Unda qayd etilishicha, noyabr oyida Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozori xaridorlarni jalb qilgan. Yaʼni ikki oylik pasayishdan soʻng koʻchmas mulk bozorida faollik oʻsa boshlagan.
Shuningdek, mutaxassislar hozirgi bozor holatini oʻrtacha barqaror, deb hisoblashmoqda.Savdolarning pasayishi toʻxtadi, ammo keskin oʻsish kuzatilmadi.
Noyabr oyida koʻchmas mulk savdosi 4 foizga oshgan. Oy davomida faollikning eng koʻp oʻsishi Xorazm – 23 foiz, Namangan – 16 foiz va Jizzax viloyatlarida – 12 foiz qayd etildi.
Yil davomida uy-joy savdosi 10%ga kamaydi. Faollikning eng koʻp pasayishini koʻrsatgan hududlar Navoiy va Jizzax viloyatlari boʻlib, mos ravishda 23% va 18%ga pasaygan. Poytaxtda sotuvlar oʻtgan yilga nisbatan 24%ga kamaydi.
Noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraning oʻrtacha narxi oktyabr oyidagi 9,5 dollarga nisbatan 2,1%ga biroz pasaydi va 1 kv.m. uchun 9,3 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning 11 ta tumanidan 10 tasida ijara narxining pasayishi qayd etildi.
Ijara uchun eng qimmat hududlar Shayxontohur (kv.m. $11,6), Yakkasaroy ($10,9) va Mirobod ($11,5) tumanlari boʻldi.
Poytaxtdagi uy-joy ijarasi Uchtepa ($8,1), Sergeli ($7,1) va Bektemir ($6.2) tumanlarida eng maqbul narxlarda qolmoqda.
Shu bilan birga, poytaxtda oʻrtacha ijara narxi oʻtgan yilga nisbatan 6,1 foizga kamaydi. Yil boshidan buyon ijaraning oʻrtacha narxi 9,2%ga kamaydi.
Poytaxtda ijara narxi bir oy ichida faqat Bektemir tumanida 3,7%ga oshdi.
Ikkilamchi koʻchmas mulk bozoridagi holat
Noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining oʻrtacha oʻsishi bir kv.m. uchun 0,7%ni tashkil etdi, oʻtgan yilning noyabr oyidan buyon ikkilamchi uy-joy narxi deyarli 18,2%ga oshdi.
Yil davomida Xorazm – 32,9%, Toshkent – 31,0% va Buxoro – 26,9% viloyatlarida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining sezilarli oʻsishi qayd etildi.
Toshkent shahrida noyabr oyi davomida ikkilamchi uy-joy narxi 0,4%ga oshdi. Poytaxtda narxlarning eng yuqori oʻsish surʼatlari Shayxontohur – 1,7%, Yunusobod – 1,6% va Sergeli – 1,5% tumanlarida kuzatildi.
Yil davomida poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi 22,8%ga oshdi.