Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tibbiyot sohasidagi islohotlarning barcha hududga yetib borayotgani, tibbiy xizmatning xalqqa yaqinlashtirilgani misolida o‘z ifodasini topmoqda.

Davlatimiz rahbari ishtirokida shu yilning 18 mart kuni sog‘liqni saqlash xodimlari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” shiori ostida tashkil etilgan uchrashuvda sohadagi yutuq va kamchiliklar chuqur tahlil etildi. Ko‘plab taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ularning ro‘yobi uzoq kuttirmadi, bugun hayotga tatbiq etilib, ijrosini topib bormoqda.

Prezidentimiz muloqot chog‘ida “Respublikamizda spinal mushak atrofiyasi diagnozi qo‘yilgan bemor bolalarga zarur dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimi joriy etiladi. Bunga har yili 110 milliard so‘m ajratiladi”, dedi bu boradagi muammolarga e’tibor qaratib. Oradan ko‘p o‘tmay, shu yilning 25 aprel kuni davlatimiz rahbarining “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Spinal mushak atrofiyasi — ona homiladorligi vaqtida bolada vujudga keluvchi eng ko‘p uchraydigan irsiy kasallik bo‘lib, o‘z vaqtida (6 oy ichida) muolaja o‘tkazilmasa, 2 yoshgacha bolalarda kasallik oqibati 50 foiz holatda o‘lim bilan yakunlanadi. Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kasallik yangi tug‘ilgan har 6-10 ming chaqaloqda bir holatda uchrab, ularning 50 foizi 2 yoshga yetmay, nafas yetishmovchiligi sabab vafot etadi.

Yurtimizda 77 nafar bolada ushbu kasallik tahlili namunalari tasdiqlangan. Ularning 24 foizi qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibatida, 40 foizi ikki va undan ko‘p spinal mushak atrofiyasi bilan tug‘ilgan bolali oilalarda va 36 foizi ota ham, ona ham ushbu gen tashuvchisi bo‘lgan oilalarda tug‘ilgan.

Mazkur qarorda joriy yilning 1 mayiga qadar U.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida spinal mushak atrofiyasi xastaligi bilan og‘rigan bemor bolalar uchun qo‘shimcha 10 ta koyka tashkil etish belgilangan. Bugun shifoxonada bu kasallikka chalingan bolalarga qulay shart-sharoit yaratish va ota-onalar sarson-sargardonligining oldini olish maqsadida tashkil etilgan ushbu koykalar ko‘plab dardmandlarga malham bo‘ldi.

Shifoxonaning yorug‘ va ozoda yo‘lagi bo‘ylab yurar ekansiz, barcha zarur shart-sharoitga ega xonalarda shifo topish ilinjidagi bolalar va farzandining sog‘ayishidan umidvor ota-onalarga ko‘zingiz tushadi. Ularning xastalik, tashvish horitgan yuzidagi minnatdorlikni, ertangi kunga umidni sezish qiyin emas. Zero, ota-onasi bunday og‘ir dardga chalingan bolalarni risoladagiday parvarishlay olmasligi muqarrar. Chunki bu norasidalar malakali tibbiy yordam va muolajaga muhtoj. Davlat esa ulardan bor e’tibor va g‘amxo‘rligini ayamayapti.

Shu paytgacha spinal mushak atrofiyasi kasalligiga chalingan bolalar davolanadigan aniq joy yo‘q edi. Ular har xil shifoxonalarda, tuman, viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolanardi. Qarorda bu toifa kasallarni davolash, parvarishlash jarayoni bosqichma-bosqich aniq qilib ko‘rsatildi.

Bemor maslahat poliklinikasida ko‘rikdan o‘tkazilgach, unda spinal mushak atrofiyasi aniqlansa, individual xususiyatlardan kelib chiqib, yakka tartibdagi reabilitasiya dasturi tuziladi. Bu dasturga barcha mutaxassislar ko‘rigi va murakkab laborator tekshiruvlar kiritilgan. Davolash jarayonida bemor bolaning onasi bilan muntazam suhbat olib boriladi. Uning ahvoli va davolashning samaradorligi baholanadi.

Samaradorlik past holatlarda buning sababi aniqlanadi va yakka tartibdagi reabilitasiya dasturiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Maqsad davolanish jarayonida mushak-asab tizimidagi xastaliklarni reabilitasiya qilib, bolalarning harakatchanligini oshirishdan iborat. Shifoxonada dori-darmon va ovqatlanish mutlaqo tekin, barchasi davlat tomonidan moliyalashtirilgan.

— Prezidentimiz qaroriga muvofiq, bemor bolalar patogenetik dorilar bilan muntazam ta’minlanyapti, — deydi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Hamroyev. — Bu degani mushak-asab tizimidagi reabilitasiyaga qo‘shimcha holda hamda asosiy davo sifatida patogenetik dorilar qo‘shilgani hozirgacha erishgan natijalarimiz samaradorligini bir necha barobar oshiradi va bu borada ijobiy ko‘rsatkichlarga sabab bo‘ladi.

Buxorolik Farzona Faxriddinovaga spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilganida 7 oylik edi. Hozir u 4 yoshda. Skrining markazida tashxisni ilk bor eshitgan onasining ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketdi. Gulchiroy Mirzayeva qizining rivojlanishda tengdoshlaridan orqada qolayotganidan tashvishlangan, ammo bu qadar jiddiy kasallik xayoliga ham kelmagandi. Farzandini olib bormagan joyi qolmadi. Buxoro shahridagi turli shifoxonalarda ikki yarim yil muntazam davolatdi, ammo natija bo‘lmadi. Chunki bunday tashxis qo‘yilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan shifoxonaning o‘zi yo‘q edi. Keyin Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi haqida eshitib, o‘tgan yilning noyabr oyida ilk bor shu yerga keldi. Shifoxonaga joylashtirishda biroz muammolar bo‘lgandi o‘shanda. Ammo 15 kun davomida olingan muolaja ilk natijalarini ko‘rsatdi, Farzonaning harakat tizimida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

— Mana, yana shu yerdamiz. Bolalarimizning sog‘lig‘i va kelajagini o‘ylab, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, qo‘shimcha 10 o‘rin ajratilgani bemor bolalar va ota-onalarning mushkulini oson qildi. Shifokor ko‘rigidan so‘ng zarur tahlillarni topshirib, shifoxonaga tezda joylashdik, — deydi Kogon tumanining Yangihayot qishlog‘ida yashovchi Gulchiroy Mirzayeva. — Avvallari dori-darmon qimmat, biz hamma vaqt ham sotib ololmasdik. Endi dorilar tekin berilyapti. Bu yerda yaratilgan shart-sharoit, barcha muolajalarning bepulligi, shifokorlarning xush muomalasi va maslahati, mas’uliyati o‘z samarasini beryapti. Qizim muolaja boshlanganining uchinchi kuni gavdasini

tik tutdi. Avvallari ozgina yursa, charchab qolar, zinapoyadan umuman chiqolmasdi. Bundan to‘rt oy oldin tushkunlikka tushib qolgandim. Hozir farzandim bemalol yurayotganini ko‘rib, ko‘nglimda umid uyg‘ondi. Bizga shunday umid va ishonch bergan Prezidentimizdan minnatdormiz.

“... Mendan birov bir so‘m so‘ramadi”

Sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari “Bundan buyon aholi imtiyozli yo‘llanma bilan nafaqat davlat shifoxonalariga, balki o‘zi tanlagan xususiy klinikalarga ham bemalol borishi mumkin bo‘ladi...”, degan edi.

O‘tgan vaqt davomida ushbu topshiriqni bajarish Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga ko‘ra, o‘nga yaqin nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Ular orasida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Dr. Boboyev jarrohlik markazi” ham bor. Zamonaviy jihozlangan markaz Turkiyadagi qator tibbiyot muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mamlakatimizda ilk marotaba aholiga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun mazkur klinikaga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi pul to‘ladi.

— Shu yil 18 aprelda klinikamiz Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shartnoma imzoladi va imtiyozga ega bemorlarni order tizimi asosida davolash yo‘lga qo‘yildi, — deydi “Dr. Boboyev jarrohlik markazi” direktori Qobiljon Xudoyqulov. — Bu bemorlar uchun o‘z tanloviga ko‘ra yuqori texnologiyali klinikalarda davolanish imkoniyatini bermoqda. Bemor olis hududdan poytaxtga kelib davolanishga majbur bo‘lmaydi. Natijada mablag‘i tejaladi va unga sarflanadigan davlat xarajati ham keskin qisqaradi. Yana bir ahamiyatli joyi shundaki, klinikalar o‘rtasida erkin raqobat muhiti yaratiladi va yurtimizning barcha hududida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yuksaladi.

Bugunga qadar 20 nafardan ortiq bemorda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Yana 6 nafar bemor elektron navbatda.

— Anchadan buyon sog‘lig‘im yomonlashib, buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgandim, — deydi Sarvigul Hamroyeva. — Yo‘llanma bilan xususiy shifoxonada davolanib chiqdim. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgach, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Davolash, dori-darmon, jarrohlik amaliyoti uchun mendan birov bir so‘m so‘ramadi. Hamma xarajatni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘lab berdi. Bu biz uchun juda katta yengillik bo‘ldi. Uyimizga yaqin, barcha qulayliklarga ega xususiy shifoxonada davolanib, vaqtimizni va mablag‘imizni tejadik. Hammasi uchun ko‘pdan-ko‘p rahmat.

Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosi bugun ana shu kabi misollarda o‘z ifodasini topayotir. Ezgu ishlar qamrovi kengayib bormoqda. Zotan, inson qadri ulug‘ yurtda hech kim, hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri