Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Izboskan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning Izboskan koʻmir ombori masʼul shaxslari aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 1007,9 tonna koʻmirni 303 soʻmdan sotilganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, amalda ushbu koʻmirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.  

Xuddi shunday, Departamentning Paxtaobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning Paxtaobod koʻmir ombori masʼul shaxslari aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 873,2 tonna koʻmirni 303 soʻmdan sotilganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, amalda ushbu koʻmirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Sayxunobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning Baxt koʻmir ombori masʼul shaxslari va boshqalar hududdagi 7 ta mahallada yashovchi aholiga imtiyozli narxda koʻmir sotilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritib, 464,6 tonna koʻmirni boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.