Murojaatlarni oʻrganish jarayonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (CCIU) ustav fondidagi davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlarning amaldagi qonunchilik normalariga muvofiqligi va korrupsiya xatari mavjudligi tahlil qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, 2020-yil 16-dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida Oʻzbekistonda alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (CCIU)ning 57,118 foizlik davlat ulushi sotuvga qoʻyilishi eʼlon qilingan.

Eʼlonda tenderda ishtirokchilarni saralash va gʻolibni tanlash jarayonida bir nechta mezonlar qoʻllanilishi bayon qilingan.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (CCIU) ustav fondidagi davlat ulushini sotish boʻyicha oʻtkazilayotgan tender shartlariga kiritilgan bir qator talablar savdolarda qatnasha oladigan shaxslar doirasini keskin kisqartirishga hamda qator korrupsion omillarni keltirib chiqarishga sharoit yaratadi.

Agentlik fikricha, ushbu mezonlar oʻta yuqori va asoslantirilmagan talablar hisoblanadi va savdolarda ishtirok etishi mumkin boʻlgan ehtimoliy ishtirokchilar sonini sunʼiy cheklashga olib keladi.

Ehtimoliy ishtirokchilar sonini keskin cheklash tender shartlarini bajara oluvchi kam sonli ishtirokchilar oʻrtasida haqiqiy raqobat boʻlmasligiga va natijada davlat ulushiga past narx taklif etilishiga hamda buning oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy manfaatlariga sezilarli darajada zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli idoralarga quyidagi choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taqdimnoma kiritildi:

  1. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan yetarli raqobatga imkoniyat mavjud emasligi sababli mazkur tender jarayonlarini toʻxtatish;
  2. Tender savdolarida ishtirok etishga koʻproq talabgorlarni jalb qilish hamda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarning xulosalari asosida tender shartlarini yumshatish boʻyicha ishlarni olib borish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati