Yigʻilishda kelgusi besh yilda qishloq xoʻjaligi hosildorligini kamida 2 barobar koʻtarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga yetkazish, aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirish lozimligi, bunda klasterlar asosiy tayanch va yetakchi boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Maʼlumki, qishloq xoʻjaligi dunyodagi eng katta ish beruvchi tarmoq hisoblanadi. Dunyo aholisining qariyb 40 foizi bandligi aynan ushbu sohada taʼminlangan. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi kundan kunga dolzarblashayotgan bir sharoitda bugun ushbu sohani rivojlantirish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida aholi bandligini taʼminlash orqali daromadini oshirishda qishloq xoʻjaligi eng katta imkoniyatga ega.
Oʻzbekistonda ham qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning muhim tarmogʻi sanaladi. Sohada foydalanilayotgan yer maydoni respublika hududining 50 foizdan ortigʻini tashkil qiladi va aholining aksariyat qismi ham ushbu sohada tirikchilik qilmoqda. Tarmoqning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ham oshib boryapti.
Qayd etish lozim, boshqa sohalarda boʻlgani kabi soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligida unumdorlikni oshirish orqali mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish, tarmoqqa ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, xoʻjalik yuritishning yangi shakllari – dunyoda tobora keng koʻllanilayotgan klaster va kooperatsiyalar tizimini rivojlantirish borasida ham muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada qonunlarimiz oʻzgartirildi, bir nechta qaror, dasturlar qabul qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, agrar sohaning “lokomotivi” hisoblangan klasterlarga yer maydonining berilishi natijasida paxtachilikda hosildorlik bir yilda 10-15 foizga oshgan. Chorvachilik, gʻallachilik, va meva-sabzavot yetishtirish hajmi ham koʻpaygan. Shu bilan birga tolani qayta ishlash 2,5 barobarga oshib, 100 foizga yetkazilgan. Shuningdek, ip-kalava ishlab chiqarish 2 barobarga, tayyor mahsulot 3 barobarga ortgan. Eksport hajmi yil yakuniga qadar 3 milliard dollarga yetishi kutilyapti.
Xoʻsh, klasterlik tizimi qisqa vaqt ichida shunchalik samara berayotgan ekan, nima uchun undan kengroq foydalanib, rivojlantirmasligimiz kerak?
Davlatimiz rahbari ishtirokida oʻtgan navbatdagi videoselektor yigʻilishida ana shu masalalar keng muhokama qilinib, klasterlik faoliyatini rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan muammo va kamchiliklar ochiq aytildi va ularning aniq yechimlari koʻrsatib oʻtildi.
“Eng asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibi, – dedi Prezident. – U sohani rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan talablarga mutlaqo javob bermayapti. Paxta-toʻqimachilik klasterlari kredit muddatlarini uzaytirish va miqdorini koʻpaytirishni soʻrayapti. Hozirda klasterlarga kredit 11 oy muddatga ajratiladi. Paxta xomashyosini yetishtirib, uni qayta ishlashga esa kamida 24 oy kerak. Yerni ekishga tayyorlash oktyabrda boshlansa-da, kredit 3-4 oy kechiktirib, yanvar-fevral oylaridan ajratiladi. Bu eski tizim endi toʻliq oʻzgaradi”.
Taʼkidlanganidek, yigʻilishda asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibini oʻzgartirish, jumladan, klasterlarga berilayotgan kredit muddatini uzaytirish, miqdorini koʻpaytirish, yangi kredit liniyasini ochish, meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, imtiyozli kreditlar ajratish belgilandi.
Ehtiyojmand oilalarga alohida eʼtibor qaratib, ularga dehqonchilik sirlarini oʻrgatish va koʻmaklashish, buning uchun 100 million soʻmgacha boʻlgan meva-sabzavotchilik loyihalariga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi shartlari asosida kredit berilishi qayd etildi. Shuningdek, klaster va fermerlar texnikani arzon xarid qilishi uchun import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlarni bojxona toʻlovlaridan ozod etilishi belgilandi. Hosildor va kasalliklarga chidamli yangi navlarni ekish, urugʻchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash uchun imtiyozlar beriladigan boʻldi. Ushbu maqsadlar uchun yiliga jami 25 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
Yigʻilishda tegishli idoralarga ushbu tashabbuslar ijrosini taʼminlash boʻyicha farmon va qaror loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Zafar ABDIRAIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati