Asar muallifi – tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali ASQAROV bilan kitobning yozilish tarixi, unda bayon etilgan yangicha qarashlar va bashqa masalalar xususida suhbatlashdik.
– Kitob yozilishiga turtki boʻlgan va bunga zaruriyat keltirib chiqargan omillar nimalardan iborat edi?
– Men arxeolog sifatida oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi bilan 30-35 yildan beri shugʻullanib kelaman. Bu mening shu davrdagi arxeologik izlanishlarim, topilmalarim, ilmiy-ijodiy mehnatlarimning mahsulidir. Asar oʻzbek xalqining etnogenezi, etnik va millat boʻlib shakllanish tarixiga bagʻishlangan, unda xalqimizning yaqin 4 ming yillik tarixi arxeologik, antropologik, etnografik, lingivistik, tarixiy toponimika va qadimgi yozma manbalar maʼlumotlarining ilmiy tahlili asosida bayon etilgan. Ushbu asarni yozishga turtki boʻlgan sabablar masalasiga kelsak, avvalo, bu biz olimlarga istiqlol bergan ijodiy erkinlik boʻlsa, undan keyin ona Vatan va xalqimga boʻlgan sadoqatim, mavzu boʻyicha mutaxassis sifatidagi burchim edi.
Aslida olimlar bu mavzu bilan uzoq yillardan beri shugʻullanib kelishadi. XX asr boshlarida akademik V.Bartold rahbarligida bir guruh olimlar oʻzbek xalqi Movarounnahr, hozirgi Markaziy Osiyo hududiga XVI asrda kelgindi, koʻchmanchi boʻlib kirib kelgan, degan nazariyani rivojlantiradi hamda bu fan tomonidan tan olinadi. Bu qarash jadidlar tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan, chunki oʻsha paytda ilm-fanning darajasi shunday xulosani taqozo etardi. Soʻng 1940-yillarning boshida arxeolog olim, mintaqamiz xalqlari tarixining chuqur bilimdoni, akademik A.Yakubovskiy oʻzbek xalqining etnogenezi, xalq sifatida shakllanishi VI asr oʻrtalarida Gʻarbiy Turk xoqonligi davriga borib taqaladi, degan taʼlimotni ilgari surdi. A.Yakubovskiy, asosan, hududiy birlik, iqtisodiy xoʻjalik birligi, etnomoddiy va til birligi, antropologik tip (qiyofa) birligi, diniy bagʻrikenglik va davlat birligi kabi omillarga suyanib, shunday xulosaga kelgan. Ungacha Markaziy Osiyoda qadimiy eron tillarida gaplashuvchi soʻgʻdiylar, xorazmiylar, bohtariylar, saklar va qadimgi turkiy til lahjalarida soʻzlashuvchi urugʻ hamda qabila jamoalari yashagan, aynan shu davrdan boshlab ularning ilk bor etnik qovishuvi boshlandi, deydi olim. Bu V.Bartold gʻoyasiga berilgan ilk zarba edi.
Vaqt oʻtishi bilan zamon, fan, ilm taraqqiy topib, olimlarning izlanishlari ham keng koʻlam ola boshladi. Borgan sari turli yangi maʼrifiy-nazariy qarashlar ilgari surildi. A.Yakubovskiyning oʻzbek xalqining etnik shakllanishi haqidagi gʻoyasi yana-da kengroq, yana-da boy birlamchi manbalarda oʻz tasdigʻini topa boshladi. Uning gʻoyasini oʻrganishda Markaziy Osiyo xalqlari qadimgi tarixining chuqur bilimdoni, akademik S.Tolstovning xizmati katta boʻldi. 1960-yillarga kelganda S.Tolstov oʻzbek xalqi etnogenezining boshlangʻich nuqtasini yaqin ming yilga qadimlashtirib, oʻzbek xalqining turkiy va eroniy tilli aholisining ilk bor qorishuvi antik davrda yuz berdi, yaʼni Kangʻ davlati davriga borib taqaladi, degan gʻoyani ilmiy asosladi. Bizning avlod olimlari ana shu gʻoyalar ostida shakllanganmiz. Bunday nazariy va maʼrifiy qarash Gʻarbiy Yevropa va shoʻrolar davri tarix fanining hukmron gʻoyalari asosida qurilgan boʻlib, bu gʻoya “Avesto” va “Veda” kabi qadimgi eroniy tillarda bitilgan zardoʻshtiylik diniy rivoyatlariga asoslanib aytilgan ilmiy farazlar asosida shakllangan edi. Afsuski, oʻz davrida toʻgʻri topilgan bu konsepsiyada eronistik gʻoyalar hukmronlik qilib, oʻzbek xalqining qadimgi ildizlari haqida gap ketganda turkiylik soyada qoldi, yaʼni arxeologik qazishmalarda uchratilgan (suyak, sopol, yogʻoch va toshga yozilgan), oramiy alifbosi asosida bitilgan yozuv parchalari deyarli qadimgi eroniy tillarda yozilganligi qayd etilib, ularning ilmiy tahlili ham eroniy tillar foydasiga xizmat qilib keldi. Tili eroniy boʻlmagan yozuv parchalari esa fanga “nomaʼlum yozuv”, deb eʼlon qilindi.
Shoʻrolar davri tarix fanining nazariy va mafkuraviy konseptual dasturida bronza, ilk temir, hatto antik davrida ham Yevroosiyo dashtlarining Togʻli Oltoydan boshqa barcha hududlarida aholi eroniy tillarda soʻzlashganlar, degan gʻoya olgʻa surildi va shu ruhda ilmiy asarlar bitilib, yoshlar, badiiy ijod va ilm ahli shu ruhda tarbiyalandi. Bu birlamchi arxeologik manbalar bilan yaxshi tanish oʻzbek olimi sifatida menga yoqmas edi. Chunki ajdodlarimizning turkiy ildizi bilan bogʻliq arxeologik yodgorliklarning moddiy madaniyati (yaʼni sopollari, harbiy va mehnat qurollari, taqinchoqlarigacha) bronza davrida Markaziy Osiyoning barcha hududlarida bir xil, aholisining antropologik tipi ham bir xil. Ammo sovet tarixshunosligi fanida ularning Togʻli Oltoyda yashaganlari turkiyda, qolganlari esa qadimgi eroniy tillarda soʻzlashganlar, degan gʻayri ilmiy gʻoya hukmron edi. Haqiqatda bunday qarash menga aspirantlik chogʻimdan boshlab tinchlik bermagan.
Aslida “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobining yozilishiga asosiy turtki 2006-yilda boshlangan. Bir kuni ikki kishi meni yoʻqlab kabinetimga kirib keldi. Oʻsha paytda Respublikamizning Birinchi Prezidenti topshirigʻi ekanini aytib, mavzu bilan shugʻullanayotgan olim sifatida menga tarixiy adolatni tiklash, tarixni haqqoniy ochib berish, oʻzbeklar kelib chiqishi tarixini asoslab, boricha koʻrsatib berish masalasida suhbatlashishdi. Shu ishni amalga oshirish uchun nimalar qilish kerak, umuman, shu vazifani uddalash mumkinmi, degan savollarni berishdi. Men ularga mavjud muammolarning borini aytdim. Oʻzimni qiynayotgan savollar, masala va muammolarni roʻyi-rost gapirdim. Oradan 4-5 kun oʻtib ular yana kelishdi. “Prezident sizning gʻoyalaringizni maʼqulladi. Sizga barcha sharoitlarni yaratib berish va kitob yozilishi, chop etilishi hamda tarqatilishi bilan bogʻliq barcha muammolarni hal etishni tegishli kishilarga topshirdi”, deb aytishdi. Men darhol ishga kirishdim hamda dastlab “Oʻzbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi” kitobim 2007-yilda dunyo yuzini koʻrdi.
Soʻng maʼlumotlarni toʻplashda davom etdim. Orada ne-ne qiyinchiliklar, qarshiliklar, ogʻir kunlar boʻldi. Mavzuni davom ettirib, yangi-yangi manbalar topib, ularga asoslanib, kitobni yana toʻldirib boraverdim. 2015-yil arafasida kitobni katta olimlarga, safdoshlarimga, mutaxassislarga oʻqitdim. Hammaga yoqdi, ijobiy fikrlar bildirishdi, ammo nashrga ruxsat berishmadi. Bu aslida birinchi rahbarning topshirigʻi bilan bitilgan kitobning davomi, desamda foydasi boʻlmadi. Kitob grant doirasida nashr etiladigan boʻlgani uchun muddatiga 1 kun qolganda qiyinchiliklar bilan oʻsha paytdagi moliya vaziri qabulida boʻldim. Bir kun kech qolsam, mablagʻ kuyib ketardi, gʻaznachilik pulni oʻtkazmas edi. Vazirga tushuntirdim. Nihoyat, pul oʻtkazildi. Ulkan va katta mashaqqatlar bilan boʻlsa-da, “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobi nashr etildi. Qiyinchilik va qarshiliklar shu bilan tugamadi. Arzimagan vajlar bilan kitobni sotishga, tarqatishga moneliklar avj oldi. Ilojsiz, oʻquv yurtlariga, izlanuvchilarga, tadqiqotchilarga kitobni oʻzimiz bepul tarqatdik. Oradan birmuncha vaqt oʻtib, nufuzli komissiya tuzildi va komissiya kitob keng ommaga tavsiya etilsin, degan xulosa berdi. Shu zayl kitob bir necha bor chop etildi.
Bir muncha vaqt avval kitobni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga ham sovgʻa qildim. Juda xursand boʻldi, meni tabrikladi, rahmat aytdi. Suhbatdan yangi gʻoyalar oldim, yangi rejalar paydo boʻldi. Nokamtarlik boʻlsa ham aytaman, joriy yilda uning uchinchi nashri 5 ming nusʼhada chop etilib, kitobxonlarga tarqatilmoqda.
– Oʻzbeklar etnogenezi murakkab va bahstalab mavzu. Oʻzbeklarning kelib chiqishiga oid siz ilgari surayotgan gʻoya avvalgi nazariyalardan nimasi bilan farq qiladi?
– Qadimdan davom etib kelayotgan etnosiyosiy vaziyatga koʻra, Markaziy Osiyoda ikki tilli etnik urugʻ jamoalari, qabila va elatlar istiqomat qilgan. Ular mikrohududiy jihatdan alohida, yonma-yon, koʻp hollarda aralashib yashaganlar. Ular oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy va etnik aloqalar uzoq davom etgan tarixiy jarayonlar boʻlib, muayyan hududlar doirasida, oʻzaro qorishib, yangi etnik birliklarning vujudga kelishiga, yangi etnoslarning shakllanishiga olib kelgan. Ana shunday etnogenetik jarayonlarning etnik hosilasini, ayniqsa, oʻzbek va tojik xalqlari misolida koʻrish mumkin. Ularning har ikkalasi ham eroniy va turkiy etnik birliklarning muayyan nisbatda, uzoq asrlar davomida qorishuvi asosida tarkib topgan. Ularning har ikkalasi ham ikki etnik ildizli Oʻrta Osiyoning tub joyli avtoxton aholisi hisoblanadi.
Yuqorida taʼkidlaganimdek, oʻzbek xalqining etnogenezi muammosida uning arxeologik manbalar bilan bogʻliq ikki masaladagi kuzatuvlarim menga tinchlik bermay kelar edi. Ulardan biri Markaziy Osiyo bronza davri dasht qabilalariga tegishli arxeologik yodgorliklarning ashyolaridagi aynan oʻxshashliklar boʻlsa, ikkinchisi oʻsha davr odamlarining antropologik tipidagi aynan bir xillik edi. Chunki shoʻrolar davrida lingivistik farazlar asosida yaratilgan konsepsiyaga koʻra, Oʻrta Osiyo, hatto Yevroosiyo dashtlarining bronza davri chorvador aholisi qadimgi eroniy tillarda soʻzlashgan, ularning Togʻli Oltoy hududida istiqomat qiluvchi qismigina turkiy tilli edi, degan qarash tarixshunoslikda ustuvorlik kasb etgan. Boshqacha aytganda, nega bir xil moddiy madaniyat va bir xil antropologik tipli aholining Togʻli Oltoy zonasida yashaganlari turkiyda, qolganlari esa eroniy tilda soʻzlashgan, degan faraz jumboqligicha qolib kelmoqda edi.
Keyingi yillarda qadimgi Xitoy yozma manbalarining asliyati asosida olib borilgan izlanishlar tufayli Yevroosiyo dashtlarining soʻnggi eneolit va bronza davri chorvador qabilalari – xular, dilar, oʻgʻiz, tiyek, xunnu kabi prototurk urugʻ jamoalari boʻlganligi haqida yangi maʼlumotlar olindi. Bunga koʻra, u prototurk urugʻ jamoalarining arxeologik madaniyatlarda aks etgan muqobillari Yevroosiyo dashtlarining chorvador srub-andronovo qabilalari boʻlib, ularning moddiy madaniyat izlari miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmida Oʻrta Osiyo hududlarida keng tarqalgan. Bu jarayon arxeologik adabiyotlarda oriylarning janubga migratsiyasi bilan uzviy bogʻlanib kelinadi.
Shunday qilib, yuqorida keltirilgan arxeologik materiallar va ularning qadimgi Xitoy yozma manbalari bilan qiyosiy lokalizatsiyalash asosida shunday farazni oʻrtaga tashlash, Yevroosiyo dashtlarining eneolit va bronza davri qabilalari hamda ular bilan kelib chiqish ildizlari bir boʻlgan Qadimgi Xorazmning Tozabogʻyob va Qadimgi Fargʻonaning Qayroqqum madaniyatlari, Oʻzbekistonning qolgan barcha hududlaridan topib oʻrganilgan Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichi aholisi prototurkiy tilli boʻlishgan. Demak, ikki tillilik mintaqamiz qadimgi aholisi uchun xarakterli boʻlib, oʻzbek xalqining har ikki tarixiy ildizi avtoxton asosga ega.
Vatanimiz tarixiga chuqurroq kirib boradigan boʻlsak, oʻzbek xalqining eng qadimgi ajdodi 1988-yilda Fargʻona vodiysining Selungur gʻoridan topilgan ashel davri odamlarining suyak qoldiqlari boʻlib, ular 35-40 yoshlardagi erkak, 40 yoshlardagi ayol va 10 yoshlardagi bolaga tegishli boʻlgan. Ular, antropolog olimlarning xulosalariga koʻra, odamzodning ilk ajdodi, yaʼni arxantroplardan paleoantroplarga oʻtish davri odami bilan xarakterlanadi. Undan keyingi bosqich odami ajdodining skeleti (mustye davri) 1938-yilda Surxondaryo viloyati Boysun togʻining Teshiktosh gʻoridan topilgan. Teshiktosh odamining suyak qoldiqlari Selungur odamiga nisbatan ancha yosh boʻlib, u neandertallar davri odami tipiga kiradi.
1972-1974-yillarda Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan quyi Amudaryoning Sariqamish deltasi hududidan, Tumek-Kichijik qabristonidan neolit davriga oid 30 ga yaqin qabr ochib oʻrganilgan. Antropolog T.Trofimovaning taʼkidlashicha, bu yerdan topilgan odam bosh chanoqlari, bir tomondan, Yaqin Sharq antropologik tipini (Oʻrtayer dengizi tipini) eslatsa, ikkinchi tomondan, shimolning protoyevropeoid tipining aynan oʻzginasidir. Bunday misol va dalillarni yana istagancha keltirishim mumkin.
– Oʻz qarashlaringizni yana qanday dalil va isbotlar bilan himoya qildingiz?
– Yuqorida keltirilgan arxeologik va antropologik materiallar obzoridan maʼlumki, Oʻzbekiston hududlarida insoniyat hayotining ilk bosqichlarida ham odamzod yashagan. Ammo ularning hech birini hozirgi zamon Markaziy Osiyo aholisi etnosining birortasi bilan bevosita bogʻlash mumkin emas. Chunki u kezlarda, yaʼni qadimgi, oʻrta va yangi tosh davrida ularning (hozirgi zamon etnoslarining) hech biri muayyan elat, xalq boʻlib shakllanmagan edi. Mintaqamiz, jumladan, Oʻzbekiston hududi juda qadim zamonlardan xronologik ketma-ketlikda odamzod yashagan makon boʻlgan. Ular hech qachon izsiz yoʻq boʻlib ketmagan, ularning eneolit va bronza davrigacha yetib kelgan avlodlari Sarazm, Sopolli madaniyatlari aholisi misolida, tarix taqozosiga koʻra, qadimgi soʻgʻdiy, bohtariy, xorazmiy til lahjalarida, Tozabogʻyob, Qayroqqum madaniyatlari aholisi misolida esa prototurkiyda soʻzlashganlar.
– Demak, avvalgi nazariyalarga qarshi bemalol aytish mumkinki, oʻzbek xalqi “kelgindi” yoki “koʻchmanchi” emas?
– Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududlarining tabiiy-geografik sharoiti, ekologik imkoniyatlari qadimgi tosh davridan boshlab ajdodlar eʼtiborini oʻziga tortgan. Ashel davrida yashagan fergantroplar, mustye davrining neandertallari yashab oʻtgan bu oʻlka mezolit, ayniqsa, neolit davriga kelganda jahon sivilizatsiya markazlarining biriga aylanishiga asos bergan. Bu bepoyon zamin bagʻrida neolit davrida ikki madaniy-xoʻjalik va ikki tilli avtoxton urugʻ jamoalari mushtarak shakllanadi. Mintaqaning shimoliy hududlar aholisi genetik jihatdan Yevroosiyo etnomadaniy dunyosi (protoyevropeoid, prototurk) bilan bogʻliq boʻlsa, uning janubiy hududlari aholisi iqtisodiy-xoʻjalik va til jihatidan (Sharqiy Oʻrtayer dengizi tipi va eroniy tillar oilasi) Yaqin va Oʻrta Sharq mintaqalari bilan bogʻliq edi.
– Kitob nima uchun oradan bir necha yil oʻtib rus tiliga tarjima qilindi? Yana qaysi tillarga tarjima ustida ish olib borilyapti?
– Kitobni rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilish boʻyicha juda koʻp takliflar boʻldi. Ammo tarjima – mehnat, demak pul turadi. Homiy, yaʼni mablagʻ masalasi katta muammo boʻlib yuzaga chiqdi. “Qishloqqurilishbank” siymosida homiy ham topdim. Lekin u ajratgan mablagʻ nashr uchun ancha kamlik qilar edi. 2016-yili nashriyotdan qoʻngʻiroq qilishib, menga kitobning oʻzbek tilidagi nashri uchun anchagina qalam haqi chiqqanini aytishdi. Bu xabar qalbimga iliqlik kiritdi va uni kitobning rus tilidagi nashriga sarflashni rejalashtirdim. Orada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni akademiklar bilan uchrashib, ular bilan dildan suhbat qurib, har birimizga ragʻbatlantiruvchi pul mukofotlarini berdi. Homiy yordami, ana shu mukofot va shaxsiy mablagʻlarimni kitobning tarjima ishlariga va nashriga jalb qildim. Chunki bu xalqimning maʼnaviyati uchun, yangi gʻoyalarimni kengroq yoyilishiga kerak edi.
Yaqinda Xitoyda boʻlib oʻtgan yirik xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etib, kitobdan bir nechta nusxasini xitoylik olimlarga sovgʻa qildim, ular asarimga qiziqib qolishdi. Turli qadimgi yozma manbalar va birlamchi arxeologik topilmalarga, ayniqsa, yangi gʻoyalarimni qadimgi xitoy yozma manbalariga asoslanib yozganim uchun kitobni oʻz tillariga tarjima qilish istagini bildirdilar. Kelishuvga ham erishdik. “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” asarim xitoy tilida ham nashr etiladi.
Hozir ingliz va Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilishga jazm qila oladigan, oʻziga ishongan mutaxassis-tarjimonlarni izlayapmiz. Chunki kitob ilmiy asar. Qisqartmalar, toponimlarning ilmiy isbotlangan izohlari, murakkab tarixiy, ilmiy va sohaga oid atamalar juda koʻp. Uning tarjimasi ham shunga yarasha murakkab, zahmatli mehnat talab qiladigan jarayon. Xullas, talabga va vaziyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilish niyatlarimiz yoʻq emas.
Mutaxassislar asarga yuqori baho berishdi. Ushbu monografiya oʻzbek xalqi tarixini yana-da boyitishda ilmiy asos boʻlib xizmat qilishini, kitob soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tarixi boʻyicha yaratilgan eng yaxshi asarlar qatoridan oʻrin olishini taʼkidlashdi. U ilmiy tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari, etnografiya, tilshunoslik, Oʻzbekiston tarixini oʻrganayotgan talabalar va professor-oʻqituvchilar, xullos, oʻzbek xalqi etnik tarixiga qiziquvchilar uchun tavsiya etilgan.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Nodir Mahmudov suhbatlashdi.