Shu bois har bir ota-ona bu davrda farzandining gigiyena va salomatlik qoidalariga amal qilishi uchun eʼtiborli boʻlishi zarur.
Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova bu borada oʻzining bir qancha tavsiyalarini berdi.
1. Qoʻl gigiyenasi – birinchi qadam.
Bolalar maktab va bogʻcha hamda jamoat transportida odamlar bilan doimiy aloqada boʻladi. Bu esa viruslarning oson tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shu sababli:
- qoʻllarni ovqatdan oldin va keyin hamda hojatxonadan chiqqach, doimo sovunlab yuvish;
- oʻtkir respirator virusli infeksiyalar (OʻRVI)ga chalingan bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash lozim.
2. Shamollaganda uyda qolish.
Kuzda gripp va OʻRVI kasalliklari havo-tomchi yoʻli orqali tez tarqaladi. Shu bois:
- bolada shamollash belgilari kuzatilsa, uyda qolishi zarur. Chunki bunday holatda maktabga borish, kasallikning boshqalarga ham yuqishiga sabab boʻladi.
3. Kiyim-kechak havoga mos boʻlishi kerak.
Kuz havosi oʻzgaruvchan. Bir kun issiq, bir kun esa salqin boʻlishi mumkin. Shuning uchun:
- mavsumga mos, yaʼni juda yengil ham, juda qalin ham kiyinmaslik;
- nam ust-boshda yurmaslik va ularni tezda almashtirish lozim.
4. Toʻgʻri ovqatlanish va kuchli immunitet.
Har bir bola mustahkam immunitetga ega boʻlishi uchun uning taomlanishiga alohida eʼtibor qaratish kerak.
Jumladan:
- ratsionda koʻproq mevalar (olma, xurmo, anor), sabzavotlar (karam, lavlagi, brokkoli, baqlajon, sarimsoqpiyoz), koʻkatlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq goʻshti, tuxum, loviya, noʻxot kabi yeguliklar boʻlishi;
- sovuqqa qarshi damlama (zanjabil, limon, asal bilan) ichish;
- turli shirinliklar, gazli va energetik ichimliklar, “chips” hamda “suxarik”larni isteʼmol qilmaslik zarur.
5. Uyqu va dam olish tartibiga rioya qilish.
Maktab yoshidagi bolalar har kuni 8–10 soat tiniqib uxlashi tavsiya etiladi. Chunki bunday hordiq immunitetni mustahkamlab, oʻqishda faol boʻlishga yordam beradi. Shu bois:
- bolalarning erta uyquga yotishi va uxlashdan avval telefon yoki planshet oʻynamasligini nazorat qilish;
- ularni har kuni bir vaqtda uxlab, bir paytda turishga odatlantirish lozim.
6. Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish.
Bolalar har kuni:
- yuz-qoʻllarini yuvishga odatlanishi;
- tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va kechqurun) tozalashi;
- kiyimlarini tez-tez almashtirishi kerak.
Agar bolalar gigiyena va salomatlik qoidalariga qanchalik erta odatlansa, har tomonlama sogʻlom boʻlib voyaga yetadi.








