JSST maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻyicha har yili 2,3 milliondan ortiq ayolga koʻkrak bezi saratoni tashxisi qoʻyiladi. Shunga qaramay, rivojlangan mamlakatlarda 40 yoshdan oshgan ayollar oʻrtasida bu kasallikdan oʻlim koʻrsatkichini 90 foizga kamaytirishga erishilmoqda.
Ammo baʼzi kam daromadli davlatlarda ushbu xastalikdan omon qolish darajasi 50 foiz va undan kam. Vaholanki, BMT 2040-yilga kelib, koʻkrak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish tashabbusini ilgari surgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri Lola Alimxoʻjayeva ushbu xastalikning oldini olish va samarali davolash yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdi.
— Bu patologiya asosan 45-65 yoshda rivojlanadi, — deydi mutaxassis. — Shu sababli ayni yoshdagi ayollarni rejali mammografik tekshiruvlardan oʻtkazib turish zarur.
Yurtimizda ushbu yoʻnalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida mamlakatimiz boʻylab 45-65 yoshdagi ayollar koʻkrak bezi saratoni skriningidan oʻtkazilishi belgilangan.
Shunga muvofiq, har yili 1,5 millionga yaqin 45-65 yoshdagi opa-singillarimizni shunday tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari koʻrilmoqda.Chunki koʻkrak bezi saratonini vaqtida aniqlash orqali bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Shuning uchun shifokorlar 50 yoshdan oshgan ayollarga har yili mammografiyadan oʻtishni tavsiya qiladi.
Oʻzbekistonda ushbu yosh toifasidagi qariyb 3 million ayol istiqomat qiladi. Bu xastalikning tarqalish koʻrsatkichi har 100 ming nafar aholiga nisbatan 12 nafarni tashkil etadi.
Shuni alohida taʼkidlashni istardikki, koʻkrak bezi saratonining erta — 1-2 bosqichlarida 10 tadan 9 ta holatda xastalikdan xalos boʻlish imkoni boʻladi.
Shu bois mammografik tekshiruvlar qamrovini kengaytirish boʻyicha “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 17-maqsadida ham alohida chora-tadbirlar belgilangan.
Bunga koʻra, koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash tizimi joriy qilinib, tuman tibbiyot birlashmalari 14 ta mammograf uskunasi bilan jihozlanadi va ular respublika yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi.
Mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun 4 ta vrach radiolog va 175 ta rentgen-laborantlar uchun shtat birliklar ajratish choralari koʻrilmoqda.