Unga koʻra, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan boʻlib, ayni paytda “E-XSUD” elektron axborot tizimi orqali sudyalar oʻrtasida taqsimlanish jarayonidadir.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga koʻra mazkur jinoyat ishi boʻyicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy daʼvogar mavjud boʻlib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 milliard 138 million soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Ayblov xulosasiga koʻra, 4 nafar shaxs — X.D, M.M., S.H. va A.A. Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (tovlamachilik) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayblanmoqda.

Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi — 10 yildan 15  yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoyat kodeksining 243-moddasi Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish — Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, yaʼni mulk (pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyat natijasida topilgan boʻlsa, uni oʻtkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yoʻli bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, xuddi shuningdek bunday pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, koʻchirish usulini, pul mablagʻlariga yoki boshqa mol-mulkka boʻlgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash, — 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.