Tabiat libosini olovdek yashnagan tarovat bilan almashtirdi. Yasharish va yangilanish, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ruhini kasb etgan sharqona yangi yilimizning boshlanishi “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida ana shunday tarovatni tuygan qalblarning dilnomasi boʻlib, qiru adirlarda yangragan kuy-qoʻshiqlarda, qizlarning kulgusida, momolarning laparlarida, bobodehqonning umidu ishonchida, jajji bolajonlarning qiyqiriqlarida olamni tutmoqda.

Varraklar parvoziga esh tilaklar

“Avesto” davridan buyon xalqimizning ming yillik zavol bilmas urf-odatlari, anʼanalari, udumlari Navroʻzning gʻoyalariga esh boʻlib kelmoqda. Boshqalaridan farqli oʻlaroq, xalqimiz bu bayramni qardoshlarimiz boʻlgan boshqa millat vakillari bilan birgalikda koʻtarinki ruhda nishonlaydi.

Tinchliksevar xalqimiz bu yil ham mana shunday zavol bilmas udumlarimizni keng maydonlarda, quyoshi porlab turgan osmon ostida Navroʻz sayli festivali doirasida nishonlamoqda. Ularning xursandchiligiga xursandchilik qoʻshish uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining ijodiy guruhi ilk safarini 16-mart kuni Sirdaryo viloyatidan boshladi.

Tongda Toshkentdan Sirdaryoga yoʻl olgan mikroavtobusimiz koʻz ochib yumguncha Xovos tumanidagi bayram oʻtkazilayotgan maydonga, aynan qanot yozib osmonga yuksalayotgan varraklarning parvozi boshlangan paytda kirib bordi. Bayramning qizgʻin manzarasi koʻzni qamashtirib, yuraklarimizni orziqtirdi. Chunki guruhimiz aʼzolari bilan birgalikda xovosliklarning folklor qoʻshiqlari yangrayotgan, sportchilar kurash tushayotgan, dorboz yigitlar mahoratini namoyish qilayotgan, isteʼdodli oʻquvchilar bayram tasvirini rasmlarida chizayotgan, onaxonlarimiz paxta savab, urchuq yigirib, qizaloqlarimiz happak oʻynagan, opajonlarimiz pishirib turli taomlar bilan dasturxon bezagan, hunarmandlar yaratgan sanʼat asarlarini, kelinchaklarning milliy kiyimimiz atlas, adras koʻylaklardagi namoyishlarini koʻrib, ulugʻlarimizdan duo olayotgan muhtasham davralariga beixtiyor qoʻshilib ketdik. Hamma bir-birini sogʻingan, siylagan, kechirgan, gina-kuduratdan forigʻ boʻlgan, kelajakdan yuksak umidlarining rivojini tilagan. Davrani esa xalq ogʻzaki ijodining eng sara qoʻshiqlari yanada olovlantirdi.

Boychechak chiqibdi, bugun Navroʻz ekan,

Hamma bir-biriga jigar soʻz ekan...

***

Sust xotin, suzma xotin,

Koʻlankasi maydon xotin,

Yomgʻir yogʻdir, hoʻl boʻlsin,

Yeru jahon koʻl boʻlsin.

Bu yangragan qoʻshiqlar xalqimizning allasi kabi yod boʻlib ketgan sonatadir. Bayramda shunday xalq qoʻshiqlari yoshu qarining tilida yangradi. Hamma bir-biriga sovgʻalar ulashgan. Sirdaryoning oʻziga xos taomlari — koʻk somsa, goʻshtli chuchvara, shakarli qatlama, nisholda, gʻilmindi, qaymoqli yupqa, tandir goʻsht, palov dasturxonlarni bezagan. Qozonda esa sumalak damlab qoʻyilgan. Barcha ijodkorlar ishtirokida sumalakning yuzi ochilganida ulugʻlarimiz bilan birgalikda duoga qoʻl ochib, tinch va osoyishta yurtimizga, elimizga, rizqu nasibamizga fayzu barokat tiladik. Xovosning koʻchalari obod, ozoda, rango-rang kamalak tasmalar bilan bezalgan. Ana shu koʻchalarga yoshi ulugʻlar boshchiligida nihol ekish udumini bajardik. Buni koʻrib turgan yoshlarimizga ajdodlarimizdan asrlardan asrlarga, avlodlardan avlodlarga oʻtib, yoʻqolib ketmaydigan udum ekanini bobolar taʼkidlab oʻtdi. Birgina ekilgan niholning daraxt boʻlganda mevasini koʻpchilik yesa, soyasi elga naf bersa, buning savobi ulugʻ ekanini anglagan yoshlarimiz ham ishimizga koʻmakchi boʻldi.

Oʻzligimizni shakllantiruvchi mezon

Bayram shukuhini tark etmagan holda Boyovutning qoq markazidagi stadionda oʻtkazilayotgan Navroʻz sayliga kirib bordik. Boyovut tumani hokimligi tomonidan tumandagi yordamga muhtoj oilalardan boʻlgan 30 bolajonning sunnat qilingani va ularga sovgʻa — yangi velosipedlar tayyorlab qoʻyilgani guvohi boʻldik. Qayroq ovozda, doira chalib lapar kuylayotgan Boyovut folklor ansambli aʼzosi Oysuluv opa Hotamovaning quvonib soʻzlagan gaplarida jon bor edi.

— Men 30-yildan buyon shu folklor guruhida Navroʻzning qadr-qimmatini koʻrsatadigan laparlarim bilan yoshlarni bayramlarda birga kuylashga chorlayman, — deydi Oysuluv opa. — Oʻzim boshlangʻich sinfga dars beraman. Bu anʼanalarimiz yoshlar ongiga singishi yuragidagi yurtga muhabbatni, ezgulikka ishonchni, insoniylikka sadoqat tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Beruniy, Navoiy bobomiz, qolaversa, boshqa ulugʻ ajdodlarimizning bu bayram haqidagi ibratli va oʻlmas asarlarini tilimizdan tushirmaymiz. Navroʻz kelishidan oldin oʻtadigan qahraton kunlarni eslasam, bugungi kunning har lahzasi uchun shukrona aytaman. Men bu bayramda yangidan tugʻilgandek boʻlaman.

Albatta, Navroʻz bayrami ulugʻlarimiz eʼtirof etgani kabi maʼnaviyatimizni shakllantiruvchi yuksak mezonlardan biridir. Dunyoda insoniylikni unutgan millatlar qancha? Tinchlik va xotirjamlikni unutayotganlar-chi? Shuurimizda bizga hayot nafasini ulashib, tiriklikning maʼno va mazmunini anglatib turgan bu qadimiy bayramimiz Oqoltin tumaniga kirib borganimizda yanayam tarixan muhtashamligini koʻrsatdi.

Maydon oʻrtasidagi sahnadan taralayotgan chanqovuzning jarangdor nolasi ajdodlarimizning uygʻoq va bizlardan rozi boʻlgan ruhidan darak berayotgandek tomirlarimizni jimirlatib yubordi.

Chanqovuzni labida tutib sayratayotgan sakson besh yoshli Habiba momo Mirzayeva davlatimiz rahbarining qoʻlidan “Doʻstlik” ordenini olgan damlar esimga tushdi. Tan bermasdan iloj yoʻq. Momoning gʻayrati hammamiz uchun havas qilgulik darajada. Sakson besh yoshida ham velosiped sporti bilan shugʻullanishi va “Oltin meros” folklor jamoasida soz sayratib, qoʻshiqlar aytishni qoyillatish unga ­momomeros.

— Oʻzbekiston dalalaridan, qirlaridan, suv va havosidan, elimning, yurtimning mehridan nafas olib umr kechir­yapman, — deydi Habiba momo. — Necha yillar shu zaminda brigadir-mexanizator boʻlib ishlab, yurtimning yuragini tinglagan sadoqatli muxlisman. Bir paytlar sumalakni sogʻinib ichikkan kunlarimiz, qoʻshiqlarimizni Navroʻzsiz kuylagan damlarimiz boʻldi. Guruhimizda oʻzimga oʻxshagan yana oltita ijodkor va bilimli momo bor. Ming shukrki, bu kunlarni koʻrish ham bizga nasib qildi.

Bugun kurash bilan shugʻullanayotgan ikki dugona — Odina Oʻrinboyeva va Mushtariy Esonqulova Navroʻz bayramida oʻz mahoratini oʻgʻil bolalardan kam boʻlmagan holda bayram ishtirokchilariga namoyish qildi. Dugonalar oʻz orzulari haqida soʻzlar ekan, Diyora Keldiyorovaning jasorati ularni sportdan kechmasdan, qiyinchiliklardan qoʻrqmasdan oldinga intilishlariga sabab boʻlganini aytdi. Ota-onalari 12-14 yoshli bu qizlarining kurashchi boʻlishiga qarshilik qilmasdan, aksincha, qoʻllab-quvvatlayotganidan xursand boʻlib, hozircha respublika miqyosidagi musobaqalarda gʻolib boʻlganini, kelajakda Vatan oldidagi farzandlik burchini yuksak marralarni egallash bilan izhor etishini aytayotgan qizlarga biz ham havas qildik. Ha, ularning kelajagi yorugʻ va yuksak. Ular marrani uzoq, maqsadni baland olgan, bunga aql va zakovatlari ham, kuch-gʻayratlari ham yetadi. Ularning maʼnaviy qarashlari, fikrlari teranligini koʻrib, Habiba momoga oʻxshagan onalarimiz bor ekan, millat bolalarining tiynati toza, fikri hur va ertasi umidli boʻlishiga shubhamiz yoʻq.

Yurtdoshlarimiz bilan bayram tantanalarini nishonlar ekanmiz, shu tumanda yashab, bugun beshta farzandini yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan Dilnoza Qurbonboyeva xonadoniga borib, Oqoltin tumani hokimligi tomonidan ajratilgan sovgʻalarni topshirishga muvaffaq boʻldik. Guruhimiz bilan Dilnozaxonning duosini oldik. Chunki bir yarim koʻngilni, yetimlarning, bemorlarning, imkoniyati cheklangan insonlarning holini soʻrash, yoʻqlash savob amaldir.

Oʻzi aravada oʻtirsa-da, bochcha sport turi bilan shugʻullanib, Toshkentda boʻlib oʻtgan paralimpiya musobaqasida oʻn kishilik jamoasi bilan gʻolib boʻlgan Nilufarxonning esa sovgʻalar bilan yoʻqlab, uyiga kirgan paytimizda yuzida zohir boʻlgan mamnunlik, labidagi kulguni esdan chiqarish qiyin.

Eʼtibordan Nilufarning ruhi ancha koʻtarildi. U oʻziga har daqiqada yordam berayotgan, mana shu sport turiga uni jalb qilgan, sharoit yaratib bergan barchaga minnatdorligini bildirdi. Hali chet mamlakat sportchilari bilan ham maydonga tushishini aytib, ulugʻlarimizdan duolar oldi.

Qahramonlar shu el ichida

Navroʻz saylimiz barcha tumanlarda bir-biriga ulanib borar ekan, Shirin shahridagi bayramona chiqishlar Oʻzbekiston xalq artisti Mansur Toshmatovning ham zavqini oshirdi. Arqon tortish bahsida Mansur aka yosh yigitlar guruhida turib, ularga ruhan kayfiyat berdi. Tortishuvda yengilayotgan guruh gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bayram tadbirlari davomida sirdaryoliklarning ulkan yutuqlari, rejalari, oliy maqsadlari, koʻngillaridagi bayramona kayfiyatlarini oʻzimizga mayoq qilib oldik. Yozilajak yangi asarlarimizning qahramonlari shu elning ichida koʻplab ekaniga amin boʻldik. Har bir tumanda boʻlayotgan islohotlar samarasini koʻrdik. Xalqimizning shodiyona kunlarida birga boʻlish nasib qilganidan shukronalarimizni bildirdik. Navroʻz sayli festivalining shukuhi esa Sirdaryoning muazzam goʻshalaridan boshlanib, respublikamizning eng olis ovullarida ham davom etmoqda.

Farogʻat XUDOYQULOVA,

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi