Ko‘ngil xiyoboni

    Bu bogʻda oʻzbek adabiyoti bosib oʻtgan uzun yoʻlning ramziy bir ifodasi ham oʻz aksini topgan.

    Nafʼing agar xalqqa beshakdurur,

    Bilki, bu nafʼ oʻzungga koʻprakdurur.

    Alisher NAVOIY

    Mamlakatimiz poytaxtidagi Adiblar xiyoboni keyingi yillarda eng gavjum ziyo­ratgoh va adabiy anjumanlar maskanlaridan biriga aylandi. Alloma adiblar uchun yodgorliklar bunyod qilingan bu bogʻni koʻrmaganlar tomoshasiga shoshiladi.

    Tabiiyki, xayollanib, oʻy surib, ­tasavvur qilib ketadi. Kelib koʻrib haya­jonlanadi, yuksaklikdan qarab turgan hazrat Alisher Navoiy anjumanida shogirdlar ustozi huzurida hisobot berayotgandek manzaraga qarab, yaxshi kishilar hayratga tushadi.

    Darhaqiqat, bu bogʻda oʻzbek adabiyoti bosib oʻtgan uzun yoʻlning ramziy bir ifodasi ham oʻz aksini topgan. Adiblar haykallari yillar silsilasiga monand yonma-yon va ketma-ket tarzda joylashtirilganki, ular misli “majolis un-nafois” ichra istiqomat qiladi. Oʻzaro hol tilida gurung­lashadi, bir-birlariga havasla, ehtirom ila boqadi. Shu orada moziydan mahzun, ichkin va iqrorli bir ovoz keladi:

    “Yod etmas emish kishini mehnatta kishi,

    Shod etmas emish koʻngulni gʻurbatta kishi.

    Koʻnglum bu gʻaribliqta shod oʻlmadi hech,

    Gʻurbatta sevunmas emish, albatta, kishi”.

    Hijronli, iztirobli, shoir koʻngilli Boburning choʻng dardi beixtiyor yodga tushadi. “U diydordir, yemadilar, toʻydilar” deganlaridek, asrlar sarhadini, zaminning chegara chiziqlarini parchalab, maʼnaviyat bogʻida ruhan diydorlashgan shoirlar shodligi olamga taraladi.

    Vatanga sadoqat, doʻstga hurmat, xalq uchun xizmat — koʻngil xiyobonini bezaydigan noyob, nodir tushunchalarki, ijod ahlining his-tuygʻulari bilan uygʻunlashib, sheʼrga doʻnadi. Berdaq bobo tajohili orifona uslubda nasihat qila boshlaydi:

    “Berdimurod, oʻylab aytgin soʻzingni,

    Lof urib, koʻtarma quruq oʻzingni,

    Qizartmagay xalqing sening yuzingni,

    Qoʻldan kelsa xizmat ayla xalq uchun”.

    Xiyobon adabiyot abadiyatidan, insonlararo mehr-oqibatdan, millatlararo doʻstlikdan saboq beradi...

    Vatan va millat kelajagi uchun jon fido qilgan adiblarning tarixiy xizmatlari birorta ziyoratchini befarq qoldirmaydi. Xiyobon butun kuch-quvvatini xalq ichidan olgan va “quchoq ochib” xalq orasiga kirgan, ularning barcha muammolarini hal etishga intilgan, taʼlim va tarbiyasi, uygʻonishi uchun xizmat qilgan jadidlarning ibratli hayotidan lavhalarni taqdim etadi, albatta.

    Mardona, oʻychanlik aralash magʻrur turgan Abdulla Qodiriy beixtiyor oʻtgan kunlardan bugungi kunlarga qarab, “Haqiqat ochib soʻzlashdadir”, deyayotgandek boʻladi. Shu mahal alloma adibning soʻz zahmatkashlariga qarata: “Soʻz soʻylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak, yozgʻuvchining oʻzigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozgʻuvchiliq aytmakchi boʻlgʻan fikrni hammaga barobar onglata bilishda, oragʻa onglashilmovchiliq solmasliqdadir”, degan haqiqati xayolga keladi.

    Adiblar xiyoboni bogʻi — koʻngil va tafakkur bogʻi, bunda sheʼr tugʻiladi, ogʻochlar tilga kiradi, maysalar shivirlaydi — ona tuproq madh etiladi. Tabiiyki, “bunda bulbul kitob oʻqiydi, bunda qurtlar ipak toʻqiydi”. Bu muhtasham bogʻni “sal koʻrmasa quyosh” sogʻinadi, “tuprogʻida oltin gullaydi”. Bogʻdagi qaysi bir shoir oʻychan, boshqa birovi ilhom qanotida parvoz qilayotgandek namoyon boʻladi.

    Asl adiblar har bir insonni ezgulik yoʻliga daʼvat etadi, yosh yigit-qizlar el-yurt xizmati uchun kamarbasta boʻlishidan saboq beradi: “Aʼlo mamlakatning aʼlo farzandi, bilib qoʻyki, seni Vatan kutadi”.

    Adiblar xiyoboni — bu soʻlim bogʻ ulugʻvor mamlakatning mitti maʼnaviy-adabiy xaritasidir.

    Adiblar anjumanida qatnashgan zamonaning yosh isteʼdodlari qalbida yangi asarlar kurtak yozadi. Rassomi alloma adiblarning rangtasvirdagi siymosi xususida rejalar tuzadi. Kimdir yozajak musiqasi ohangida koʻngil xiyobonini oralaydi. Yozuvchi, shoir va dramaturglar bu ulugʻ adiblarning badiiy adabiyotdagi obrazlarini, ibratli hayot yoʻlini oʻz asarlari mazmuniga singdirish payida boʻladi.

    Adiblar xiyoboni — bu yam-yashil va soʻlim maskan ziyoratiga kelgan kimsalarga ijod va hayotdan, Amu bilan Sirdan, mevazor bogʻlar va ulugʻvor togʻlardan saboq beradi.

    Zero, Adiblar xiyoboni zamona ahlining tasavvuriga, yoshlar maʼnaviyati va qalbiga adabiy maʼrifat urugʻlarini sochadi. Bu maʼnaviyat goʻshalarining nihollari bugun gullab-yashnab turibdi, ertaga esa hosil beradi, albatta. Shoir aytmoqchi:

    Yurtdoshim, bogʻingga bir nihol qada,

    Niholing nomini yaxshilik ata.

    Niholing yoniga bir gul ekib qoʻy,

    U gulning nomini goʻzallik deb qoʻy,

    Gulu niholing baxsh etib hayot,

    Suv quy va bu suvga mehr deb qoʻy ot.

    Sendan farzandingga bogʻ qolsin, ey doʻst,

    Bogʻing VATAN deya nom olsin, ey doʻst!

    Bahodir KARIMOV,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, professor