Kogon va Buxoro tumanida prokuratura xodimlari uchun yangi binolar foydalanishga topshirildi

     30 avgust kuni Kogon tumanida prokuratura xodimlari uchun yangi bino foydalanishga topshirildi.

    Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shodiyonalari arafasida qurib bitkazilgan shinam va ko'rkam bino prokuratura organlari xodimlari uchun bayramga munosib tuhfa bo'ldi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Maxmud Istamov va sektorlar rahbarlari, soha vakillari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Tantanali marosimda so'z olgan viloyat hokimi yaqinlashib kelayotgan eng ulug', eng aziz bayram bilan barchani tabriklab, yurtimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashga, sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani prokuratura organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligini qayd etdi.

    Mazkur binoning qurilishi Aziz Amonov rahbarligida "Kogon qurilish montaj ta'mir" MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilgan bo'lib, bino xalqaro andozalarga mos keladigan, barcha qulayliklarga ega bo'lgan eng so'nggi anjomlar bilan jihozlangan. Tadbir qatnashchilari yangi binoda yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan tanishishdi. Binoda tuman prokuraturasi bilan birga majburiy ijro byurosi tuman va shahar bo'limlari hamda departamentning tuman bo'limi ham faoliyat olib borishadi.

    SHu kuni, Buxoro tumanida ham Majburiy ijro byurosi hamda departamentning tuman bo'limlari uchun tayyorlangan yangi binoning ham tantanali ochilishi bo'lib o'tdi. Sektorlar rahbarlari, tuman hokimligi mutasaddilari, prokuratura organlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda viloyat rahbari Botir Zaripov barcha qulayliklarga ega bino bilan soha fidoyilarini muborakbod etib, muammo bilan kelgan fuqarolarga prokuratura organlari tomonidan qonuniy tartibda amaliy yordam ko'rsatishga xizmat qilishini alohida ta'kidladi.

    Mazkur binoning qurilishi SHavkat Abbosov rahbarligida “Gala Osiyo Soxtimon” XK quruvchilari tomonidan zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan. Binoda xonalarga zamonaviy jihozlar, komp`yuter jamlanmalari, internet tizimi, kuzatuv kameralari o'rnatilgan. Tadbir ishtirokchilari bajarilgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishishdi, deb xabar beradi Viloyat hokimligi matbuot xizmati.