Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning Namangan shahri koʻmir ombori masʼul shaxslari kuz-qish mavsumida imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 4,1 mlrd soʻmlik jami 13,3 ming tonna koʻmirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, talon-toroj qilganliklari aniqlandi.
Shu kabi, Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa “Koʻmir taʼminot” MCHJning Bogʻot tumani koʻmir ombori kassiri S.K. haydovchisi E.O. va ombor qorovuli K.M. umumiy bahosi 85,5 mln soʻmlik 276 tonna koʻmirni ombordan yashirincha olib chiqib, shundan 900 kg. koʻmirni fuqaro M.X.ga 1 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, ushbu koʻmir omborida 345,8 tonna koʻmir kamomadi aniqlangan.
Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.T.S.” MCHJ masʼul shaxslari Taxtakoʻpir va Shumanay tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida koʻmir xarid qilish uchun byudjetdan ajratilgan 1,4 mlrd soʻm mablagʻlarning 340,8 mln soʻmini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.