoat 22 Iyun 2021 1381

    “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5155-son, 21.06.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari (15 ta) tashkil qilinadi.

    Kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.

    Kichik sanoat zonalarini tashkil qilish uchun yer maydoni ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

    Quyidagi xarajatlar Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplanadi:

    2021–2024-yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo (TIF TN boʻyicha 4410 va 4411 kodlari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi miqdorida;

    2024-yil 1-yanvargacha mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan qoʻshni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yoʻl tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yoʻl transportida 7 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorida.

    2023-yil 1-yanvarga qadar mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan ayrim xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi.

    Shuningdek, 2022-yildan har yili may oyida Mebel xalqaro savdo koʻrgazmasi (“Uzbek International Furniture Fair”) oʻtkaziladi.