Bu muammo so'nggi vaqtlarda nafaqat olimlar, soha mutaxassislari, balki xalqaro tashkilotlar hamda siyosatchilar tomonidan ham insoniyat kelajagiga halokatli xavf soladigan muammolardan biri deb baholanmoqda. Hayotimizning turli jabhalarida – iqtisodiy faoliyatda, shaharsozlikda, kundalik turmushda qaror qabul qilishda ekologik omillarni hisobga olish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli, ko'plab davlatlar qatori O'zbekiston ham o'z huquqiy tizimida, avvalo, Konstitutsiyada ekologik masalalarni alohida e'tibor bilan mustahkamlamoqda.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Muqaddimasidayoq "...mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko'paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib", mazkur masalaga davlat siyosati darajasida urg'u berilayotganligi tahsinga sazovordir. Bu yondashuvni konstitutsiyaviy darajada belgilash – davlatimizning tabiat muhofazasiga nisbatan strategik qarashini aks ettiradi.
Konstitutsiyaning 49-moddasida har bir fuqaroning qulay atrof-muhitga, uning holati to'g'risidagi ishonchli axborotga ega bo'lish huquqi mustahkamlangan. Bundan tashqari, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta'minlash va atrof-muhitga zararli ta'sir ko'rsatilishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.
Iqtisodiy o'sishning an'anaviy modelidan "yashil iqtisodiyot"ga o'tish nafaqat alohida milliy iqtisodiyotni, balki butun sayyora barqarorligini belgilaydigan global tendensiyadir. "Yashil o'sish" ko'plab davlatlarning maqsadiga aylanib, global ekologik muammolarni hal qilishning muhim vositasi sifatida ularning Konstitutsiyalarida aks ettirilgan.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham davlatning barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilab qo'yilgan. Bu norma "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirish uchun konstitutsiyaviy asos bo'lib xizmat qiladi.
"Yashil iqtisodiyot" tamoyillari asosida rivojlanishning amaliy yo'nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- Atrof-tabiiy muhit obyektlaridan oqilona foydalanish va biologik resurslarning qayta tiklanishini ta'minlash;
- Iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitga va aholining salomatligiga salbiy ta'sirini pasaytiruvchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish;
- Iqtisodiyotning barcha sohalarini "yashil" iqtisodiyot tamoyillari asosida rivojlantirishga yo'naltirilgan siyosat yuritish.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, "...Konstitutsiyada ekologik huquqlari to'g'risidagi moddalarning kiritilishi "Inson qadri uchun" degan ustuvor tamoyilini to'la ro'yobga chiqarish imkonini yaratadi". Bu so'zlar ekologik muvozanat va qulay atrof-muhitni saqlashning inson qadr-qimmatini ta'minlashdagi muhim ahamiyatini yana bir bor ta'kidlaydi.
O‘zbekistonda ekologik qonunbuzarliklar bilan bog'liq muammolar ham jiddiy e'tiborni talab qilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2024 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 44,5 ming nafar shaxslar aniqlangan bo‘lib, qonunbuzarlarga 49 mlrd soʼm maʼmuriy jarima va 14 mlrd soʼm yetkazilgan zararlar hisoblangan.
Konstitutsiyaviy normalarning ekologik siyosatdagi ahamiyati
Konstitutsiyaviy normalar tizimi jamiyat va tabiatning o'zaro aloqalari chog'ida yuzaga keladigan va tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tavsifidan kelib chiqib, shartli ravishda ikki qismga – umumiy va maxsus ekologik normalarga bo'linishi mumkin. Bu tizim demokratik-huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda, davlat hokimiyati organlarining faoliyatini tashkil etishning asosiy prinsiplarini belgilashda, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini kafolatlashda, ekologik huquq-tartibotni mustahkamlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyada O'zbekiston ekologik taraqqiyot strategiyasining asosiy qoidalari, ekologik va aholining ekologik xavfsizligiga doir talablar belgilangan bo'lib, ushbu siyosiy-huquqiy hujjat mamlakatimizda atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bo'yicha eng muhim va asosiy qoidalarni belgilab beradi. Ma'lumki, konstitutsiyaviy normalarning ekologik siyosatni amalga oshirishdagi o'rni va ahamiyati beqiyos. Aynan asosiy qonunda davlat organlari va jamoat birlashmalarining ekologik faoliyatini shakllantirish bo'yicha asosiy prinsiplari mustahkamlanadi, fuqarolarning ekologik burchlari belgilanadi, jamiyatning ekologik barqaror rivojlanishining ustuvor yo'nalishlari o'rnatiladi.
Bu normalarning ahamiyati ikki jihati bilan yanada muhimdir:
- Fuqarolarning ekologik burchi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi;
- Ushbu normalar nafaqat fuqarolarning tabiatni muhofaza qilish, balki ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashga, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishga hamda ekologik xavfsizlik muammolarining oldini olishga xizmat qiladi.
Orolbo'yi mintaqasi – alohida e'tiborda
O'zbekiston Konstitutsiyasidagi ekologik normalarda Orolbo'yi mintaqasiga alohida e'tibor qaratilgan. Konstitutsiyada davlat Orolbo'yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko'rishi belgilab o'tilgan.
Bu o'zgacha yondashuv Orol fojiasining naqadar ulkan ekologik va gumanitar muammoga aylanganini, bu hududda ekologik muvozanatni tiklash butun mintaqa, qolaversa, global miqyosdagi vazifa ekanligini ko'rsatadi. Konstitutsiyada bu masalaning alohida belgilanishi davlatimizning Orolbo'yi mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etishga bo'lgan strategik qarashlari va qat'iy siyosiy irodasining isbotidir.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan ekologik-huquqiy normalar rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasiga mos bo'lib, mamlakatimizda barqaror rivojlanishni ta'minlashga, atrof-muhit musaffoligini saqlashga va aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.
Muhammadjon Tursunov,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi