Hujjat Prezidentning “Kon-metallurgiya sanoati va unga bogʻliq sohalarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyundagi PQ-5159-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish Loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda - Loyiha ofisi) tashkil etiladi.

Loyiha ofisini moliyalashtirish davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyiha ofisining asosiy vazifalari:

  • xorijiy konsultantlar bilan birgalikda mis, rangli, nodir va noyob metallar boʻyicha geologiya qidiruv ishlarini kengaytirish, geologik xizmatlar bozorini rivojlantirish va misni qayta ishlash sohasida koʻp pogʻonali qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan strategik yoʻnalishlarni belgilash va ustuvor loyihalar boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
  • investitsiya shartnomalarini tayyorlash, investorlar bilan muzokaralar oʻtkazish, ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini monitoring qilish tizimini joriy etish;
  • 2022-2026-yillarga moʻljallangan mis hamda boshqa rangli va nodir metallar uchun geologiya-qidiruv ishlarining maqsadli dasturini ishlab chiqish;
  • 2022-2026-yillarga moʻljallangan mis va nodir metallar asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish zanjirini yaratish dasturini ishlab chiqish;
  • xorijiy kompaniyalar bilan kon-metallurgiya korxonalarining taʼmirlash zavodlari negizida kon-metallurgiya texnikalari va asbob-uskunalari ishlab chiqarish va taʼmirlashni tashkil etish va boshqalar.

Shuningdek, nufuzli injiniring, moliyaviy va yuridik maslahatchilar hamda xalqaro standartlar asosida foydali qazilmalar zaxiralarini baholovchi mutaxassislar ishtirokida Konsorsium tuzish toʻgʻrisidagi Taklif qabul qilindi.

Loyiha ofisi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari boshchiligida faoliyatini olib boradi.

Loyiha ofisi shtati mahalliy va xorijiy mutaxassislar, shu jumladan Konsorsium ishtirokchilari vakillaridan tarkib topgan 18 birlikdan iborat.

Shuningdek quyidagilar tasdiqlandi:

  • Loyiha ofisi tuzilmasi;
  • Loyiha ofisi boshqaruv qoʻmitasi tarkibi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 5.08.2021-yildan kuchga kirdi.

Nargiza Vohidova.