Barcha sohalar kabi togʻ-kon sanoatida ham turli ixtirolar va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish ayni haqiqatdir. Birgina Navoiy kon-metallurgiya kombinati Shimoliy kon boshqarmasi mutaxassislari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega.

Oʻtgan yillar davomida boshqarma xodimlari tomonidan 10 dan ortiq ishlanmalar uchun turli mamlakatlarning patentlari qoʻlga kiritildi. Ularning 3 tasi bugungi kunda ishlab chiqarishga joriy etilib, koʻrilgan sof foyda 600 mlrd soʻmdan ortgan.

Yaqinda konchilar tomonidan yana bir loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu Sharqiy ochiq usulda qazib olish konidagi ekskavatorlarni koʻchirib oʻtish loyihasi boʻlib, u birinchi bor muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi.

Mutaxassislarning aytishicha, ilgari konda ishlovchi ekskavatorlarni bir nuqtadan boshqasiga koʻchirish ortiqcha vaqt va mablagʻ talab qilgan. Endilikda bu ixtiro orqali ana shu muammoga yechim topildi.