Nizomga koʻra, respublika koʻchmas mulk obyektlari bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga tegishli kadastr hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda (qurilishi tugallanmagan obyektlar bundan mustasno), operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz beriladi.

Respublika koʻchmas mulk obyekt(lar)i – davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi bilan tegishli boʻlgan mulkiy kompleks (korxona), binolar va inshootlar, qurilishi tugallanmagan obyekt(lar) va u(lar)ning qism(lar)i hisoblanadi.

Shuningdek, respublika koʻchmas mulk obyekt(lar)ini bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz berish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

- respublika koʻchmas mulkning bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz berilishi toʻgʻrisida Prezident va (yoki) Hukumatning tegishli topshirigʻi nusxasi (agar mavjud boʻlsa);

- manfaatdor davlat tashkilotining (topshiruvchi va qabul qiluvchi tashkilot yuqori turuvchi organlarining) respublika koʻchmas mulkni bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz berish toʻgʻrisidagi kelishilgan takliflari bayon etilgan murojaatlari (topshiruvchi hamda qabul qiluvchining yuqori turuvchi organlarining roziligi).

Mazkur murojaatlarda respublika koʻchmas mulkni qabul qiluvchi tomonning qabul qilingan obyekt(lar)dan foydalanish maqsadlari aniq koʻrsatilishi shart;

- respublika koʻchmas mulk obyekt(lar)ining kadastr hujjatlari nusxalari;

- obyektlarning pasporti (ppt formatda) va fotosuratlari, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.